Hisobot: Jurnalistika tahdid ostida

  • Amerika Ovozi

Yangi hisobotda qayd etilishicha, tahliliy jurnalistika dunyo bo’ylab tahdid ostida. Bunday faoliyatni olib boruvchi muxbirlarning jismoniy tazyiqlarga uchrashi hamda ommaviy axborot vositalari byudjetining qisqarayotgani buning asosiy sabablaridan.

“Senzura indeksi” nomli jurnal e’lon qilgan hisobot “Xavfning haqiqati va haqiqat xavf ostida” deb nomlanadi. Uni Reychl Jolli tayyorlagan.

“Qilichning ikkita tomoni bo’ladi, shunday emasmi? Jurnalistlar har tomondan hujum ostida. Turli bosimlar, nafaqat jismoniy zo’ravonlik, balki jarima, ruhiy tazyiqlar ham bor. Yillar shu tarzda o’tib borar ekan, qolganlarimiz haqiqat nima ekanini bilmay qolishimiz xavfi bor. Chunki jamoatchilikka haqiqatni aytish tobora xavfli bo’lib boryapti. Nafaqat jurnalistlar, balki haqiqatning o’zi xavf ostida”, - deydi u.

Jismoniy hujumlar sirasiga qotilliklar va odam o’g’irlash kiradi. Jurnalistlarni himoya qiluvchi qo’mita ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili 73 jurnalist o’ldirilgan. Ushbu hisobot tayyorlanayotgan bu yilning o’zida 17 muxbir halok bo’ldi.

Iroq kabi davlatlarda jurnalistlarni xavfsizlik bo’yicha treningdan o’tkazish nafaqat zarur, balki xavfli zonalarda ishlovchi jurnalistlar va faollar haqida qayg’uruvchi tashkilotlar uchun majburiyat bo’lishi kerak, deyiladi hisobotda.

Hujjatda qayt etilishicha, jurnalistlarni ektremist yoki terrorchi sifatida ayblab, hukumat ularning ovozini o’chirishga urinishi holatlari ham ko’paygan. Ayrim davlatlarda rasmiylarni tanqid ostiga oluvchi materiallar tayyorlash taqiqlangan. Moliyaviy yo’qchilikning ham ta’siri katta, deydi Jolli.

“Moliyaviy masalalar jurnalistikani o’zgartirayotgani tahdidlardan biri. Kamdan-kam jurnalistlar chuqur tahliliy reportajlar tayyorlayapti. Materiallarni tez yozib tugatish bosimi ostida ishlashadi. Shu bois jurnalistik surishtiruvga asolangan ishlarni ko’rmayapmiz”, - deydi u.

Gazetalarning ham byudjeti qisqarib bormoqda. Natijada 1970-yillardagi “Uotergeyt mashmashasi” kabi jurnalistik tekshiruvlarni ortiq kutmasa ham bo’ladi, deydi Jolli. Bu mashhur ish Prezident Niksonni iste’fo berishga majburlagan bo’lsa, boshqa bir jurnalistik surishtiruvda katolik cherkovi ruhoniylarining bolalarga jinsiy tazyiq o’tkazishi fosh qilingan.

“Jurnalistlarning kunlab ishlashi, kata-katta hujjatlarni varaqlab, har bir tafsilotini o’rganib chiqishi holatlari tobora kamayib bormoqda. Albatta, bu ishni qilayotan ayrim jurnalistlar hanuz bor, lekin ular soni va shunday jurnalistika bilan shug’ullanish ishtiyoqi yo’qolib ketyapti”, - deydi Jolli.

Unga ko’ra, ijtimoiy tarmoqlar ham yangiliklarning yoritilishiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

“Ijtimoiy tarmoqlar ma’lumot topish uchun juda foydali kashfiyot. Ammo ikkinchi tomondan, u ma’lumot yo’lini to’sishga ham xizmat qilmoqda. Ayrim hukumatlar propaganda mashinasi uchun katta pul sarflab, jurnalistlarga hujum qilish, ularning ishlarini yomonotliq qilish kabi faoliyatlar bilan shug’ullanmoqda”, - deydi hisobot muallifi.

Jurnalistlar bugun kuzatuvchi va xabar beruvchi maqomini qo’ldan boy bermoqda, deydi Jolli. “Islomiy davlat” kabi jangari guruhlar ham bugun o’z matbuotiga ega va ular o’z xabarlarini odamlarga to’g’ridan to’g’ri yetkazmoqda.

Boshqa tomondan, mashhurlar hayotini yoritishga ixtisoslashgan ko’ngilochar jurnalistika rivojlanib borayotgani qayd etilgan.

Fuqarolar sustligi ham muammoning bir qismi, deydi Jolli. Uning aytishicha, agar odamlar hukumat nima qilayotgani haqida ko’proq ma’lumot olishni talab qilsa, matbuot shu kabi muhim ishlarga jiddiyroq e’tibor qaratadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG