AQSh matbuoti: Turkiya Yaqin Sharqda ta'sirini yoyishga intilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh matbuoti: Turkiya Yaqin Sharqda ta'sirini yoyishga intilmoqda

AQSh matbuoti: Turkiya Yaqin Sharqda ta'sirini yoyishga intilmoqda

AQShning musulmon dunyosidagi eng yirik hamkori Turkiya bo'lib, so'nggi paytda Rajab Toyyib Erdog'an boshchiligida tashqi siyosatda faollik oshgan.

AQShning musulmon dunyosidagi eng yirik hamkori Turkiya bo'lib, so'nggi paytda Rajab Toyyib Erdog'an boshchiligida tashqi siyosatda faollik oshgan. Ayniqsa, Iroq bilan munosabatlarda.

"Vashington Tayms" gazetasining yozishicha, AQSh rasmiylari Turkiya siyosati va Erdog'an hukumati tabiatini tushunishga harakat qilmoqda. "Hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi fundamentalist musulmon harakatining bir qismimi yoki dunyoviy demokratik tamoyillar asosida tashkil topgan respublika an'analarini davomchisimi, mamlakatda shariat qonunlari joriy etiladimi, yo'qmi" degan savollar Amerika ma'muriyatini qiynamoqda.

Gazeta Internetda WikiLeaks sahifasida chop etilgan AQSh diplomatik hujjatlarini tahlil qilar ekan, 2007-yilda Anqarada AQSh elchisining siyosiy masalalar bo'yicha maslahatchisi bitgan xatlardan biriga diqqat qaratadi. Xususan, Janis Vaynerning Davlat departamentiga yuborgan maktubida aytilishicha, Bosh vazir Rajab Toyyib Erdog'anning "Adolat va taraqqiyot" partiyasi 2002-yilda saylovlarda g'alaba qozonganidan beri u maxfiy islomiy reja bo'yicha ish tutyapti degan ko'p shubhali gaplar bo'lgan, biroq aslida partiyaning bir vaqtning o'zida ham islomiy, ham G'arbga va islohotlarga moyil ekanini ko'rdik. Shunga qaramay ayrimlar nazarida hukmron partiya mamlakatda dunyoviy qonunlar o'rniga sha'riy qoidalarini joriy etish, siyosiy tuzumni o'zgartirishni maqsad qilib olgan" deb yozgan edi AQShning Anqaradagi elchixonasi xodimi.

* * *

"Nyu-York Tayms" gazetasi ham Turkiya haqida yozar ekan, uning tashqi siyosatiga nazar tashlaydi. Unga ko'ra, buyuk Usmoniylar imperiyasining vorisi sanalmish Turkiya mintaqada o'z ta'sirini yoyishga harakat qilmoqda. Xususan, Iroqda va aniqrog'i, mamlakat shimolida. Qolgan hududlarda esa Eronning ta'siri kuchliroq.

Qo'shma Shtatlar Iroqda urush qilib, 2003-yildan beri 4400 dan ziyod askarini yo'qotgan bo'lsa, Turkiya talofatsiz va kichik xarajat bilan bu mamlakatga ta'sirini yoymoqda. Xususan, madaniy, ta'lim va biznes dasturlari orqali.

Turkiyaning Irbildagi konsuli Aydin Seljenning aytishicha, uning mamlakati Iroqqa da'vo qilayotgani yo'q. Yo'llar, aeroportlar, temir yo'llar, gaz va neft quvurlarini ishga tushirib, ikki davlat o'rtasida integratsiyani kuchaytiramiz, deydi u. Har kuni shimoldagi chegara orqali Iroqqa Turkiyadan 1500 yuk mashinasi o'tadi. Qurilish materiallari, kiyim-kechak, mebel, bozorda yaxshi ketadigan mollar keltiriladi. O'tgan yili savdo aylanmasi 2008-yilga qaraganda ikki baravar oshib, 6 milliard dollarni tashkil etdi. Yana 2-3 yilda Iroq Turkiya eksporti uchun eng yirik bozorga aylanishi mumkin.

Irbilda hozir 700 dan ziyod turk kompaniyalari biznes qiladi. Mintaqada xorijliklarning uchdan ikki qismi turklar, ya'ni 15 ming atrofida. Chegaradan o'tish ancha osonlashgan. Kuniga 300 ga yaqin iroqlik Irbildagi konsullikdan viza oladi. Turkiyadagi diniy harakat hududda 19 ta maktab ochib, 5500 iroqlik yoshlarga ta'lim bermoqda.

Iroq shimolida asosan kurdlar yashaydi. Hududga muxtoriyat berishni so'rab keladi, biroq bu Turkiyada yashayotgan kurdlarni to'lqinlantirib yuborishi mumkin, deb yozadi "Nyu-York Tayms". Kurdlar Turkiya aholisining 20 foizini tashkil qiladi. Kurd jangarilari Iroq shimolidan turib Turkiyaga hujum qiladi, xurujlar uyushtiradi. O'tgan yilidan beri turk havo kuchlari chegarani kesib o'tib, jangarilar pozitsiyalarini o'qqa tuta boshlagan. Iroq shimolida AQShning 1500 askari bor. Jangarilarga qarshi operatsiyalarda ular ham ishtirok etadi.

Rasmiy Anqaraning Iroqdagi manfaatlaridan biri - yonilg'i. Shimoldagi Kirkukdan Turkiyaning Jayhon port-shahriga quvur yotqizilib, hozirda Iroq neft eksportining 25 foizi u orqali o'tadi. Turkiya Yevropa Ittifoqi tashabbusi bilan qurilayotgan 11 milliard dollarllik Nabukko loyihasiga qo'shildi. Unga ko'ra, Iroq nefti Turkiya orqali Rossiyani chetlab o'tib Yevropaga uzatilishi rejalangan.

Neftga boy shimoldagi Basra shahrida ham turklar juda faol. Shaharni elektr quvvati bilan ta'minlashadi, 65 ming tomoshabinlik stadionni qurishga bel bog'lashgan.

"Bu yerda turklardan boshqa hech kim ish qilmaydi", deydi "Nyu-York Tayms" gazetasiga Turkiyaning Basradagi konsuli Ali Rizo O'zchoshkun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG