AQSh Xalqaro Teleradio kengashi turkiyalik jurnalistni ozod qilishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Damashq tevaragi, Suriya

Damashq tevaragi, Suriya

AQSh Xalqaro Teleradio kengashi turkiyalik video-operator, Suriyada bedarak ketgan Junayd Unalni qo’yib yuborishga chaqirmoqda.

Unal Amerika hukumati moliyalovchi va mazkur kengash yurituvchi “Al-Hurra” telekanalida ishlagan.

Operator va yana bir jurnalist, “Al-Hurra” muxbiri Bashar Fahmiy bir hafta oldin Suriya shimolida g’oyib bo’lgan edi. Kecha Junayd Unal rasmiy Damashqqa qarashli telekanalda paydo bo’ldi.

“Al-Ixbariya” telekanalida chiqqan Junayd Unal Suriyaga qanday kelib qolgani haqida gapirgan. Videoning qachon va qanday sharoitda olingani ma’lum emas.

Video bizni g’oyat tashvishga soldi va jurnalistlar o’ta xatarli sharoitda ekanidan dalolat bermoqda”, - deydi Teleradio kengash rasmiysi Maykl Mixan.

“Ular Suriyaga ahvolni yoritish, xabar uzatish uchun borgan edi”, - deydi Mixan. “Jurnalistlar zudlik bilan ozod qilinsin. Suriya hukumatini ularning xavfsizligini ta’minlashga chaqiramiz”, - deydi rasmiy.

“Al-Hurra” kanali ishini boshqaruvchi Xalqaro Teleradio kengash, shuningdek, “Amerika ovozi”ni ham nazorat qiladi.

Kechagi videoda, dastlab, Unalning raketa uchiruvchi qurol ko’tarib tushgan surati ko’rinadi. So’ng horg’in qiyofadagi, ko’zlari osti ko’kargan operator Suriyada nima qilgani haqida so’zlaydi.



Turkiyaning Istanbul shahridan Xatayga samolyotda, so’ng Kilis viloyatiga mashinada borgan. Keyin Checheniston, Liviya, Saudiya Arabistoni va qatarlik jangarilarni o’z ichiga olgan guruh, birgalashib Suriyaning Azaz shahriga bordik, deydi u.
Junayd Unal

Junayd Unal


Unalning aytishicha, bu guruh bilan u Mahri Tarafat va Halab shaharlariga ham borgan. U yerda hukumat kuchlari va isyonchilar o'rtasida bo'lib o'tgan jangda qo’lga tushdim va bu yerga keltirildim, deydi operator.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'li nazarida tasvirchi bunday bayonot bilan chiqishga majbur qilingan va jurnalistning xavfsizligi uchun Suriya hukumati javobgar.

Unal Suriya chegarasini 20-avgust kuni kesib o’tgan edi. Unga “Al-Hurra” muxbiri Bashar Fahmiy hamda ikki yapon jurnalisti hamrohlik qilgan. Bir kun o’tib Halabdagi janglarda yapon muxbiri Mika Yamamoto halok bo’lgan.

“Al-Hurra” korrespondenti Bashar Fahmiyning qayerda ekani ma’lum emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG