Istanbulda xuruj, 10 odam o'lgan

  • Amerika Ovozi

Bugun Istanbulning tarixiy Sulton Ahmet maydonida portlash yuz berib, kamida 10 odam o'lgan, 15 kishi yaralangan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, suriyalik bir odam o'zini portlatgan. Bu haqda Prezident Rajab Toyib Erdog'an gapirdi.

Davlat rahbari televideniye orqali xalqqa murojaat qilib, xurujni qoraladi. Qurbon bo'lganlar orasida turklar va xorijiy sayyohlar bor.

Sulton Ahmet masjidi va Ayo Sofiya ibodatxonasi kabi ko'hna maskanlar shu yerda joylashgan. Shu bois Istanbulga borgan xorijiy sayyohlar shaharning shu qismiga oshiqadi.

Guvohlarning aytishicha, portlash juda kuchli bo'lgan.

Bosh vazir Ahmat Dovuto'g'li xavfsizlik idoralari rahbarlarini favqulodda majlisga to'plagan.

O'tgan yil oktabr oyida poytaxt Anqarada kurdlar namoyishi paytida ikki bomba portlab, 100 dan ziyod odam o'lgan edi. Yangi yildan oldin esa shaharda xurujlar rejalash gumoni bilan ikki odam qo'lga olinib, bayram sayli bekor qilindi. Hibsdagilarning "Islomiy davlat" jangari guruhiga aloqadorligi aytilmoqda.

Istanbulda yashovchi o'zbekistonliklardan birining aytishicha, qurbonlar orasida vatandoshlar yo'q.

Turkiyada azaldan, asosan, Kurdiston ishchilar partiyasi tashkilotining jangarilari xurujlar uyushtirib kelgan. Biroq mutaxassislarning aytishicha, Kurdiston davlatchiligi uchun kurashib kelayotgan isyonchilar odatda harbiy obyektlarni nishonga oladi va aholi bor joyda xuruj qilmaydi hamda xudkush bombachilardan foydalanmagan.

Turkiya Suriyada "Islomiy davlat" jangarilarini nishonga olarkan, amaliyotda ishtirok etayotgan AQSh yetakchiligidagi koaliitsiyaga chegara yaqinidagi Injirlik aviabazasidan foydalanishga ruxsat bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG