Turkiya Markaziy Osiyodagi Gulen maktablarining yopilishini talab qilmoqda


Turkiyaning Gulen tarafdorlariga nisbatan boshlagan ta’qibi Markaziy Osiyoga ham yetib keldi. Turkiyadagi davlat to'ntarishiga urinish ortidan dunyo bo'ylab Gulen maktablarini yopishga chaqirayotgan Anqara bu borada Bishkekni Qirg'izistonda kutilishi mumkin bo’lgan g'alayonlar bilan qo'rqitmoqda. Bishkek Anqara bayonotlarini Qirg'izistonning ichki ishiga aralashish sifatida baholagan.

Qirg'iziston rasmiylariga murojaat qilgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li “agar siz gulenchilar to'dasiga o'z munosabatingizni o'zgartirmasangiz, biz sizga nisbatan munosabatimizni o'zgartiramiz. Bu jinoyatchi guruh Qirg'izistondagi enf kuchli jamoatlardan, ular Qirg'izistonda ham davlat to'ntarishi qilishga urinishi mumkin”, degan.

Ancha keskin baholanayotgan bu bayonot Bishkek tomonidan javobsiz qoldirilmadi, bu murojaat va chaqiriqlar Qirg'izistonning ichki ishlariga aralashish sifatida baholandi.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi bayonotidan anglashilishicha, Anqara turk maktablari bo'yicha Bishkekka birinchi bor murojaat qilishi emas.

“Biz Turkiya tomonidan Qirg'izistondagi xususiy maktablar faoliyatiga doir murojaat olgan edik, murojaat hozir o'rganib chiqilmoqda, ammo bu narsa mamlakatning ichki ishi ekanligini yana bir bor ta'kidlaymiz”, - deyiladi Qirg'iziston tomoni bayonotida.

Turkiya hukumati Fathulla Gulen jamoasining xorijdagi ta’lim tizimini taqiqlashda faqat Markaziy Osiyo bilan cheklanayotgani yo'q. Ma’lumotlarga ko'ra, Ozarbayjonda turk universiteti faoliyati to'xtatilgan. Gruziya hukumati esa mamlakatdagi turk o'quv yurtlari bo'yicha Anqara bildirgan e'tirozlarni asossiz deb topgan.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan yozuvchi Safar Bekjon Anqaraning Gulen jamoasi maktablari bo'yicha bildirayotgan iddaolarini o'rinsiz tahdidlarga qiyoslaydi.

“Turkiya qilayotgan bu iddaolar kulgili, bu jamoada Qirg'izistonda inqilob qilish qudrati ham, imkoniyati ham yo'q. Ularning u yerdagi maktablari til o'rgatayapti, nafaqat turkcha, balki ruscha, inglizcha, faqat dinni o'qitayotgani yo'q. Bu maktablar o'sha yerdagi mentalitetga moslashib bo'lgan, musulmonlarni o'ziga og'dirish uchun biror diniy jamoalar tuzayotgani yo'q, masjidlar qurayotgani yo'q. Bu narsani Qirg'iziton tomoni ham juda yaxshi biladi, shuning uchun xotirjam”, - deydi Bekjon.

Fathulla Gulen jamoasiga daxldor ko'rilayotgan turk ta'lim tizimi Markaziy Osiyo davlatlariga 90-yillarda kirib keldi. Maktab, litsey, unversitetlardan iborat bu o'quv dargohlari ta'lim tizimining sifati bilan mintaqa aholisi orasida tezda mashhur bo’ldi.

Gulen jamoasi maktablarining Markaziy Osiyoda ommalashishini rasmiy Anqara ham qo'llab-quvvatlab kelgan.Turkiyada kuzatilgan davlat to'ntarishiga urinish ortidan esa hukumat va gulenchilar o'rtasidagi ziddiyat keskinlashdi, jamoat terorchi tashkilot sifatida e'lon qildi.

“Turkiya hukumati tavsiyasi, yordami bilan Gulen jamoasi Turkistonga kirib keldi. Mintaqa hokimiyatlariga ta’sir o'tkazishda ham turk elchixonalari yaqindan yordam berishdi. Bugunga kelib esa o'sha hukumat, o'sha davlatning o'zi, biz yuborgan odamlar, aldashdi, ularni haydang, ular terrorchilar ekan deyapti. O'zi shundoq ham bu maktablar, asosan, Qirg'izistonda qolgan. Qozog'iston, Tojikistonda juda kam. O'zbekiston esa ancha yillar avval ularni quvib chiqargan edi”, - deydi Bekjon.

Imom Fathulla Gulen AQShda yashaydi. Turkiyada uning izdoshlariga nisbatan keskin ta’qiblar boshlandi. Gulenchilarga daxldor minglab odamlar qamoqqa olingan, 10 minglab kishi ish joylaridan haydaldi, yuzlab maktablar faoliyati to'xtatildi, 50 ga yaqin jurnalist hibsga olingan.

“Hozir davlatning jazo mashinasi ishga tushgan, qora ro'yxatdagi odamlar ommaviy tarzda hibs qilinmoqda, ularga nisbatan jinoiy ish ochilmoqda. Menimcha, turk hukumati Fathulla Gulen jamoasining bu repressiyalarga nisbatan javobidan qo'rqmoqda”, - deydi Turkiyada yashayotgan o'zbek jurnalisti Kamoliddin Yo'ldosh.

Gulenning o'zi davlat to'ntarishiga oid ayblovni inkor etgan, voqealar sahnalashtirilgan bo'lishi mumkin, degan qarashlarni aytgan. Turkiya hukumati AQShdan uni vataniga qaytarish, xorijdagi tarafdorlarini ham bosimga olish, bu jamoaga tegishli tashkilotlarni taqiqlash bo'yicha harakatlarni kuchaytirgan.

“Qirg'iziston, albatta, bir jamoat uchun Turkiya bilan iqtisodiy aloqalarni uzib qo'yishga bora olmaydi, sekinlik bilan tomonlar o'rtasida murosa yuzaga keladi. Jamoaning o'zi ham kichik bir davlatga katta muammolar yaratishni istamasligi mumkin. Turkiya esa Gulenning jamoasini ta’qib qilishda davom etadi. Davlat to'ntarishi Erdog’an diktatura tashkil etish maqsadida o'ylab topilgan sahnaga o'xshaydi. Erdog’an hukumati tobora Markaziy Osiyodagi tuzumlarga, jumladan, O'zbekistondagi rejimga yaqinlashib bormoqda”, - deydi Safar Bekjon.

Istanbuldagi “Turkistonliklar” jamiyati faoli Namoz Normo'minga ko'ra esa, xavotirlarga asos yo'q.

“Yo'q, bunday xavotirlarga asos yo'q. Davlat to'ntarishi bu jiddiy jinoyat. Turkiya ochiq davlat, mahkamaning shaffof o'tishiga men ishonaman. Isyonchilar jazolanishi kerak, butun davlatlarda bu xuddi shunday”, - deydi u.

Sharhlovchi Normo'min fikricha, Turkiya jamiyatining barcha jabhalariga, ayniqsa, hukumat idoralari va armiyaga o'z odamlarini olib kirgan Gulen jamoatining qo'zg'olon ortida turgani haqidagi da'volarda asos bor.

15-16-iyul kunlari Turkiyada davlat to'ntarishiga urinish harakati bostirildi. Hukumat bu urinishda mamlakatdagi bir qism harbiylarni, Fathulla Gulen jamoasi vakillarini ayblab chiqdi. Isyon paytida 250 dan ziyod fuqaro qurbon bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG