Iroqdagi mojaro Turkiya iqtisodiga zarar keltirishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Turkiya va Iroq

Turkiya va Iroq

Savdo-sotiq sohasida Iroq Turkiyaning ikkinchi eng yirik hamkori ekan, qo’shni yurtda tobora yomonlashayotgan vaziyat Turkiyaga qanday ta’sir qiladi? Turk kompaniyalari Iroqqa yiliga 14 milliard dollarga teng mahsulot eksport qiladi.

“Iroq va Shom islomiy davlati” jangari guruhi Iroqning yangi hududlari ustidan nazorat o’rnatar ekan, bu jarayonning Turkiya iqtisodiyotiga salbiy ta’siri yuzasidan xavotirlar kuchaymoqda.

Bryusseldagi Karnegi tadqiqotlar markazi tahlilchisi Sinan Ulgen ham shunga urg’u beradi.

“Turkiyaning mintaqa mamlakatlariga mahsulot eksport qilishiga ikki jihatdan zarba berildi. Birinchidan, beqarorlik oshdi. Ikkinchidan, Iroq va Suriyadagi mojaro sababli Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlariga savdo yo’llari yopildi”, - deydi u.

Tahlilchilar fikricha, Turkiya uchun oqibat bundan-da yomonroq bo’lishi mumkin edi, chunki savdoning 75 foizi Iroqning nisbatan barqaror Kurdiston hududi bilan amalga oshiriladi. Jangarilarningning bu mintaqaga ta’siri jiddiy darajada emas.

Turkiyaning Fors ko’rfazi mamlakatlari bilan savdosi boshqa masala, deydi “Global manba hamkorlari” tadqiqot guruhi siyosiy maslahatchisi Atilla Yesilada.

Iroq mojarosi Qohira va Anqara o’rtasidagi diplomatik aloqalar taranglashgan bir paytda yuz bermoqda, deydi u.

“Misr rahbariyati yuk tashuvchi mashinalarimiz va paromlarimiz uchun qiyinchiliklar yaratmoqda. Inqiroz boshlanishidan oldin 30 mingta yuk tashuvchi mashina Iroqqa borib kelardi. Bugun esa bu raqam 5 minggacha tushib ketdi”, - deydi Yesilada.

Jangari guruh mintaqaviy tinchlikka tahdid solar ekan, Turkiyaning iqtisodiy qiyinchiliklari yanada kuchayishi mumkin.


Xavotirlarga sabab bo’layotgan soha – oshib borayotgan neft narxlari, deydi tahlilchi Yesilada. Bu energiya sotib oluvchi Turkiya uchun katta xarajatlarni anglatadi.

“Vaqt o’tgan sari oshib boraveradi. Misol uchun neft narxlarini olaylik. “Qora oltin”ning Brent bo’yicha narxi 10 dollarga oshsa, energiya taqchilligi 4 milliard dollarga oshadi, inflyatsiya esa 50 pog’ona ko’tariladi”, - deydi Yesilada.

Tahlilchi Ulgen kelajak jangarilar tahdidi ko’lamiga bog’liq, deydi. Ahvol yomonlashsa, Turkiya iqtisodi yanada ko’p zarar ko’radi.

“Eng muhimi shuki, agar vaziyat yomonlashishda davom etsa, Turkiyaning xalqaro sahnadagi obro’siga putur yetadi. Bu esa Turkiya va turk kompaniyalari uchun kapitalning qimmatlashishini anglatadi. Turkiya iqtisodiyoti uchun bu juda katta ahamiyatga ega”, - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiyada Adolat va taraqqiyot (AK) partiyasi hokimiyatga kelgandan beri o’tgan 10 yil davomida jadal iqtisodiy o’sish kuzatildi, ammo so’nggi yillarda sur’atlar pasaygan.

Avgustda prezidentlik saylovlari, 2015-yil iyunida esa umumiy saylovlar bo’lib o’tadi. Prezidentlikka da’vogar Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an uchun aynan iqtisodiyot masalasi jiddiy sinov bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG