Breaking News

Tramp: Xakerlik ortida Rossiya turgani aniq emas


Rossiyalik xakerlar AQShga qarshi kiber-xurujlar uyushtirgani hamda Vashingtonning javob choralari kunning muhim mavzusi bo'lib qolmoqda. Barak Obama salkam uch haftadan so'ng prezidentlikni Donald Trampga topshiradi. Yangi rahbar Kremlning sanksiyalarga bosiqlik bilan javob berganini olqishlamoqda.

Obamaning qarori bilan rossiyalik 35 diplomat oilalari bilan kuni-kecha Qo'shma Shtatlarni tark etdi. Rossiyaning ikki razvedka idorasiga qarshi sanksiyalar e'lon qilindi. Shuningdek, Merilend va Nyu-York shtatlarida Rossiyaga tegishli obyektlar yopiladi.

AQSh rahbari yangi yil oldidan o'z qarorini e'lon qilar ekan, Moskva xakerlar yordami bilan Amerika saylov tizimiga aralashishga uringaniga shubha yo'q, dedi.

Ammo yangi prezident Donald Tramp qarorni savolga tutmoqda.

"Xakerlik haqida juda yaxshi bilaman. Bunday qora ishlar ortida kim turganini aytish qiyin. Bundan tashqari, bu ish bo'yicha menda ommaga e'lon qilinmagan ma'lumotlar bor", - deydi Tramp.

AQShdagi ikki yirik partiya, demokrat va respublikachi qonunchilar Oq uy qaroridan mamnun va Barak Obamani quvvatlamoqda. Kreml, deydi ular, sanksiyalarga loyiq va bundanda kuchliroq qadamlar tashlanishi lozim.

Kongressmen Adam Shiff deydiki, AQShning o'nlab razvedka agentliklari xakerlik hujumlari ortida Rossiya turgani haqida xulosa qilgan. Kongress a'zolari ham bu xulosaga qo'shiladi. Ko'rinishidan, faqatgina Donald Tramp o'z mamlakatining razvedkasiga ishonmayapti, deydi qonunchi.

Trampning maslahatchilariga ko'ra esa u Obama ma'muriyati to'plagan isbot-dalillarni hali ko'zdan kechirgani yo'q. Tramp shu hafta razvedka rahbarlari bilan uchrashib, faktlar bilan tanishadi. Buning ustiga, xakerlikka qo'l urgan faqat Rossiya emas.

Tramp so'zlovchisi Shon Spayser so'zlariga ko'ra, 2015-yilda Xitoy AQShdan milliondan ziyod nozik hujjatlarni o'g'irlagan. "Federal xizmachilarning shaxsiy ma'lumotlari xakerlar qo'liga tushgan edi. Oq uy o'shanda lom-mim demagan", - deydi Spayser.

Qonunchilar nazarida esa maxfiy ma'lumotlarni o'g'irlash hamda saylov yilida nozik informatsiyani fosh etish o'rtasida katta farq bor.

"Gap shundaki, Rossiya ma'lumotni o'g'irlab, undan qurol sifatida foydalandi. Saylov natijasiga ta'sir o'tkazish maqsadida uni internetda chop etdi. Xitoy bunday ishga hech qachon qo'l urmagan", - deydi kongressmen Adam Shiff.

Prezident Vladimir Putin javob tariqasida amerikalik diplomatlarni ham haydashi kutilgan edi, biroq bu yo'ldan bormasligini aytdi.

"Dunyoning barcha davlatlari bilan do'stona aloqa o'rnatamiz, jumladan Rossiya va Xitoy bilan", - deya Putinni maqtamoqda Tramp.

U 20-yanvar kuni prezidentlik qasamyodini qabul qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG