Kerri: Turkiya aybdorlarni topishda haddidan oshmasin

  • Amerika Ovozi

Maxsus xavfsizlik kuchlari harbiylar isyonida halok bo'lgan fuqarolarning janoza namozi bo'layotgan masjidni qo'riqlamoqda, Anqara, 17-iyul, 2016-yil.

Maxsus xavfsizlik kuchlari harbiylar isyonida halok bo'lgan fuqarolarning janoza namozi bo'layotgan masjidni qo'riqlamoqda, Anqara, 17-iyul, 2016-yil.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Turkiyada davlat to'ntarishini amalga oshirishga uringanlar jazolanishini yoqladi, ammo hukumat jazolash kampaniyasini haddan ziyod kengaytirib yubormasligi kerak, dedi.

"Biz Turkiya hukumatini davlatning demokratik institutlari va qonun ustuvorligiga eng yuqori darajada hurmat ko'rsatishga undaymiz, - dedi u. - Biz, albatta, to'ntarishda qatnashgan jinoyatchilarning jazoga tortilishini quvvatlaymiz, lekin haddidan oshib ketmasliklari haqida ogohlantiramiz".

"Anadolu" davlat axborot agentligining xabar qilishicha, juma kuni yuz bergan davlat to'ntarishiga urinish ortidan 8777 zobit ishdan haydalgan hamda harbiylar va sudlov tizimidan 6000 kishi hibsga olingan.

Xalqaro hamjamiyat yetakchilari orasida ham Turkiyada jazolash jarayonining keng tus olayotganidan xavotir bildirayotganlar bor.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo'yicha mas'ul rasmiysi Federika Mogerini "mamlakat uchun qonun ustuvorligini himoya qilish zarur" ekanini aytdi. U bu haqda Bryusselda ittifoq tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda gapirdi.

Kerri AQShning aloqadorligini inkor qildi

Kerri Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan isyonga Vashingtonning aloqasi borligi haqidagi taxminlarni inkor qildi.

"Amerikaning aloqadorligi haqidagi ayblovlarni olg'a surish mas'uliyatsizlik", - dedi AQSh Davlat kotibi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an isyonni rejalashda AQShning Pensilvaniya shtatida yashovchi asli turkiyalik diniy arbob Fathulloh Gulenni aybladi. Anqara uning Turkiyaga ekstraditsiya qilinishini so'ramoqda.

Agar asosli dalillar taqdim etilsa, AQSh bu masalani ko'rib chiqadi, dedi Kerri.

Erdog'an mamlakatdagi to'polonlarda tez-tez xorijdan dastaklanadigan "parallel davlat"ni ayblab turadi. 16-iyul kuni Mehnat vaziri Sulaymon Soylu harbiylar isyoni ortida Vashington turganini aytdi.

Jon Kerri telefon orqali Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li bilan gaplashib, "muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy to'ntarishda AQShning roli borligi haqida da'vo va shamalar qilish mutlaqo bema'ni va o'zaro ikki tomonlama aloqalar uchun xavfli" ekanini ta'kidladi.

Xususan, Kerrining "CNN" telekanaliga aytishicha, Anqara Gulenni ekstraditsiya qilish bo'yicha hali rasman murojaat qilgani yo'q. Biz tashqi ishlar vaziridan rasmiy iltimos qilishlarini so'radik; AQSh hech kimni ushlab o'tirgani yo'q, dedi Davlat kotibi.

Fathulloh Gulen harbiy to'ntarishga aloqasi borligini inkor qildi va kim amalga oshirgani haqida ham biror ma'lumotga ega emasligini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG