Yaponiyani kuchli tsunami urgan, yana bir necha mamlakatlar tahdid ostida

  • Amerika Ovozi

Yaponiyaning Natori shahridagi manzara

Yaponiyaning Natori shahridagi manzara

Tinch okeanida vujudga kelgan tsunami, suvosti zilzilasi bugun Yaponiyaning shimoli-sharqiy qirg'oqlarini qaqshatgan. Yuzlab insonlar nobud bo'lgan.

Zilzila 8,9 balda ro'y bergani ma'lum. Minglab xonadonlar yuvilib ketgan. Strategik korxona va inshootlar vayron bo'lgan.

Bosh vazir Naoto Kanning aytishicha, talofat ko'lami juda katta, lekin mamlakat o'zini tiklashga qodir. Yaponiya o'tgan bir yarim asrda bunday dahshatli zilzilani boshdan kechirgan emas.

Qo'shma Shtatlar rahbari Barak Obama Naoto Kanga qo'ng'iroq qilib, ko'mak taklif qilgan. Insonparvarlik yordami ortilgan bir necha samolyot Yaponiya tomon yo'l olgan.

"Amerika xalqi Yaponiyaga chuqur hamdardlik bildiradi. Nimaiki kerak bo'lsa, biz tayyor",- dedi Obama bugungi bayonotida.

Vashington Yaponiya yadroviy inshootlarini himoya qilish bobida ko'maklashishga bel bog'lagan. Sistemalar xavfsizligini ta'minlash nafaqat Yaponiya balki butun dunyo tinchligi uchun muhim, deydi Obama.

Filippin, Tayvan, Indoneziya, Australiya, Papua Yangi Gveneya and Yangi Zelandiya tsunami xavfi ostida. Tinch okeanidagi 53 davlat va orol taqdiri haqida gap ketmoqda.

Filippinda minglab aholi evakuatsiya qilingan. Tayvanda ham shu holat. Rossiyaning Kuril orollarini ham tsunami urgani haqida xabarlar bor. 11 ming aholi ko'chirilgan.

Tsunami Yangi Zelandiya va Avstraliyaga shanba kuni ertalab yetib borishi kutilmoqda.

Ayni damda AQShning Gavayi orollari bu ofat bilan yuzlashmoqda. Hududda favqulodda holat e'lon qilingan.

2004 yilda Hind okeanidan kelgan tsunami Osiyo bo'ylab 200 ming insonning hayotiga zomin bo'lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG