Breaking News

Namoz Normo'min: Turkiya haqida hozir faqat gumonlar yangramoqda


Istanbuldagi portlashlarda O'zbekiston, Rossiya va Qirg'iziston fuqarolari gumon qilinmoqda. Avvalroq turk matbuoti terrorchilar tojikistonliklar bo'lishi mumkin, deb ham yozgan edi.

Namoz Normo'min: Turkiyaga hamlalardan hammamiz qayg'uga tushdik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:49 0:00

“Otaturk” aeroportidagi xurujda qurbon bo'lgan o'zbekistonliklar soni esa ikki nafarga yetgan. 22 yoshli namanganlik Abrorjon Ustaboyev ham portlashlarda halok bo'lgan.

Turkiya hukumati terrorchilik amaliyotida “Islomiy davlat” guruhini gumon qilmoqda.

“Yeni Shafak” gazetasi portlashlar dog'istonlik, o'zbekistonlik va qirg'izistonlik fuqarolar tomonidan amalga oshirilgani haqida yozmoqda. Terrorchilar bir oy muqaddam Turkiyaga kelib terrorchilik amaliga tayyorgarlik ko'rishgan.

Bu talqin hozircha Turkiya huquq-tartibot organlari tomonidan rasman tasdiqlangani yo'q. Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi ham bu xabarni asoslovchi dalillar yo'q, demoqda.

Qirg'iziston rasmiylari Istanbulning terrorizmga qarshi kurash bo'limi vakillari bilan ko'rishgan va matbuotdagi bu ma'lumot tasdig'ini topmagan, demoqda.

Oldinroq turk matbuoti terrorchilar Tojikiston fuqarolari bo'lishi mumkin deb yozgan edi. Bu ma'lumot darhol Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan inkor etilgan.

Hujumda halok bo'lgan ikkinchi o'zbekistonlik 22 yoshli Abrorjon Ustaboyev Istanbulda savdogarlik bilan shug'ullanib kelgani aytilmoqda. Ustaboyev aeroportda taksidan tushayotgan mahalda halok bo'lgan. Avval terrorchilik xurujida halok bo'lganlar ro'yxatida o'zbekistonlik Samat Muhiddinov ham qayd etilgan edi.

Istanbuldagi terror amaliyoti so'nggi paytlarda Turkiyada izchillik bilan kuzatilayotgan navbatdagi xuruj.

“Turkiya jamoatchiligi navbatdagi terror amalidan larzaga tushgan, xavfsizlikka oid vaziyat yuzasidan jiddiy munozaralar ketmoqda”, - deydi mamlakatdagi so'nggi vaziyat haqida Istanbuldagi “Turkistonliklar” jamiyati faoli, sharhlovchi Namoz Normo'min.

“Hammamiz qayg'uga tushdik, terror voqealarini hech kim oqlamaydi, afsus qurbonlar orasida o'zbekistonliklar ham bor ekan, ta'ziyamizni bildiramiz qurbon bo'lganlarning yaqinlariga. Turkiyadagi jamiyat qattiq tashvishda terrorchilik amaliyotlari muntazam ekanidan. Muxolifat, matbuot ham hukumatni tegishli xavfsizlik chorlarini ko'rmagani uchun tanqidga olmoqda. Bu munozaralar davom etmoqda. Turkiya Yaqin Sharqda joylashgan davlat, Suriya bilan 900 kilomertlik chegaraga ega. Qolaversa, Iroqdagi vaziyatda ham biror o'zgarish bo'lmadi, bular hammasi shu voqealarga bog'liq, ayni paytda Turkiyaning o'zidagi ichki muammolar bor, mamlakat o'tish davrida”, - deydi Normo'min.

Turkiya hukumati xuruj ortida “Islomiy davlat” guruhi turganini ta'kidlamoqda, ammo hozircha bu guruhning o'zi terror amaliyotini tan olganicha yo'q.

Namoz Normo'minning aytishicha, ayni payda faqat taxminlar, gumonlar haqida gapirish mumkin. Matbuotda turli qarama-qarshi ma'lumotlar bildrilmoqda, ammo hukumatning o'zi terror xurujlari, uning ortida kimlar turgani haqida hali batafsil ma'lumot taqdim etganicha yo'q.

“To'g'ri, biror guruhni yoki bir necha insonni ko'rsatish mumkin, lekin bu bilan masalaning ildizi hal bo'lmaydi. Yaqin Sharqda, Afg'oniston, Suriya, Iroqda tinchlik o'rnatish vaqti keldi, chunki asl idizlar shu yerga taqalmoqda. Afsuski, terror nafaqat Turkiya, butun dunyo bo'ylab yoyilib bormoqda. Dunyo jamoatchiligi global tinchlik o'rnatilishi yuzasidan bir qaror olishi kerak”, - deydi Normo'min.

“Otaturk” xalqaro aeroportidagi xurujlar natijasida o'lganlar soni 43 kishiga yetgan, ulardan 19 nafari chet el fuqarolari, jumladan, ikkisi O'zbekiston fuqarolari.

Turkiya hukumati xurujlarda gumonlanib 22 kishi hibsga olingani, to'rttasi xorijliklar ekanini bildirmoqda.

29-iyun kuni uch kichi Istanbuldagi xalqaro aeroportga hujum uyushtirdi. Hujumchilar avval o'qotar qurollardan odamlarga qarata o't ochgan, keyin o'zlarini portlatgan.

Natijada qurbonlardan tashqari yuzdan ortiq kishi jarohat olgan, ular qatorida ham o'zbekistonliklar borligi aytiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG