Tunis: Hukmron islomiy partiya tenglik, demokratiya va’da qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Tunis: Hukmron islomiy partiya tenglik, demokratiya va’da qilmoqda

Tunis: Hukmron islomiy partiya tenglik, demokratiya va’da qilmoqda

Yaqin Sharqda inqiloblarni boshlab bergan Tunisda ilk demokratik saylovlar bo’lib o’tdi, ammo natijadan norozilar ko’p.

G’alabani qo’lga kiritgan “An-Nahda”, islomiy uyg’onish partiyasi shariatga asoslangan jamiyat barpo etmoqchi degan qo’rquv mavjud. Saylov ketidan yuzlab odam namoyishga chiqqan.

So’zga chechan, orasta kiyingan Suad Abdurahim siyosiy yig’ilishlarda islomiy harakatning mo’tadil, zamonaviy timsoli sifatida gavdalanadi. “An-Nahda”ning g’alabasi ketidan u mamlakat kelajagini hal qiluvchi Ta’sis Kengashiga a’zo bo’lib kirdi.

47 yoshli Suad Abdurahim ikki farzandning onasi, siyosatga endi qadam qo’ymoqda.

“An-Nahda” bir qoloq, jaholatda qolgan guruh bo’lganida unga a’zo bo’lib kirmagan bo’lardim. Bu noto’g’ri tasavvur”, - deydi faol.

"An-Nahda" partiyasi rahbari Rashid G'anuchiy

"An-Nahda" partiyasi rahbari Rashid G'anuchiy

Tunisda uzoq yillar man etilgan bu partiya bugun tenglik, mo’tadillik va xilma-xillikni e’tirof etadi, Turkiyani musulmon dunyosiga namuna deb ko’rsatadi. So’zlovchisi Yusra G’anuchiyning aytishicha, “An-Nahda” har sohada xotin-qizlar manfaatini olg’a suradi. Masalan, burqa kiyish yoki kiymaslik ularning o’ziga havola.

“Ayollar qanday kiyinishi bilan davlatning nima ishi bor. Bu shaxsiy masala”, - deya ishontirib aytadi u.

Lekin ayrimlar nazarida, Tunis endi islomiy davlatga aynalishi turgan gap. Qo’shni Liviyada shariat joriy etildi. Jazoir ham 1990-yillarda diniy isyonchilar bilan kurashgan.

“An-Nahda” ning saylov g’alabasi e’lon qilingach, Tunisning Sidi Buzid shahrida olomon partiya idorasiga hujum qilgan. Politsiya ularni tarqatish uchun ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llagan.

Huquq faoli Hadija Sharif hukumat bilan ayollar haq-huquqi masalasida hali ko’p tortishamiz, ko’rasiz, deydi.

Tunis: Hukmron islomiy partiya tenglik, demokratiya va’da qilmoqda

Tunis: Hukmron islomiy partiya tenglik, demokratiya va’da qilmoqda

Uning aytishicha, “An-Nahda” xotin-qizlar manfaati uchun kurashishiga ishonish qiyin. “Lekin biz shu kungacha erishgan yutuqlarimizni osongina berib qo’ymaymiz”.

Nyu-Yorkda asoslangan “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti vakili Erik Goldshteyn ta’biricha, xavotirlar bejiz emas.

“Islomiy partiya rahbariyati xalq istagi bilan hisoblashashini aytib kelmoqda. Ayollarni yuzini yopishga majburlamaymiz, spirtli ichimliklarga taqiq qo’ymaymiz, deyishgan. Ammo partiyaning quyi qatlami, ayniqsa mullalarning va’zini eshitsangiz qo’rqib ketasiz”, - deydi Goldshteyn.

Mahalliy jurnalist Haytem al-Makkiy nazarida esa islom dini haqida vahima tarqatayotgan aslida G’arb davlatlari.

“Islomiy kuchlar ham siyosiy sahnada barcha bilan teng raqobatlashadi. Demak, ularga obyektiv baho berish kerak. To’g’ri ish qilishsa maqtaymiz, xato qilishsa tanqid qilamiz”, - deydi jurnalist.

Tunis: Hukmron islomiy partiya tenglik, demokratiya va’da qilmoqda

Tunis: Hukmron islomiy partiya tenglik, demokratiya va’da qilmoqda

“An-Nahda” xalqni o’ziga ergashtira olgani haqiqat. Ko’pchilik unga ovoz bergani Tunisda konservativ qadriyatlar hamon ustun ekanidan darak, deydi siyosatchi Suad Abdurahim.

“Dunyoviy partiyalar, xususan, jinsiy erkinlik, nikohsiz farzand ko’rishni ham hurlik deb bilishadi. Urf-odatlarimizga mutlaqo zid narsa bu. Gomoseksualizm va kofirlar bilan turmush qurish ham shu”, - deya tushuntiradi “Ah-Nahda” a’zosi.

Ammo ish joyida erkak va ayol teng bo’lishi, hamda Tunis yangi hukumatida xotin-qizlar yuqori pog’onalarda o’tirishi kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG