Breaking News

Tramp strategik maqsadlar sari intilmoqda


Trampning sunniy yetakchilar bilan uchrashuvi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:06 0:00

AQSh Prezidenti Donald Tramp to'qqiz kunlik safar davomida dunyoning uch yetakchi dini uchun muhim sanalgan davlatlarda bo'lib, Yaqin Sharq muammolariga avvalgi prezidentlardan farqli yondashishini ko'rsatishga urinmoqda. Ayni paytda u Eronga qarshi sunniy musulmonlar koalitsiyasini kuchaytirish niyatida.

Saylov kampaniyasi davrida Tramp Saudiya Arabistonini ham tanqid qilgan edi.

Shuningdek, musulmonlar immigratsiyasini to'xtatish va ayrim musulmon o'lkalardan hech kimni kiritmaslik qarori islom olamini darg'azab qildi.

Shunga qaramay, Tramp ilk xorij safarini Riyoddan boshladi.

"Saudiya Arabistoni islomdagi eng muqaddas ikki maskanning sohibi. Ekstremizm, terrorizm va zo'ravonlikni yengish uchun musulmon ittifoqchilarimiz bilan hamkorligimizga shu yerda yangi poydevor quramiz", - dedi u.

Tramp uchun bu obro'sini yaxshilash uchun bir imkoniyat.

Riyodda uni musulmon dunyosining 54 rahbari kutib oladi: qirollar, amirlar va prezidentlar.

Trampning aytadigan yana bir gapi shu: mintaqada sunniylarning asosiy raqibi bo'lgan Eronga qarshi AQSh ularni qo'llab-quvvatlaydi.

"U arab va musulmon hamkorlarimizni tinchlikni targ'ib qilishga, IShID, Al-Qoida, Erondan tortib Assad rejimigacha musulmon dunyosida zo'ravonlik va boshboshdoqliklarga sabab bo'layotganlarga qarshi dadil qadamlar tashlashga undaydi", - dedi milliy xavfsizlik bo'yicha Tramp maslahatchisi Makmaster.

Inson huquqlari faollari Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an kabi avtoritar rahbarlarni qabul qilgani uchun Trampni qoralamoqda.

Barak Obama inson huquqlariga oid vaziyat og'ir bo'lgani bois sunniy davlatlar yetakchilari bilan yaqin bo'lmagan edi.

"Obama Qohiraga borganda, Yaqin Sharq xalqiga qarata to'g'ridan to'ri murojaat qilgan edi. Donald Trampning qarashi boshqacha. U yetakchilarga murojaat qilmoqchi. U shuni afzal ko'radi", - deydi tahlilchi Robert Satlof.

Vashingtondagi Arabiston jamg'armasi eksperti Ali Shihabining aytishicha, Tramp aytadigan gaplar sunniy yetakchilarga moydek yoqadi.

"Uning aytadigan gaplari shunday bo'ladi: Amerikaning musulmon ittifoqchilari terrorizmga qarshi kurashda birinchi mudofaa qatori bo'lishini u tushunishini aytadi. U terrorizmni to'xtatishda Eronning Yaqin Sharqda o'z siyosiy maqsadlarini olg'a surishiga yo'l qo'ymaslik muhim ekanini ham tushunishini qayd etadi", - deydi Shihabi.

Tramp Riyoddan so'ng Isroilga boradi, keyin esa Vatikanga. Bu uch davlatda musulmon, yahudiy va nasroniylar uchun muqaddas bo'lgan hududlar joylashgan. Tramp AQShga qaytish oldidan NATO va "Katta yettilik" sammitlarida ham qatnashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG