Breaking News

Turkiyada korrupsiya darajasi hanuz yuqori


Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo'g'an
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo'g'an
Turkiya hukumati korrupsiyaga barham bermagani uchun ko’p tanqidga uchraydi. Ammo rasmiy Anqara muammoga qarshi jiddiy kurash olib borayotganini aytadi.

Turkiya “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi hukmronligi davrida katta iqtisodiy yutuqlarga erishdi. Ammo mamlakat hanuz korrupsiya ildiz otgan davlatlar ro’yxatida.

Turkiyada korrupsiya, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:40 0:00
Yuklab oling

2011-yil “Ernst and Young” xalqaro buxgalteriya kompaniyasi tomonidan o’tkazilgan so’rovda turkiyaliklarning 77 foizi poraxo’rlik va korrupsiya hamma joyda uchrashini aytgan. Firibgarlikni tekshiruvchi xalqaro assotsiatsiya ma’lumotiga ko’ra, dunyo bo’ylab tashkilotlardagi korrupsiya darajasi yetti foiz bo’lsa, Turkiyada bu raqam 15 foizni tashkil etadi.

Istanbulda joylashgan “Global manba hamkorlari” (Global Source Partners) nomli tadqiqot markazi tahlilchisi Attila Yesiladaning aytishicha, mamlakatda ish olib borayotgan xalqaro investorlar ham korrupsiya muammolariga duch kelmoqda.

“Xorijlik biznesmenlarning yarmidan ko’pi byurokratiya, qog’ozbozlik, poraxo’rlik va tanish-bilishchilikdan shikoyat qiladi. Bular biznes muhitini buzadigan narsalar. Hukumat muammolarni yo’qotish uchun ko’p harakat qildi, ammo foydasi bo’lmayapti”, - deydi tadqiqotchi.

Hukmron partiya o’zini biznes himoyachisi sifatida ko’rsatishga urinadi. Korrupsiyani tag-tomiri bilan quritishga bel bog’laganini aytadi. Shu yil boshida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Turkiyani korrupsiyaga qarshi olib borgan sa’y-harakatlari uchun “Jamoatchilik xizmatlari uchun” nomli mukofot bilan taqdirladi.

Turkiyada politsiya muntazam korrupsiyaga qarshi reydlar uyushtirib turadi. Ammo tanqidchilar nazarida, bunday tekshiruvlar faqat muxolif partiyalar nazorati ostidagi hududlarda o’tkaziladi.

Tahlilchi Yesilada fikricha, bunday choralar korrupsiyani butunlay yo’qotish o’rniga, undan foyda ko’radigan doiralarning o’zgarishiga sabab bo’lyapti, xolos. Asosiy muammo Turkiyada barcha kuchlarning markazlashgani, deydi u.

“Bizdagi hamma narsa hukumatning qo’lida va kimga nima berishni, iqtisodiy resurslarga kim egalik qilishini faqat hukumat belgilaydi, degan mentalitet o’zgarmaguncha, korrupsiya yo’qolmaydi”, - deydi Yesilada.

Avvalgi hukumat davrida 2001-yil Jahon Banki bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi tekshiruvlarni amalga oshiradigan mustaqil idora tuzilgan edi. Ammo 2010-yildan boshlab bu idoraning faoliyati yana hukumat nazoratiga o’tkazildi.

“Adolat va Taraqqiyot” partiyasi tanqidlarning asossiz ekanini aytadi. Bizning davrimizda erishilgan mislsiz iqtisodiy yutuqlar to’g’ri siyosat yuritayotganimizning isbotidir, deydi hukumat rasmiylari.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG