Afg'on rahbari Turkiyaga hamdardlik bildirib, o'z xalqini birdamlikka undadi


Turkiyada davlatni to’ntarishga urinish Afg’oniston hukumatini ham sergak torttirgan. Prezident Ashraf G’ani Turkiya ahliga hamdardlik bildirdi, shuningdek, o’z xalqiga ham murojaat qilib, odamlarni birdamlikka undadi.

Xalq vaziyatdan qanchalik norozi bo’lsa, hukumat shunchalik tahdid ostida, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ziyolilar. Afg’onlar orasida hukumatdan norozilik kuchli.

Ijtimoiy tarmoqlar - muhokamalar markazi. Turkiya hukumati shunday katta rejadan nahotki bexabar bo’lgan, deya so’rayotganlar ko’p.

Turkiyada yashovchi afg’onlar, qolaversa, Kobul, Mozori Sharif va Shibirg’on shahrida odamlar namoyishga chiqib, turklarni quvvatladi, aniqrog’i Turkiya hukumatini.

Bu namoyishchilar nazarida davlatni to’ntarishga urinish G’arbning rejasi. Turkiya siyosatchilarining ba’zilari ham shunday fikrda.

Turkiyaga nisbatan hamdardlik bildirayotganlar asosan o’zbeklar va turkmanlar. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anni musulmon lider deb ardoqlayotganlar ham bisyor.

Erdog’an musulmonlar homiysi, deydi namoyishchilar.

“Turkiya xalqi vatanini qutqardi. Biz ham ularni himoya qilish uchun shu yerga yig’ildik. Turklar demokratiyani quvvatladi. Voqeada jon berganlarning ruhi shod bo’lsin deymiz”, -deydi namoyishchilardan biri G’ulom Saxiy Subhoniy.

Tahlilchi Muhammad Basir Muqimiy so’zlariga ko’ra, afg’onlar va turklar uzoq muddatdan beri bir-biri bilan hamkor.

“Turklar va afg’onlar bir-birlariga yordam berib kelgan. Bugun afg’onlar Turkiya xalqining siyosiy puxtaligini himoya qildi”, - deydi u.

Uning nazarida, Afg’onistonda shunday voqea yuz bergan taqdirda xalq muxolifat tarafini olishi mumkin, chunki ko’plab afg’onlar hukumatdan rozi emas. Hukumatni tanqid qilayotganlar, rahbarlardan nafratlanayotganlar serob, deydi Muqimiy.

“Hukumat rahbari o’zboshimchalik bilan harakat qilayapti. Hukumat rahbari davlatni to’ntarishga bo’lgan urinishning oldini olmoqchi bo’lsa ham bu natija bermasligi mumkin. Payt poylab turgan o’lkalar, ekstremist guruhlar ko’p. Afg’onistonda yana o’sha qora davr boshlanishi mumkin”,- deydi tahlilchi.

Muhammad Basir Muqimiy fikricha, Turkiya xalqi demokratiya nimaligini biladi. Turkiyada milliylik tushunchasi mavjud. Afg’onlar esa hanuz bir millat bo’la olgani yo'q. Siyosiy ong juda past.

"Xorijiy davlatlarning gapiga aldanib, o’z xalqi manfaatlariga qarshi ish tutib keladi. Turklar va afg’onlar bu borada yer bilan osmoncha farq qiladi", - deydi Muqimiy.

XS
SM
MD
LG