Turkiyada korrupsiya bilan bog'liq tergov iqtisodiyotga zarar yetkazmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an hukumatiga qarshi korrupsiya ayblovlarini uni hokimiyatdan ag’darishga qaratilgan harakat deya baholar ekan, tahlilchilar nazarida bu hol iqtisodiyotga zarar qilmoqda.

So’nggi voqealar Turkiyada siyosiy kuchlar o’rtasida kurashni avj oldirgan. Muxolifat parlamentda hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi olg’a surgan qonun loyihasiga qarshi chiqmoqda. Erdog’an hukumati Sudyalar va prokurorlar oliy hay’atiga a’zolarni tayinlashda va qarorlarida kattaroq rol o’ynamoqchi. Oppozitsiya nazarida Erdog’an korrupsiya bilan bog’liq tergovni bosti-bosti qilishga urinyapti.

Bosh vazir nazarida xorijiy kuchlar sudyalarni unga qarshi qayramoqda.

"Hukumatga qarshi fitna rejalanmoqda", - deydi u.

O’tgan hafta poytaxt Anqarada 10 mingdan ziyod odam poraxo’rlikka qarshi namoyishga chiqdi.

Londondagi universitet talabasi, asli turkiyalik Gul Barno O’zjanning aytishicha, korrupsiya Turkiya siyosiy va biznes olamining cho’qqisigacha yetib borgan.

"Iqtisodiyot kuchaygani sari korrupsiya ko’lami ham kengaymoqda. Bu illat, asosan, shahardagi xizmatlar, ta’minot tizimi, xususiylashtirish, yerni taqsimlash, obodonchilik sohalarini qamrab olgan", - deydi u.

Mashmasha oqibatida uch vazir iste’fo berdi. Barchasining o’g’illari poraxo’rlikda ayblanib hibsga olingan edi. Politsiya va prokurorlardan darg’azab Erdog’an esa javob chorasi sifatida tergovga qo’l urgan bir necha politsiya boshqarmasining boshlig’i va 350 politsiyachini lavozimidan bo’shatdi, bir nechtasi esa hibsga olindi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, chora, asosan, “Hizmat” ijtimoiy harakatining asoschisi, so’nggi yillarda AQShda yashayotgan diniy ulamo Fathulla Gulenning adliya tizimida ishlayotgan tarafdorlariga qarshi qaratilgan.

Londonda o’qiyotgan turk talabasi Gulen harakati ham o’z vaqtida iqtisodiy yuksalishdan foyda ko’rgan, deydi.

"Privatizatsiya orqali, shahardagi ko’chmas mulk bilan bog’liq kelishuvlar orqali. Ammo keyinchalik ular yog’li joylardan siqib chiqarildilar", - deydi Gul Barno O’zjan.

Turkiya iqtisodiyotining yuksalishi Erdog’anga uch bor bosh vazirlikka saylanishga yordam berdi. So’nggi 10 yilda iqtisodiyot yiliga o’rtacha 5,2 foiz sur’atda o’sgan. Biroq 2011-yildan beri, deydi londonlik tahlilchi Fadi Xakura, o’sish sekinlashgan.

"Foyda ko’rish imkoniyati qisqargan sari hamma ko’proq ilib qolishga harakat qilmoqda, natijada o’rtada norozilar ko’p, konservativ kuchlar o’zaro tortishmoqda", - deydi ekspert.

Xakuraning aytishicha, Turkiya iqtisodchilar tili bilan aytganda “o’rta daromad qopqoni”dan chiqolmay qoldi.

"Ishlab chiqarish sur’atining o’sishi, inson kapitalining sifati, samarali davlat idoralari, tiniqlik, qonun ustuvorligi – bularning barchasi o’ta muhim, ammo Turkiyaga mana shu jihatlarning hammasi yetishmay turibdi", - deydi Xakura.

So’nggi voqealar esa, deydi Gul Barno O’zjan, iqtisodiy muammolarni yanada kuchaytirmoqda.

"Qonun ustuvorligi xavf ostida. Hech kim adliya tizimi hukumat nazoratida bo’lgan davlatga sarmoya kiritishni istamaydi", - deydi talaba.

Erdog’an ayblovlar soxta deb, uni siyosiy sahnadan chiqarishga, sentabrda prezident saylovlarida ishtirok etishining oldini olishga qaratilganini aytadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG