Inqilobdan keyingi Tunis kelajagi hanuz mavhum

  • Amerika Ovozi

Arab bahorini boshlab bergan Tunisda erkin saylovlar o’tganiga ham qariyb bir yil bo’ldi. Mamlakatning to’la demokratiya yo’liga chiqishi oson kechmayapti. Iqtisodiy muammolar ko’p. Hukumatda birdamlik yo’q. Kelajak haqida tunisliklar tinimsiz bahslarga ko’milgan.


Oqshomda Tunis kafelari gavjum. Qahva ichib yoki chilim chekib o’tirgan xo’randalar siyosatdan ham bahs yuritadi.

Shaharda hayot yana iziga tushgan. Onda-sonda ko’zga tashlanadigan simto’siq va zirhli tanklarni hisobga olmaganda, o’tgan yilgi inqilob asoratlarini hozir ko’chalardan topish qiyin. Ammo kelajakdan tashvishlanayotganlar ko’p.

19 yoshli talaba Miriyam Krichaning aytishicha, universitet diplomi bilan ham hozir ish topish qiyin. Ayniqsa, ayollar uchun.

Ish qidirib yurganlar faqat yoshlar emas. Sobiq vazir va diplomat Xotim Bin Salimning aytishicha, hukumat eski rejim davridagi tajribali kadrlardan foydalanmayapti.

“Ular Tunisni rivojlantirishni, davlat qurishni istashgan edi. Endi ular nima bo’layotganini chetdan kuzatib o’tirishibdi, xolos, jarayondan chetlatilgan”, - deydi u.

Bin Salimga ko’ra, Tunisning kelajagi haqida hozir bir gap aytish qiyin. Iqtisodiy muammolar ko’p.

Sayyohlar tashrifi yana boshlangan, ammo ilgarigidek emas. Xizmat ko’rsatish va xavfsizlikni ta’minlash izdan chiqqan.

Hukumatdagi “An-Nahda” partiyasi yetakchisi Rashid G’anushining aytishicha, siyosiy va iqtisodiy muammolarga qaramasdan, mamlakat oldinga qarab intilmoqda.

Demokratiya yo’liga chiqish oson emas, deya tan oladi G’anushi. Yarim asrlik diktaturadan so’ng xalq ozodlik va tartib o’rtasida qanday muvozanat saqlashni endi o’rganmoqda, deydi u.

Ammo bu muvozanatni saqlash oson emas. Mamlakat, iqtisodiy muammolardan tashqari, siyosiy va diniy ziddiyatlarga ham yuz tutgan.

Arab siyosati instituti rahbari Faris Mabrukka ko’ra, hozir inson huquqlari, fuqarolik jamiyati va unda hukumat roli bo’yicha bahs-munozaralar davom etmoqda.

“Aniqrog’i, bizga qanday demokratiya kerak, shu haqda muhokama ketyapti. Biz qandaydir yangi, ilgari ko’rilmagan tajribani boshimizdan kechiryapmiz”, - deydi Mabruk.

Yangi va yosh demokratik davlatda islomning roli qanday bo’lishi kerak? Bu Tunisdagi eng bahsli mavzulardan biri. Ayrim huquq faollarining tashvish bilan aytishicha, konservativ diniy qarashlar yana so’z erkinligi va ayollar huquqining toptalishiga olib kelishi mumkin.

Ekstremist qarashlarning siyosatga sizib kirishi eng ko’p tashvish uyg’otayotgan masalalardan. Salafiylar nafaqat ko’chalarda, balki siyosatda ham faollashgan.
Tunis Inson huquqlari ligasi a’zosi Muxtor Trifi fikricha, diniy guruhlarning siyosatdagi ishtiroki tobora kuchayib bormoqda.

“Ekstremistlar sekin-asta o’z qarashlarini o’tkazishga urinmoqda. Ba’zan kuch ishlatish yo’li bilan, ba’zan qo’rqitish orqali”, - deydi u.

G’anushiga ko’ra, salafiylar ham qonun doirasida o’z qarashlarini olg’a surish va siyosiy partiyalar tuzish huquqiga ega. Fikr erkinligi inqilob bizga in’om etgan eng katta ne’mat, deydi u.

Ayrimlar nazarida Tunisning demokratiya yo’liga chiqishi kutilganidan ko’ra ko’proq vaqt olmoqda. Parlament oktabr oyigacha yangi konstitutsiyani ishlab chiqishi kerak. Kelasi yil boshida yangi saylovlar o’tkazilishi rejalangan. Ammo bularning o’z vaqtida amalga oshishiga shubha bilan qarovchilar ko’p.

Ammo ko’pchlikning kelajakdan umidi katta. Muhammad Auni ham shular jumlasidan.

Bu yosh yigitga ko’ra, inqilobning ijobiy mevasini ko’rish uchun vaqt kerak. Buning uchun kutishga rozimiz, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG