Turkiyadagi hujumni "Islomiy davlat" guruhi o'z bo'yniga oldi

  • Amerika Ovozi

Turkiyada yangi yil kechasi tungi klubda 39 kishini otib o'ldirgan shaxs qidirilmoqda. Hujumni "Islomiy davlat" to'dasi uyushtirganini da'vo qilmoqda. Otishmani "xalifat askari" amalga oshirdi, deyiladi guruh bayonotida.

Istanbuldagi "Reina" klubi Bosfor bo'g'ozida joylashgan, odatda chet ellikllar bilan gavjum. Turkiya matbuotining xabar berishicha, hozirgacha sakkiz kishi hibsga olingan, ammo hujumchining o'zi hamon qidiruvda.

Politsiya manbalariga ko'ra, qidiruvdagi shaxs O'zbekiston yoki Qirg'izistondan bo'lishi mumkin.

Rasmiylarning aytishicha, o'lganlardan 27 nafari xorijiy fuqarolar. 69 kishi jarohatlangan, to'rt nafari og'ir ahvolda. Prezident Rajab Toyib Erdog'an terrorchi guruhlarni mamlakatda beqarorlik urug'ini sochishga harakat qilayotganlikda aybladi.

Politsiyaga ko'ra, Kalashnikov avtomati bilan qurollangan shaxs soqchini o'ldirib, klubga kirgan va odamlarni o'qqa tutgan.

O'lganlar turli davlatlardan, jumladan Isroil, Iroq, Hindiston, Belgiya, Kanada, AQSh, Rossiya, Tunis va Livan. Yaradorlar orasida Saudiya Arabistoni, Marokash, Liviya fuqarolari bor. Klubda 600 dan ziyod odam yangi yilni kutib olayotgan bo'lgan. Ba'zilar dengizga sakrab omon qolgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama voqeani tergov qilib, jinoyatchilarni topishda Turkiyaga yordam berishga tayyormiz, dedi. Terrorizmga qarshi kurashda Turkiya bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilamiz, deya bildirmoqda Davlat departamenti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG