Turk va kurd yoshlari qo'shma loyiha tayyorladi

  • Amerika Ovozi

Diyorbakir, Turkiya

Diyorbakir, Turkiya

Turkiya hukumati va kurd jangarilari o'rtasida tinchlik muzokaralari to'xtaganidan beri mamlakatda turk va kurd millatiga mansub yoshlar bir-biridan uzoqlashgandek. Qo'shma madaniy loyiha tomonlarni yaqinlashtira olarmikan?

Kurd va turk yoshlarining mahsuli Diyorbakir shahrida ko'rgazmaga qo'yildi. "Bak", ya'ni "Nazar tashla" deb nomlangan ko'rgazmada turli mavzudagi suratlarni ko'rish mumkin.

Loyiha koordinatori Latifa Ulug'chinorning aytishicha, mamlakatning turli joylaridan kelgan yoshlarning jamoa bo'lib hamkorlik qilishi, ularga notanish shaharni, uning madaniyati, odatlari, kundalik hayotini o'rganishi, ko'rishi muhim.

Loyihaning turk va kurd ishtirokchilari o'z ishlarida siyosat, kurdlarning o'z huquqlari uchun ko'p yillik kurashiga doir mavzularni aks ettirdi, bir guruhi esa "Zilan" hujjatli filmini ishladi. Unda 1930-yillarda turk davlatida minglab kurdlarning qatliom va surgun etilishi haqida hikoya qilinadi. Film nafaqat tarixni yangidan o'rganishga, balki ikki elat yoshlari o'rtasida muloqotni yo'lga qo'yishga ham imkoniyat yaratdi.

Film rejissyorlaridan biri Daryo Kumushning aytishicha, Turkiyaning Yevropa tomonidagi hududlaridan kelgan yoshlar matbuot ta'sirida yaratilgan ba'zi tasavvurlarning yanglish ekaniga amin bo'lishdi.

"Biz bundan ta'sirlandik. O'zaro suhbatlarimizda ular "biz sizlarni endi yaxshi tushunamiz" deyishdi", - deydi ijodkor.

"BAK" loyihasi qizg'in pallaga kirgan bir paytda Turkiyada hukumat va kurd isyonchilari o'rtasida tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchrab, janglar yana avj oldi. Kurdlar yashovchi Diyorbakirda ham otishmalar kuzatildi. Natijada loyihaning bir qismi amalga oshmay qolish ehtimoli bilan yuzlashdi.

Masalan, "Sharq oromgohi" deb nomlangan fotoloyiha orqali kurdlar dam oladigan mahalliy oromgohlarni ko'rsatish rejalangan edi.

"Ko'chalarda odamlar o'lib yotsayu, har kuni qon to'kilsayu, nahotki men oromgohlar haqida hikoya tayyorlasam" deya o'zimni savolga tutdim", - deydi fotosuratchi Murat Kartal. - "Hozir bu mavzuga to'xtatilish shartmi? O'ylab qarasam, shart ekan, chunki loyihani bitirib, suratlarni ko'rgazmaga qo'yganimizda tinchlikning naqadar qimmatli ekanini ko'rib qo'yishsin".

Turkiyaning kurdlar yashovchi janubi-sharqida tinchlikka umid tobora kamayib bormoqda. Ana shunday vaziyatda yoshlar o'rtasidagi hamkorlik, muloqot o'ta muhimdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG