Trampdan to'ygan ayrim respublikachilar uni poygadan olishni taklif etmoqda

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp

Donald Tramp

AQShda prezidentlikka nomzod Donald Trampning 2005-yilda ayollarga nisbatan aytgan shahvoniy gaplari bitilgan video yuzaga chiqqach, Respublikachilar milliy qo'mitasi uni poygadan chiqarish haqida o'ylanmoqda.

Ayni damda qo'mita huquqshunoslari buning huquqiy yo'llarini o'rganmoqda, biroq, deydi ular, Trampni poygadan chiqarish uchun avvalambor uning o'zi bunga ko'nishi kerak. Biroq tadbirkor saylovga bir oy qolganda nomzodlikni boshqasiga topshirmoqchi emas.

Uning nazarida unga qarshi ishlatilayotgan video saylovchilarni asosiy muammolardan chalg'itishga qaratilgan. Demokratlardan nomzod Xillari Klinton so'rovlarda to'rt foiz oldinda.

9-oktabr kuni ikki asosiy da'vogar Missuri shtatida ikkinchi teledebatda yuzlashadi. Respublikachilar milliy qo'mitasi Trampga qarshi harakatdan o'zini tiymoqda, aks holda bu uning reytingini yanada tushirib yuborishi mumkin, deydi kuzatuvchilar. Qo'mita kelasi 48 soat ichida saylov strategiyasini qayta ko'rib chiqishi kutilmoqda.

Trampning aytishicha, Xillari Klintonning turmush o'rtog'i, sobiq prezident Bill Klinton uzoq yillar davomida shilqimlik qilgan, uni bu ishda ayblagan ayollarni esa Xillari so'ng taq'ib etgan.

"Ayrim ahmoqona gaplarni aytganimni tan olaman. Ammo aytilgan gap va qilingan ish o'rtasida farq katta. Men faqat gapirdim, Bill Klinton esa ayollardan foydalandi va Xillari ularga do'q-po'pisa qildi, qo'rqitdi, hujum qildi", - deydi Tramp, o'zini himoya qilar ekan.

Nomzod bayonot chiqarib, o'tmishdagi bu qilmishlari uchun uzr so'radi. Shunga qaramay, ayrim respublikachilar uning saylov kampaniyasini davom ettirishiga qarshi. Biroq Trampning o'rniga kimni qo'yish xususida bir fikr yo'q.

Gap yana shundaki, AQShda erta ovoz berish boshlanib, shu paytgacha 400 ming odam ovoz berib bo'lgan, jumladan davlat rahbari Barak Obama ham (juma kuni Chikagoda). Byulletenlarda respublikachilardan Donald Tramp (prezidentlikka) va Mayk Pens (vitse-prezidentlikka) ismlari bitilgan.

Pens ham Trampning 2005-yilgi videoda aytgan so'zlarini qoralab, bu kabi izohlarni himoya qila olmasligini aytdi. Nufuzli senator Jon Makkeyn esa Trampga bildirgan xayrixohligini qaytib oldi. Yana bir respublikachi, prezidentlikka sobiq nomzod Mitt Romni ham tanqidiy fikr bildirdi.

Bugungi teledebat Tramp uchun hal qiluvchi bo'lishi ham mumkin. Agar u debatda o'zini yaxshi ko'rsatsa, poygada qolishi mumkin, aks holda saylovdan chiqishiga da'vatlar kuchayib, katta bosim ostida qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG