Istanbuldagi portlashlarda o'zbekistonlikning izi

  • Amerika Ovozi

Istanbulning Otaturk xalqaro aeroportida o’zini portlatgan terrorchilar O’zbekiston, Qirg’iziston va Dog’istondan ekani haqida turk matbuoti xabar bermoqda.

Ularning ism-sharifi hozircha ma’lum emas. Seshanba kungi qonli hujumda 42 kishi nobud bo’ldi, jarohat olganlar 240 ga yaqin. Turkiya xavfsizlik xizmatlari tergov doirasida 22 kishini hibsga olgan.

So’roq qilinayotgan shaxslardan kamida uch nafari xorijdan. Rossiya matbuoti uch terrorchidan birining "Islomiy davlat" to'dasi safida jang qilgan chechenistonlik Osman Vadinov ekanini taxmin qilmoqda. Shuningdek, yana bir chechen Ahmed Chatayevning xuruj tashkilotchilaridan biri ekani aytilmoqda. U ilgari "Kavkaz amirligi" jangari guruhi yetakchisi Doku Umarovga xizmat qilgani, Umarov o'limidan so'ng Daishga qo'shilgani ma'lum.

Anqara hujumlarda “Islomiy davlat”ni ayblagan bo’lsa-da, ekstremist guruh javobgarlikni bo’yniga olgani yo’q.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Brennan fikricha, aeroportdagi qatliom aynan “Islomiy davlat”ning ishiga o’xshaydi.

Terrorchi guruh AQShda ham shunday hujumlar rejalayotgan bo’lishi mumkin. 21-asrda odamlar va mahsulotlarning erkin harakatlanishi “Islomiy davlat”ga qo’l kelmoqda, deydi Brennan.

“Guruh qonli hamlalarini olis bir joydan rejalab, muayyan davlatda unga ergashayotgan shaxslar orqali ularni amalga oshirishga qodir. Bu razvedka va xavfsizlik idoralari ishini nihoyatda qiyinlashtiradi”, - deydi MRB direktori.

Shimoliy Amerika rahbarlari sammitida qatnashayotgan Prezident Barak Obama ham Turkiyadagi qatliomni qoraladi.

“Aholini himoya qilish uchun barcha choralarni ko’ramiz. O’lim va vayronagarchilikni o’ziga bayroq qilgan bu guruhlar mag’lub bo’ladi”, - dedi Obama mamlakatlarni birdamlikka da’var etar ekan.

Otaturk aeroporti kechaning o’zida qayta ishga tushdi. Terminallarni qurollangan politsiyachilar qo’riqlamoqda.

Turk Havo yo’llari aviakompaniyasi barcha yo’nalishlarda, jumladan AQShga parvozlarni qayta tikladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG