Bayram Balchi: Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyadan baribir qo'rqadi


Rossiya va O'zbekiston rahbarlari, 15-aprel, 2013, Moskva

Rossiya va O'zbekiston rahbarlari, 15-aprel, 2013, Moskva

Ayni damda AQShda ishlayotgan Bayram Balchi bilan Turkiya va Markaziy Osiyo orasidagi aloqalar haqida gaplashar ekanmiz, undan Rossiya xususida ham so'radik.

Turkiya ahli Markaziy Osiyo xalqlarini o’ziga qanchalik yaqin bilmasin, rishtalar murakkab. Turk-fransuz olimi, bugungi kunda Amerikada faoliyat yuritayotgan Bayram Balchi (Balci) aloqalarni uzoq yillardan beri tahlil qilib keladi. Mintaqada ko’p vaqt o’tkazgan, izlangan, o’zbek tilida gapirishga harakat qiladi. Tahlilchi bilan muloqotda bo’ldik.

- Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi bugungi munosabatlarni qanday baholaysiz? Birma-bir qarasak, Anqara kimga qanchalik yaqin?

Balchi: Sovet ittifoqi parchalanar ekan, Turkiyada mintaqaga nisbatan siyosiy qiziqish juda kuchli edi. Siyosiy jihatdan Markaziy Osiyodagi yangi mustaqil davlatlar bilan ishlash prioritet deya belgilangan edi. G’arb Turkiyani yosh o’lkalar uchun namuna qilib ko’rsatar edi. Uning taraqqiyot yo’lidan borib, SSSR davriga xos iqtisodiyotdan voz kechib, G’arb tomon yo’nalgan bir jamiyatlar bo’ladi degan umidlar bog’langan edi. Lekin bu umidlar amalga oshmadi.

Nima uchun? Ikki sababi bor. Birinchidan, Turkiya bu davlatlardan kelayotgan katta talablarga javob bera olmadi. Markaziy Osiyo respublikalari esa usiz ham xalqaro maydonda o’z o’rniga ega bo’la olishini tushunib yetdi. Uchinchidan esa bu davlatlar Turkiyaning maqsadlarini o’z mustaqilligi va suvereniteti yo’lida to’siq deb bildi.

1996-yilga kelib Turkiya Markaziy Osiyoga nisbatan realroq qaray boshladi. 2002-yilda esa “Adolat va Taraqqiyot” (AKP) hokimiyatga kelgach, asosiy diqqatni Yaqin Sharqqa qaratishga qaror qilindi. Yaqin qo’shnilari bilan aloqalarni yaxshilash, kelishmovchiliklarga barham berish eng muhim vazifa deb belgilandi. Chunki bu masalalar hal etilmas ekan, Turkiya yetakchi davlat bo’la olmaydi deb o’ylashdi. Turkiya hamon o’sha masalalar bilan ovora va bu orada Markaziy Osiyo qanchalik muhim ekani tan olinmasin, unga e’tibor past. Lekin mintaqadagi har bir davlat bilan o’ziga xos aloqa bor:

Qozog’istonda Turkiya kompaniyalari uchun imkoniyatlar yaxshi. Shimkentda turk universiteti mavjud. Taqvodor Fathulla Gulen rahnamoligidagi harakat ham o’z oliygohi va kamida 30 litseyiga ega.

Turkmanistonda turk qurilish kompaniyalari juda faol. Saparmurod Niyozov davrida ham, Qurbonguli Berdimuhammedov prezidentligida ham munosabatlar mustahkamdek. Lekin Turkmaniston hukumati diniy hamkorlikka chek qo’ydi. Bu davlat endi o’z diniy elitasini Turkiya yordamida tayyorlamayapti. Aytishlaricha, Turkmanistonda taqvodorlar yetarli.

Qirg’izistonda prezident Almazbek Atambayev Turkiya bilan aloqani kuchaytirish payida. Atambayev turkcha gapiradi, uning Turkiyada shaxsiy bizneslari borligi ma’lum.

Tojikistonning Turkiya bilan munosabatlarini normal deb baholagan bo’lar edim.

O’zbekiston va Turkiya orasi esa bag’oyat sovuq. Respublikaga Anqarada qiziqish kuchli, ammo o’zbek muxolifatiga boshpana bergani uchun Toshkent Turkiyadan qattiq norozi bo’lgan va uning alomatlari har sohada namoyon.

- O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov yaqinda Sochida qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimiga borganida, Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog‘an bilan so’zlashgan. Turkiyaning Toshkentdagi yangi elchisi Namik Güner Erpul aloqalarni yaxshilashga harakat qilayotgandek ko’rinadi. Bular ijobiy o’zgarishlar emasmi?

Balchi: Hozircha quruq gaplar. Real bir o’zgarish bo’ladi deyishga asos yo’q, afsuski. Sababi shundaki, Toshkent nazarida o’zbek muxolifati hamon Turkiyadan turib faoliyat yuritadi. Karimov shunday fikrlaydi. Uni yo’q bunday emas deb ishontira olish qiyin, menimcha. Karimovning Turkiyadan shaxsiy alami bor. O’tmishda u Turkiyadan muxolifatchilarni vatanga jo’natishni so’ragan. Anqara esa bunga ko’nmagan. Muxolifatni yoqtirgani uchun emas, balki siyosiy faollarni qiynoq va qatl ehtimoli bilan yuzlashishi mumkin bo’lgan joyga yuborish xalqaro qonunlarga zid ekani uchun. O’zbekiston hukumati Turkiyaning diniy va siyosiy ta’siridan hayiqadi. Turkiya islomiy partiya qo’lida ekani ham Karimovga ma’qul emas.

- Turkiya o’zi, konkret olib qarasak, mintaqada qanday manfaatlarga ega?

Balchi: Asosan diplomatik va madaniy. Turkiyaning asosiy maqsadi aloqalarni rivojlantirish va Markaziy Osiyo bilan yaqinlashish. Bordi-keldi osonlashishishini ta’minlash. Tijorat va biznes muhim albatta, biroq eng muhimi, madaniy rishtalarni saqlash. Mustaqillikning ilk yillarida Turkiya turkiy xalqlar orasida integratsiyani targ’ib qilib, o’ziga xos bir blok tuzish kerak degan takliflarni quvvatladi. Lekin shunisi ayon bo’ldiki, respublikalar mustaqil davlat sifatida oyoqqa turar ekan, o’zi tanlagan yo’ldan borishni xohladi. Integratsiya emas, suverenitet muhim dedi.

Bayram Balchi, olim (Bayram Balci)

Bayram Balchi, olim (Bayram Balci)

- Ukrainadagi o’zgarishlarning Markaziy Osiyoga ta’siri haqida yozgan yangi maqolangizda mintaqa baribir Rossiya iznida qoladi degan fikrni olg’a surasiz. Nima uchun? Masalan, O’zbekiston Kreml siyosatini tanqid qilib, bayonot berdi, ikki bor. Suverenitetga urg’u berdi. Qrim Rossiya hududi ekanini tan olmayapti.

Balchi: Avvalo shuni aytish lozimki, Ukrainada Viktor Yanukovichning prezidentlikdan ag’darilgani Markaziy Osiyoning aksariyat rahbarlari uchun ma’qul emas. Inqiloblardan ular nafratlanadi. Arab bahori u yoqda tursin, Gruziya va Ukrainadagi inqiloblar sabab ular allaqachon oromini yo’qotgan.

Yana bir narsa – Qrim haqida hali biror tomon aniq bir gap aytgani yo’q. To’g’ri, hududiy yaxlitlik va suverenitetni hurmat qilish kerakligi xususida eslatishmoqda. Lekin o’z pozitsiyalarini aniqroq tushuntirishga urinishmayapti. Mahalliy matbuot Ukraina va Qrim masalasini deyarli yoritmayapti. Ukrainaga nisbatan siyosat Markaziy Osiyoda ham qo’llanishi mumkin degan qo’rqinch bor. Rossiya Qozog’istonda strategik inshootga ega. Qirg’iziston va Tojikistonda harbiy bazalari bor. Rossiya bilan hamkorlikda ham endi ehtiyotkorroq bo’lishlari tabiiy. Putinga ishonch yo’q, uning Yevrosiyo boj ittifoqiga ham jiddiy qarashmasligi tayin. Biroq Rossiyadek bahaybat qo’shni bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish qiyin. Undan uzoqlashish muammo tug’dirishini Ukraina misolida ko’rib turibmiz. Kreml baribir o’z ta’sir kuchini saqlab qoladi.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG