Turkiya Suriyada kurdlar hukumatining tuzilganidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Iroq Kurdistoni rahbari Mas'ud Barzoniy (o'ngda) Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo'g'an bilan, Diyorbakir, Turkiya, 16-noyabr, 2013-yil.

Iroq Kurdistoni rahbari Mas'ud Barzoniy (o'ngda) Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo'g'an bilan, Diyorbakir, Turkiya, 16-noyabr, 2013-yil.

Shimoli-sharqiy Suriyada mustaqil Kurd hukumatining tuzilgani Turkiyani tashvishga solmoqda. Mamlakat Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo’g’an Turkiyaga ham bu g’oyaning kirib kelishiga yo’l qo’ymaslik uchun Iroqdagi kurdlar rahbari Mas’ud Barzoniydan yordam so’radi.
Iroqdagi kurdlar yetakchisi Mas’ud Barzoniy 20 yildan ortiq Turkiyada bo’lgan emas. Ammo u o’tgan hafta janubi-sharqiy Turkiyadagi Diyorbakir shahriga tashrif buyurdi. Bu yerga uni Turkiya Bosh vaziri Toyyib Erdo’g’an Suriyadagi kurdlarning avtonom davlat qurishiga yo’l qo’ymaslik uchun maslahatga chaqirdi.

Kurdlar Iroqda 1991-yildan beri qisman avtonomiyaga ega bo’lsa-da, bunday g’oya tarafdorlari Turkiya, Suriya va Eronda tazyiq ostiga olingan. Turkiya ham, Iroq Kurdistoni ham Suriyada kurd jangarilarining faollashganidan xavotirda.

Barzoniy Suriyada Demokratik ittifoq partiyasi tomonidan kurdlar avtonom hukumati tuzilganini qoraladi. Uning yordamchisi Fuad Hussaynning aytishicha, bu partiya Suriya prezidenti Bashar al-Assad bilan birga ishlayapti.

“Hozir vaqti emas. Suriya kurdlari uchun bir partiyali tizim juda xatarli. Boshqa ko’plab partiyalar hisobga olinmagan yoki ularga yetarli e’tibor berilmagan”, - deydi u.

So’nggi janglarda Suriyaning jihodchi guruhlari ustidan g’alaba qozonib, o’z mustaqil hukumatini tuzishga qaror qilgan Suriya kurdlari Erdo’g’an uchun kutilmagan boshog’riq bo’ldi.

Voqealarning bunday rivoji Turkiyadagi kurdlar orasida ham ayirmachilik kayfiyatini kuchaytirib, uzoq yillik qonli mojaroni to’xtatishga qaratilgan tinchlik muzokaralarini xavf ostiga qo’yishi mumkin.

Kurdlar dunyoning o’z davlatiga ega bo’lmagan eng katta etnik guruhi hisoblanadi. Ular soni 30 million atrofida bo’lib, asosan, Eron, Iroq, Turkiya va Suriya hududlarida yashaydi. Kurdlar orasida mustaqil davlatiga ega bo’lishni orzu qilganlar ko’p.

Ammo bu maqsadga qanday erishish bo’yicha qarashlar turlicha. Ayrimlar Turkiyadagi Kurdiston ishchilar partiyasini global harakatga eng loyiq yetakchi sifatida ko’rsa, boshqalar Iroq Kurdistoni rahbari Barzoniyni yo’lboshchilkka munosibroq deb hisoblaydi.

Barzoniyning Diyorbakirga tashrifi davomida ham shu tafovutlar ko’zga tashlandi.

Turkiyadagi Kurdiston ishchilar partiyasi a’zosi, 55 yoshli Mahmudning aytishicha, Barzoniy Suriyada kurdlar bilan olishayotgan va “Al-Qoida”ga aloqasi bo’lgan jihodchilarga qarshi gapirishi kerak edi. Turkiya ham bu jangarilarga ko’mak bermoqda, deydi u.

“Suriyadagi odamlarning yeyishga hech vaqosi qolmagan, kasallarning hatto dorisi ham yo’q. “Al-Qoida” esa bu yerdan yordam olyapti. O’z qurollarini olib o’tyapti. Barzoniy bu yerga nega keldi? U turklarning qo’lini siqib, ular bilan birga kurdlarga qarshi kurashyapti, ya’ni “Al-Qoida”ga yordam beryapti”, - deydi turkiyalik kurd isyonkori.

Barzoniy bilan ko’rishishga bir necha ming odam chiqdi, xolos. Uning tashrifiga qarshi namoyishlar ham bo’ldi.

45 yoshli Mehmetning aytishicha, Turkiya kurdlarining aksariyati Suriyadagi kurdlar tutgan yo’lni ma’qullaydi.

“Ular o’z huquqlaridan foydalanishga haqli. Bu ishni yoqlaymiz. Ular yanada kuchliroq bo’lishlari kerak”, - deydi u.

Barzoniyning tashrifi arafasida kurd jangarilari Suriya chegarasi yaqinida turk harbiylariga hujum qildi. Bu isyonkorlar bilan sakkiz oy muqaddam tuzilgan tinchlik sulhining jiddiy tarzda buzilishini anglatadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG