Turkiya, terror xurujlari va mintaqaviy omillar

  • Amerika Ovozi

28-iyun kuni Turkiya xalqaro aeroportiga qilingan hujum - shu yilning o'zida mamlakatda ro'y bergan suiqasd xurujlarining sakkizinchisi. O'lka bir paytlar mintaqaviy barqarorlik namunasi sifatida tilga olinar edi.

Terrorchilik hamlalari Turkiyada muntazam ro'y berayotgani iqtisodiyotga, xususan, turizm sanoatiga zarba bo'ldi. O'tgan bir yilda sayyohlar 30 foizga kamaygan.

Otaturk aeroportidagi otishma va portlashlar ortida "Islomiy davlat" turgani taxmin qilinmoqda. O'xshash hujum mart oyida Bryussel aeroportida ham ro'y bergan edi.

Vashingtonda asoslangan Urushlarni o'rganish instituti "Islomiy davlat" regiondagi strategiyasini qayta ko'rib chiqayotganini, Ramazon oyida Turkiyada qonli hujumlar bo'lishini bashorat qilgan.

"Suriyada qattiq bosimga uchrayotgan bu guruh qo'shni davlatlarni nishonga oladi. Xususan, xorijiy turistlarni, xavfsizlik xizmatlarini, Turkiya va Iordaniyadagi amerikalik harbiylarni", deb yozgan edi institut ekspertlari.

Istanbul hujumida o'lgan 44 kishidan 13 nafari xorij fuqarolari.

Mintaqaviy omillar:

Islomiy davlat

Yil boshidan beri Turkiyadagi suiqasd xurujlari 140 kishining boshini yedi. Anqara ham kurd isyonchilarini, ham "Islomiy davlat" guruhini ayblaydi.

Tahlilichilarga ko'ra, bu to'da safida Turkiya fuqarolari ko'p. Ekstremistlar o'tgan haftalar ichida Iroqda bir qancha hududlarni, xususan, Falluja shahrini boy bergani Istanbuldagi hujumga turtki bergan bo'lishi mumkin.

Kurdlar

Turkiya nazarida Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan kurd jangchilarning Kurdiston Ishchilar Partiyasi bilan tili bir. Terrorchi tashkilotlar ro'yxatiga kiritilgan bu guruh 1970-yillardan buyon avtonomiya uchun kurashib keladi.

AQSh kurd jangchilariga harbiy va moliyaviy yordam berib kelayotganidan Anqara norozi, lekin "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda ikki davlat hamkor.

Turk armiyasi nafaqat Suriya va Iroqdagi kurdlarga qarshi harbiy operatsiyalar olib boradi, balki o'z hududida ham kurd isyonchilarni yo'q qilishga bel bog'lagan.

Suriya mojarosi

Suriyada fuqarolik urushi besh yildan oshiq davom etmoqda. 800 kilometrga cho'zilgan Turkiya-Suriya chegarasining har ikki tarafida qurollangan guruhlar bor.

Chegarani qattiqroq nazorat qilmagani uchun Anqara ko'p marta G'arb tanqidiga uchragan.

Hozirda Turkiyada taxminan 2,5 million suriyalik qochqin yashaydi. Xalqaro ko'mak va resurslar yetishmovchiligi aholi orasida norozilik uyg'otmoqda.

Xalqaro siyosat

Istanbuldagi portlashlardan bir necha kun oldin Anqara Isroil bilan diplomatik aloqalarni tikladi. 2010-yilda G'azoga ko'mak yetkazishga harakat qilgan turk faollaridan bir nechasi dengizda o'ldirigan. Isroil ularning oilalariga kompensatsiya to'lashga rozi.

Prezident Rajab Toyib Erdog'an, shuningdek, Rossiyadan uzr so'rab, iqtisodiy rishtalarni tiklashga qaror qildi. O'tgan yili Suriya chegarasida Rossiya samolyoti urib tushirilgani ketidan Kreml Turkiyaga sanksiyalar qo'ygan edi. Ular endi bekor qilinadi.

Kuzatuvchilar fikricha, Erdog'an Isroil va Rossiya bilan munosabatlarni yo'lga tushirib olgani uchun ham "Islomiy davlat" Istanbul aeroportini nishonga olgan bo'lsa, ajabmas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG