Turkiyaning barcha sohalarida tozalash ishlari ketmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchilari bilan uchrashmoqda. Shundan so'ng u vazirlar bilan gaplashib, mamlakatga murojaat qilishi kutilyapti.

20-iyul kuni ertalab Turkiyaning oliy ta'lim kengashi o'qituvchilarning xorijga chiqishi vaqtincha taqiqlanganini e'lon qilib, xorijdagilarni zudlik bilan mamlakatga qaytishga undadi.

Turkiya matbuoti xabariga ko'ra, mamlakat bo'ylab 15200 o'qituvchi ishdan haydalgan. Ichki ishlar vazirligi esa 9000 ga yaqin xodimini vazifasidan ozod qilgan. Moliya vazirligidan 1500, Diniy ishlar boshqarmasi, Oila va ijtimoiy siyosat vazirligidan esa yana yuzlab odam ishdan bo'shatilgan. Oliy ta'lim idorasi universitetlardan 1577 dekanni vazifasidan olishni so'ragan.

Bulardan tashqari 9000 odam muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy to'ntarishga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan. O'tgan hafta 15-iyuldan 16-iyulga o'tar kechasi bir guruh harbiylar isyon ko'tarib, hokimiyatni ag'darishga uringan edi.

AQSh yordam taklif qildi

AQSh Prezidenti Barak Obama hodisani tergov qilishda yordam taklif qilgan.

Oq uyning ma'lum qilishicha, Obama va Erdog'an telefon orqali suhbatlashgan. Obama tergov ishlarida kerakli yordamni berishga tayyor ekanini bildirgan.

Ikki yetakchi AQShda istiqomat qilayotgan diniy arbob Fathulloh Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilish masalasini ham gaplashgan. Anqara davlat to'ntarishi ortida Gulen turganini da'vo qilmoqda.

Oq uy so'zlovchisi bu shaxs haqida AQSh va Turkiya rahbarlari nimani gaplashgani haqida aniq ma'lumot bermadi, ammo masala Anqara va Vashington o'rtasida mavjud shartnoma asosida hal qilinishini bildirdi.

Obama harbiy to'ntarishni keskin qoralab, ayni paytda tergov va surishtiruv ishlarini demokratik institutlar hamda qonun ustuvorligiga aholining ishonchini saqlab qolgan holda o'tkazishga chaqirdi.

Gulenni ekstraditsiya qilish talabi

Turkiya AQShga Gulenga oid ma'lumotlarni jo'natgani aytilmoqda. Davlat departamenti Anqaradan ayrim materiallarni olganini tasdiqladi, ammo uning rasmiy ekstraditsiya so'rovi ekani yoki yo'qligini Adliya vazirligi korib chiqib ma'lum qilishini bildirdi.

Gulen 1999-yildan beri AQShning Pensilvaniya shtatida yashaydi. U falsafiy islomni targ'ib qilib, demokratiya, ta'lim, ilm-fan va dinlararo muloqot tarafdori ekanini aytadi. Uning tarafdorlari dunyo bo'ylab yuzlab, AQShda o'nlab maktablarni yuritadi.

Gulen Turkiyada minglab tarafdorlarga ega bo'lib, uning maktablarida ta'lim olgan sodiq izdoshlari mamlakatning turli sohalarida yuqori mansablarni egallagani aytiladi.

Erdog'an va Gulen bir paytlar siyosatda yaqin ittifoqchi bo'lgan. Ammo 2013-yilga kelib ular o'rtasiga sovuqlik tushgan edi.

Gulen Erdog'anning tobora avtoritarlashib borayotganini tanqid qiladi. Turkiya yetakchisi esa xorijdagi peshvoni mamlakatda "parallel davlat" qurganlikda ayblaydi.

Erdog'an 17-iyul kuni Turkiyada o'lim jazosi qayta tiklanishi mumkinligini aytdi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo'yicha rasmiysi Federika Mogerini agar bu chora amalga oshsa, Anqaraning ittifoqqa qo'shilish umidlari puchga chiqishidan ogohlantirdi.

Turkiya 1984-yildan beri hech kimga oliy jazo qo'llamagan. Yevropa Ittifoqiga qo'shilish talablaridan biri sifatida 2004-yil o'lim jazosi rasman bekor qilingan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG