Breaking News

Turkiya muxolifati: Hukumat al-Qoida faoliyatiga ko'z yummoqda


Turk chegarachisi va suriyaliklar, Suriya bilan chegaradosh Xatay viloyati, 9-iyun, 2011-yil.
Turk chegarachisi va suriyaliklar, Suriya bilan chegaradosh Xatay viloyati, 9-iyun, 2011-yil.
Turkiyada muxolif siyosiy kuchlar nazarida rasmiy Anqara mamlakatdagi islomiy jangarilarning qo’shni Suriyada Assad rejimiga qarshi kurashish maqsadida chegarani kesib o’tayotganiga ko’z yummoqda. .

Turkiyada muxolif Xalq respublika partiyasi a’zosi Mehmet Ali Edipo’g’li Xatay shahridan parlament deputati. Shahar Suriyaga chegaradosh Antakiya viloyatining asosiy shahri.

“Suriyalik isyonchilarning Turkiyadan turib, Assadga qarshi kurashishiga qarshimasman. Ammo so’nggi paytda xorijiy jangarilarning ko’paygani odamni tashvishga soladi”, deydi u.

"Suriyada jihod qilish uchun Liviya, Checheniston, Afg’oniston, Afrika davlatlaridan odamlar kelib, Xatayda qabul qilinmoqda. Al-Qoidaga aloqador ekanlarini ochiqdan-ochiq aytishmoqda. Mahalliy aholi bilan to’qnashuvlar ham kuzatildi", - deydi Edipo’g’li.

Mahalliy hokim va politsiya boshlig’ining deputatga aytishicha, vaziyat va bu odamlar nazorat ostida, xavotirga o’rin yo’q.

Rus matbuotiga ko’ra, Assadga qarshi kuchlarga o’zbeklar ham qo’shilmoqda.

Antakiya aholisi sunniy, nasroniy va alaviylardan iborat. Dindor odamlar uncha ko’p emas.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton oy boshida Istanbulda bo’lganida suriyalik isyonchilar safida radikal islomiy guruhlar borligiga xavotir bilan diqqat qaratgan edi.

"Terrorchilar, Kurdiston ishchilar partiyasi, al-Qoida va boshqalarning Suriyada xalqning rejimga qarshi kurashidan o’z manfaatlarida foydalanayotganidan tashvishdamiz”, - degan edi Klinton.

Ammo masala Qo’shma Shtatlar bilan muhokama etilganiga qaramay, deydi qonunchi Edipo’g’li, Turkiyadan turib harakat qilayotgan suriyalik isyonchilar safiga islomiy jangarilar qo’shilganiga ko’z yumilmoqda.

Edipo’g’lining aytishicha, Turkiyaga kelgan jangarilarni avval Antakiyaga jo’natishadi, so’ng 40-50 ta mikroavtobusda har kuni Suriyaga jang qilish uchun yuborishadi.

"Viloyat hokimligi ularni transport bilan ta’minlab, chegaragacha qo’riqlaydi", - deydi deputat.

Biroq Turkiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Saljuk Unal qonunchining bu da’volarini inkor etmoqda.

“Suriyalik isyonchi guruhlarga yordam berganimiz yo’q. Al-Qoida a’zolarining Suriyaga kirayotganidan xabarimiz bor, ammo Turkiyaning bunga daxli yo’q”, deydi u.

"Jangarilarning Turkiya yoki boshqa mamlakat orqali Suriyaga o’tayotgani haqida dalil yo’q. Aks holda vaziyat izdan chiqmasligi uchun chora ko’rgan bo’lardik. Chegara 900 kilometrlik ekanini ham hisobga olish kerak, chegarachilarimiz qo’ldan kelgancha harakat qilyapti", - deydi rasmiy.

O’tmishda Turkiya ham al-Qoida nishoni bo’lgan. 2003-yilda Al-Qoidaga aloqador guruhlardan biri Istanbuldagi sinagoga, Britaniya konsulligi, bankni yonida bomba o’rnatilgan to’rt mikroavtobusni portlatgan edi. O’shanda 67 odam o’lib, 700 dan ziyodi jarohat olgan edi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, AQSh Iroqda al-qoidachilarga zarba berganidan so’ng ko’p terrorchilar Turkiyaning chegaradagi shaharlariga qochgan.

Tahlilchi Soli Ozel Iroqda bo’lgani kabi Suriya va Turkiyada ham Al-Qoida faollashishidan xavotirda.

"Buning ehtimoli bor, ammo qanchalik, bilmaymiz. Hozir Suriyadagi ahvol Iroqda fuqarolik urushidan oldingi vaziyatni eslatadi. Sunniylar va shialar o’rtasidagi ziddiyatlar, Al-Qoida. Bunday radikal guruhlarning janubdagi ikki qo’shni davlatda bo’lishi Turkiya uchuh xavflidir. Bizda ham jiddiy etnik va mazhablararo muammolar mavjud", - deydi Soli Ozel.

Turkiya ayni damda Bashar al-Assadni hokimiyatdan ag’darib, yuz minglab suriyalik qochqinlarga vataniga qaytishga imkoniyat yaratish ustida o’ylanmoqda. Agar Al-Qoida va ajnabiy jangarilar masalasini bo’sh qo’ysa, yaqin kelajakda bundanda kattaroq muammo bilan yuzlashishi mumkin, deydi tahlilchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG