Turkiya janubi-sharqida yana ikki xuruj yuz berdi

  • Amerika Ovozi

Turkiyaning Mardin viloyatida yo'l chetiga o'rnatilgan bomba portlab, ikki askar halok bo'lgan, yana uch kishi yaralangan.

Harbiylarga qarashli avtomobil Derik tumani yaqinidagi yo'ldan o'tib ketayotganda masofadan turib boshqarilgan bomba harakatga keltirilgan.

Diyorbakirning Lijay tumanida ham harbiylar nazorat punktiga hujum uyushtirilgan. Bu atrofda armiya yaqinda nasha dalalarini yo'q qilish amaliyotini o'tkazgan edi.

Chorshanba kuni yuz bergan xurujlar uchun hech kim mas'uliyatni zimmasiga olgani yo'q.

Bu hodisalar Istanbuldagi Otaturk aeroporti xudkush bombachilar hujumiga duchor bo'lishidan bir necha soat o'tib ro'y berdi. Aeroportdagi portlashlarda kamida 41 kishi o'lgan, 200 dan ziyod odam yaralangan. Ayrimlari og'ir ahvolda.

Turkiya so'nggi paytlarda qator qo'poruvchilik xurujlari bilan yuzlashdi. Ular "Islomiy davlat" jangari guruhi va kurd isyonchilari tomonidan amalga oshirilgani aytiladi.

"Islomiy davlat" tinch fuqarolar gavjum hududlarni nishonga olishi bilan tanilgan bo'lsa, kurdlar, asosan, politsiya va harbiylar manzillariga hujum qiladi.

Kurd isyonchilariga qarshi kurashda 500 ga yaqin hukumat askari halok bo'lgan. Harbiylar ma'lumotiga ko'ra, bu orada 5000 ga yaqin kurd terrorchisi o'ldirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG