Breaking News

Tunisdagi Yasmin inqilobi ortida yoshlar va internet turibdi


Tunisda avtoritar prezident Zin al-Abidin Ben Alini qochirgan namoyishlar ortida yoshlar, internet ixlosmandlari, bloggerlar turgan.
Tunisda avtoritar prezident Zin al-Abidin Ben Alini qochirgan namoyishlar ortida yoshlar, internet ixlosmandlari, bloggerlar turgan.

Tunisdagi bu kiber-qo’zg’olon arab dunyosida takrorlanishi mumkinmi?

Buni Yasmin inqilobi deyishmoqda. Boshqalar Facebook qo’zg’oloni deydi.

Avtokratik prezident Zin al-Abidin Ben Ali uzoq yillar hukmron bo’lgan Tunisda g’alayonni qo’zg’atgan internet, bloglar, Twitter edi.

Bir necha hafta ommani qizdirib turgan global tarmoq nihoyat juma kuni prezidentni taxtdan ag’dardi.

Tunisliklar kiberdunyo qudratli qurol ekaniga ishonadi. 27 yoshli Marun Gara telekommunikatsiya sohasida ishlaydi.

Avtokratik prezident Zin al-Abidin Ben Ali uzoq yillar hukmron bo’lgan Tunisda g’alayonni qo’zg’atgan Twitter edi
Avtokratik prezident Zin al-Abidin Ben Ali uzoq yillar hukmron bo’lgan Tunisda g’alayonni qo’zg’atgan Twitter edi

“Bu internet qo’zg’oloni edi”, - deydi u. “Bloggerlar Tunisda ildiz otgan senzurani yenga oldi. Bu davlat fuqarolari demokratiya, erkinlikka tashna ekanini dunyo ahliga yetkaza oldi”.

Ben Ali ma’muriyati internetni blokirovka qilib kelgan. Ko’p saytlar yopilib, bloggerlar qamoqqa olindi.

Lekin yoshlar internet kafelarda o’tirib, bu to’siqlarni chetlab o’tish yo’llarini topdi.

Odamlar videolarni yozib olib, qo’lma-qo’l tarqatgan
Odamlar videolarni yozib olib, qo’lma-qo’l tarqatgan

Dekabr oyida politsiya meva-sabzavot sotib kun ko’rayotgan yigitning borini musodara qilgan. Sotuvchi o’ziga o’t qo’ygach, shaharda to’polon boshlangan. Odamlar ishsizlik, qimmatchilik, korrupsiyadan norozi bo’lib, bosh ko’tardi. Bularning bari videoga olinib, internet, mobil telefonlarda paydo bo’ldi.

Tunis hukumati avvaliga global tarmoq, uyali telefonlarni to’sishga harakat qildi.

“Filtr o’rnatdi hukumat”, - deydi Saloh Dalhumiy ismli mana bu yigit. Lekin odamlar videoni yozib olib, qo’lma-qo’l tarqatgan.

Yoshlar hukumatdan aqlli, chaqqonroq chiqdi, deydi siyosiy tahlilchi Kler Spenser. “Taqiq, nazorat hech vaqt samara bermagan. Har qanday cheklovni aylanib o’tish, uni yo’q qilishga harakat bo’ladi”, - deydi u.

Kiber-xabarlar o’qday tarqalib, dunyoning turli burchaklarida yashovchi tunisliklar hushyor tortdi.

Tunis hukumati avvaliga global tarmoq, uyali telefonlarni to’sishga harakat qildi
Tunis hukumati avvaliga global tarmoq, uyali telefonlarni to’sishga harakat qildi

Kompyuter bo’yicha mutaxassis Muhammad Bin Xazuz Fransiyada yashaydi. Xabarlarni eshitib, darrov Tunisga qaytib, ommaviy namoyishlarga qatnashdi.

Tunisdagi manzara arab dunyosida tez-tez uchraydi. Kiber-qo’zg’olon uchun zarur hamma sharoit bor: avtoritar rahbarlar, ishsizlik, internet kafelar, o’qimishli, qiziqqon yoshlar.

“Regiondagi boshqa davlatlarda ham yaqinda inqiloblar boshlanadi demoqchi emasman”,- deydi tahlilchi Kler Spenser.

“Lekin odamlar o’zgarmoqda. O’qimishli, dunyoqarashi keng yoshlar haqqini talab qiladi. Ular soxta saylovlar, soxta siyosat va zaif iqtisodiyotga chidab o’tirmaydi”, - deb hisoblaydi olima.

Tunis hali ham notinch. Bu inqilob samara beradimi, odamlar qanday xulosa qiladi, bunisi hali qorong’u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG