Turkiyada sud va hukumat o'rtasida ziddiyat kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya konstitutsiyaviy sudi Tvitterni taqiqlash haqidagi hukumat qarorini noqonuniy deb topdi.

Turkiya konstitutsiyaviy sudi Tvitterni taqiqlash haqidagi hukumat qarorini noqonuniy deb topdi.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an hamda mamlakat konstitutsiyaviy sudi o’rtasida ziddiyat kuchaymoqda. Sud e’lon qilgan so’nggi qarorlar yangi siyosiy ixtilof yuzaga chiqayotganidan dalolat berishi mumkin. Turkiyaning konstitutsiyaviy sudi so’ngi haftalarda hukumat faoliyatiga qarshi qarorlar qabul qildi.
“Tvitter” ijtimoiy tarmog’iga qo’yilgan taqiq noqonuniy deb topildi. Shuningdek, hukumatga sudlar va prokurorlar ustidan kengroq nazorat qilish imkonini beruvchi qonun bekor qilindi.

Bosh vazir Erdog’an bu qarorlarni adolatsizlik deb hisoblaydi.

“Hamma o’z ishini qilishi kerak. Agar sudyalar siyosatga aralashishni istasa, avvalo, sudni tark etsin”, - deydi Erdog’an.

Muxolifatdagi Respublikachilar xalq partiyasi bosh vazirning bu hujumini keskin tanqid qilib chiqdi.

Partiyaga mansub deputatlardan biri, Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudining sobiq sudyasi Rizo Turmen bosh vazir faolyatini tekshirisning so’nggi imkoniyati tahdid ostida, deydi.

“Bosh vazirning konstitutsiyaviy sud qarorlaridan mamnun emasligi bizda hokimiyatlarning bo’linishi tamoyiliga hurmat qanchalik past ekanini ko’rsatdi. Vaholanki, bu har qanday demokratik davlatning ajralmas qismidir”, - deydi u.

Erdog’an va uning partiyasi esa aslida demokratiyani himoya qilayotganini ta’kidlaydi, deydi “Global manba hamkorlari” tashkiloti tadqiqotchisi Attila Yesilada.

“Mahalliy sayovlarda 45 foizdan ortiq ovoz to’plangach, Erdog’an mamlakatni xohlaganidek boshqarish huquqini qo’lga kiritgandek bo’ldi. Natijada konstitutsiyaviy sudning unga yoqmagan qarorlarini demokratiyaga aralashish sifatida baholamoqda”, - deydi tahlilchi.

Erdog’an hukumatga qarshi yashirin kampaniya ketayotganini da’vo qiladi. Korrupsiya mashmashasi boshlanganidan beri u minglab politsiyachi va yuzlab sudyalarni qasddan hukumatga qarshi harakat boshlaganlikda ayblab, ishdan bo’shatdi.

“Milliyat” gazetasi siyosiy tahlilchisi Asli Aydintashbashning aytishicha, avgust oyidagi prezidentlik saylovlari yaqinlashgan sari hukumatning xavotirlari oshib bormoqda.

“Partiya ichida konstitutsiyaviy sud raisi Hoshim Qilich prezidentlik uchun Erdog’anga qarshi nomzod bo’lishi mumkinligi haqida gaplar yuribdi. Ular bundan vahimaga tushgan. Konstitutsiyaviy sud raisi el hurmatini qozongan arbob. Uning biror lavozimga ko’z tikayotgani hali hech kimga ma’lum emas”, - deydi u.

Karnegi jamg’armasining Yevropadagi tadqiqotchisi Sinen Ulgen sud va Erdog’an o’rtasidagi munozara demokratiyaning kuchayishiga olib keladi, degan fikrda.

“Agar ular o’zaro kelishuvga erishsa, bu mamlakatning demokratik qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Xavf shundaki, konstitutsiyaviy sud a’zolari ham prezident tomonidan tayinlanadi. Agar Erdog’an prezident bo’lsa, bundan buyon hukumatga qarshi chiqmaydigan sudyalarni tayinlashga moyil bo’ladi”, - deydi u.

Ayrim siyosiy kuzatuvchilar nazarida, sud qarori bilan bog’liq munozara avgust oyiga belgilangan prezidentlik saylovlarining ahamiyatini yanada oshiradi.

Hukumat tarafdorlari uchun so’nggi saylovlar xalq kim bilan birga ekanini ko’rsatdi. Muxolifat esa bu bilan Erdog’an hukmronligiga qarshi mavjud so’nggi qonuniy chora ham barham berilayotganini aytadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG