AQShdagi saylov natijasi dunyoda aks-sado bermoqda

  • Amerika Ovozi

Iroqdagi gazeta muqovasi

Iroqdagi gazeta muqovasi

Donald Trampning AQSh prezidentlik saylovida g’alaba qozonishi xalqaro maydonda aks-sado bermoqda. Jahon yetakchilari endi AQShning dunyo voqealaridagi ishtiroki qanday bo’lishi haqida o’ylanmoqda. Ayniqsa, Yaqin Sharq mamlakatlari jiddiy xavotirda. Chunki Tramp o’tgan yili musulmonlarning AQShga kirishini vaqtincha to’xtatib turish taklifi bilan chiqqan edi.

Iroq Kurdistoni markazi Irbil shahrida siyosatchilar jiddiy tashvishda. Tramp prezident etib saylanishi ortidan ularning mustaqil davlat qurish orzulariga raxna tushgandek. Chunki respublikachi nomzod mintaqa xalqlarining orzu-umidlariga jiddiy e’tibor qaratmasdan, asosiy maqsadi “Islomiy davlat”ni yakson qilishdangina iborat bo’lishini aytgan edi.

“IShID jangarilarini yengish uchun Trampning sirli rejasi qanday? U “Islomiy davlat”ni sanoqli kunlarda yer tishlatishini aytib kelayotgan edi. Shundoq ham ularni yengishda muvaffaqiyatga erishyapmiz. U nimani o’zgartirishi mumkin?” – deya so’raydi Kurdiston Prezidenti Mas’ud Barzoniyga yaqin bo’lgan rasmiylardan biri.

Tramp Iroqda nima qilishi haqida hali aniq taklif bermagan, lekin kurdlar bilan yaqin ishlashini aytgan. Irbildagilar hozir shundan taskin qidirmoqda.

Trampdan nimalarni kutish mumkin?

Yangi prezident haqida kurdlar hozir faqat taxmin va umidlarga berilmoqda, xolos.

Nomzodning shu yil fevral oyida arab-Isroil mojarosida betaraf bo’lishi haqida aytganlari ko’plab arablarga umid bergan edi. Isroil va amerikalik yahudiylar esa bunday qarashdan tashvishga tushgan.

Ayni paytda u isroilparast doiralar qo’llovini olish uchun AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirishi haqida ham aytgan. Bu esa Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga xush yoqadigan taklif.

Shuningdek, Tramp yordamchilarining yaqinda “Times of Israel” nashriga aytishicha, yangi prezident Tel-Aviv bilan aloqalarni iliqlashtirish yo’lidan boradi va Falastin mojarosini yechishda “Ikki davlatchilik” mavzusiga alohida e’tibor qaratmaydi. Shu masalani deb o’tgan sakkiz yil davomida Obama ma’muriyati va Isroil o’rtasida ziddiyatlar kuchaygan edi.

Ammo Trampning ko’plab nutqlarida tashqi siyosat masalasida keskin va radikal o’zgarishlarni amalga oshirish taklifi bilan chiqishi xalqaro hamjamiyatni junbushga keltirishda davom etmoqda.

Undan farqli o’laroq, Hillari Klinton ko’pchilikka yaxshi tanish arbob edi. Tashqi siyosatda tajriba va malakali jamoaga ega nomzod, agar prezident etib saylansa, Yaqin Sharqda barqarorlik o’rnatishga qaratilgan siyosatni davom ettirishi kutilayotgan edi.

Ammo kutilmaganda Klinton xonim saylovni boy berib qo’ydi. Endi hamma Trampni kuzatishni va o’rganishni boshlamoqda.

Milliarder nomzod ilgari davlat lavozimlarida ishlamagan. Tashqi siyosatda hech qanday tajriba va malakali maslahatchilarga ega emas. Saylov kampaniyasi davrida ham tashqi siyosatga doir aniq bir dasturni taqdim etmadi. Uning xalqaro siyosatga oid bahsli gaplari hatto respublikachi arboblar qarshiligiga uchradi.

Oq uyga kelgach, Tramp hammasini boshidan boshlashiga to’g’ri keladi.

Eron bitimi

Donald Tramp saylov kampaniyasi davrida Eron bilan tuzilgan yadro kelishuvini keskin tanqid qilgan nomzodlardan biri sifatida tanildi. U bu kabi bitimlarni tuzishda AQSh manfaatlarini birinchi o’ringa qo’yishini va shu hisobga olinmagan barcha shartnomalarni qayta ko’rib chiqishini aytgan.

Tramp g’alaba qozongani haqida xabarlar e’lon qilinishi ortidan Ruminiyada safarda bo’lgan Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif qisqa bayonot berib, AQSh prezidentini bugungi dunyo realliklarini tushunishga undadi.

Eron va Amerika rasman siyosiy aloqalarga ega emas, ammo AQSh prezidenti yadro dasturi bo’yicha mavjud kelishuv shartlariga rioya qilishi muhim, dedi u.

Saylov o’tishi bilan dunyo yetakchilari Trampni g’alaba bilan tabriklashga shoshildi. Yangi prezidentni birinchilardan bo’lib tabriklaganlar orasida Turkiya rahbari bor. Anqara Vashingtondagi yangi hukumat 15-iyuldagi muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy isyon ortida turgani aytilayotgan Fathulla Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishini umid qilmoqda.

Suriya urushi

Prezident Bashar Assadga qarshi Suriyada kurash olib borayotgan isyonchilar eng ko’p xavotirlanayotgan bo’lsa ajab emas. Chunki Tramp bu urush va uning ortida turgan maqsadlar haqida salbiy munosabatda bo’lib kelgan.

Tramp Assad rejimini yoqtirmasa ham, “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda Suriya hukumati va Rossiya bilan birga ishlashga tayyor ekanini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG