Tunisda xalq hukumat iste’fosini talab qilayapti

  • Amerika Ovozi

Tunisda islomchilar ustuvor hukumatga qarshi tanqidlar kuchayib borar ekan, eng yirik kasaba uyushmasi ham uni tarqatishga chaqirmoqda. Shimoliy Afrikadagi bu kichik davlat Misrda bo’lgani kabi g’alayon bilan yuzlashmoqdami?

Tunisda liberal muxolifatchi o’ldirib ketilgani xalqni junbushga keltirdi. Minglab a’zolik kasaba uyushmasi hukumatni tarqatib, yangi saylovlar o’tkazish talabini qo’llab-quvvatlamoqda.

Bu chaqiriqlarga qaramasdan, “Innahda” diniy partiyasi hukumatdan chiqmoqchi emas. Ammo Bosh vazir Ali Larayed parlament saylovlari 17-dekabrga belgilanganini e’lon qildi.

Mazkur sana ramziy ma’noga ega. Bundan uch yil ilgari Tunis markazida bir sotuvchi yigit o’ziga o’t qo’yib, shaharda to’polon boshlangan edi. Mintaqada arab bahoriga turtki bergan voqea deb shuni eslashadi.

Tunis hukumatining taklif-tashabbuslari muxolifatni qoniqtira olgani yo’q.

Al-Massar partiyasi a’zosi Nadia Chaban fikricha, saylovlar nomiga belgilandi, xolos. To’polon-norozilik boshlandimi, hukumat saylov vaqtini o’zgartirishga o’rganib qolgan, deydi u.

Aksar kuzatuvchilar nazarida Tunis 2011-yilgi inqilobdan beri eng jiddiy siyosiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Joriy yilning o’zida muxolifatdan ikki siyosatchi joniga qasd qilindi. Hafta boshida esa Jazoir bilan chegarada isyonchilar sakkiz zobitga hujum qilib, ularni o’ldirgan.

Arab siyosati instituti rahbari Fares Mabruk Tunisning amaldagi hukumati baribir tarqab ketadi, deydi.

“Bosim kuchli, xalq rahbarlarni tinch qo’ymaydi. Rahbariyat ketishi yoki aniq bir reja bilan chiqishi kerak”, - deydi Mabruk.

Tahlilchi fikricha, avvalo saylov sanasi aniq belgilanishi shart. Chunki turli tashabbuslar e’lon qilinaverib, hukumatga ishonch qolmagan.

Tunis boshdan kechirayotgan voqealar ayrim jihatlari bilan Misrni eslatadi. Bu davlatda harbiylar Musulmon Birodarlar harakati vakili Muhammad Mursiyni prezidentlikdan chetlatgan. Lekin Tunisda, deydi suhbatdosh, armiya azaldan siyosatga aralashmaydi.

“Tunisda fuqaro urushi boshlanib ketadi degan fikrdan yiroqman, biroq saylovgacha zo’ravonliklar sur’ati oshishi tayin. Kelasi bir necha oy juda murakkab kechadi”, - deydi Arab siyosati instituti rahbari.

Fares Mabruk Tunis o’z yo’lini topishiga hamda arab dunyosiga namuna bo’lishiga ishonadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG