Turkiya saylov natijasi Markaziy Osiyo bilan aloqalarga ta'sir ko'rsatmaydi


Istanbul bozorlarida

Istanbul bozorlarida

Turkiyada o'tgan takroriy saylovlar yakunida Prezident Rajab Toyib Erdog'an himoyasidagi "Adolat va taraqqiyot" partiyasi g'alaba qilib, hokimiyatni qo'lga oldi.

Saylov Markaziy Osiyoda, jumladan, O'zbekistonda ham qiziqish bilan kuzatilgan, ammo Toshkent-Anqara munosabatlariga o'zgarishlar olib kelishiga ishonch past.

Turkiyada yashab kelayotgan o'zbekistonlik siyosiy muhojir, Istanbuldagi “Turkistonliklar” tashkiloti faoli Namoz Normo'min mavjud tanqidlardan qat'i nazar, parlament saylovlari demokratik va ochiq tarzda o'tganini ta'kidlaydi.

“Islom dunyosida bu kabi ochiq saylovlar juda kam o'tadi. "Adolat va taraqqiyot" partiyasining g'alabasi esa avvalo dunyoviy kuchlarni tamsil etib kelayotgan muxolifatni aniq bir dastur bilan chiqa olmaganiga bog'liq. Turkiyada endi barqarorlik bo'ladi, hukumat shakllanadi. Avvalgi siyosatda o'zgarishlar bo'lmaydi, ichki siyosat avvalo iqtisodga qaratiladi”, - deydi Normo'min.

Yakshanba kungi parlament saylovlari Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan ma'muriy bosim ishlatilishi, so'z erkinligi cheklanishi yuzasidan tanqidga olindi.

Bosh vazir Ahmad Dovuto'g'li yetakchiligidagi "Adolat va taraqqiyot" partiyasi 50 foizga yaqin ovoz olib, yakka tartibda hukumat tuzish vakolatiga ega bo'ldi.

Vaholanki, avvalroq bu partiya siyosiy sahnani tark etishi mumkinligi haqidagi taxminlar ham yangrayotgan edi. Besh oy burungi saylovlarda biror partiya hukumat tuzish uchun yetarli ovoz to'play olmagan va koalitsion hukumat tuzish uchun muzokaralar ham samara bermagan.

Saylov Turkiyada vaziyat og'irlashgan bir sharoitda o'tdi, mamlakatda bir nechta yirik terrorchilik hujumlari kuzatildi. Kurd ayirmachilari bilan ziddiyatlar kuchaydi, Suriya mojarosi esa Turkiya siyosatidagi asosiy o'ringa chiqdi.

Aksariyat turklar bu vaziyatda "Adolat va taraqqiyot" partiyasiga ishonch bildirayotgan ko'rinadi. Namoz Normo'minga ko'ra, hukumat endi eng dolzarb muammolarni bartaraf etishga kirishadi.

“Turkiya Yevropa Ittifoqi bilan bo'lishi kerakmi yoki arab dunyosi bilanmi, degan bahslarga ham muvozanat kiritiladi. Dovuto'g'li hukumati uchun birinchi masala, albatta, bu ichki muammolar. Ikkinchi masala esa Suriya, Yaqin Sharq mojarosi. Suriyadan 2 million qochqin bor Turkiyada, bu juda dolzarb. Keyingi masala - Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar. Shundan so'nggina balki Markaziy Osiyo bilan aloqalar turishi mumkin”, - deydi Namoz Normo'min.

Anqaraning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlari, O'zbekistonni istesno qilganda, barqaror. Qozog'iston, Qirg'iziston, Ozarbayjon va Turkiya ishtirokida turkiy davlatlar ittifoqiga asos solingan. Prezidentlar bu tashkilot sammiti doirasida muntazam uchrashib, maslahatlashib turishadi.

Ammo bunday ittifoq mavjudligidan qat'i nazar, Turkiyaning mintaqadagi geosiyosiy raqobatga qo'shilish imkoniyati cheklangan deb baholanadi.

“Turkiya Turkmaniston, Qozog'iston, Qirg'iziston bilan yaxshi munosabat qurgan. Neft, gaz sohasida, turkiy dunyo blan aloqalar bo'yicha hamkorlik rivojlanib boradi, deb o'ylayman. Afsuski, O'zbekiston bilan aloqalar unchalik emas, saylovlardan keyin biror o'zgarish bo'lishini aytish ham qiyin. Turkiya siyosati ancha taraqqiy qilgan, lekin mintaqada Yaponiya singari, Xitoy singari katta sarmoyalar yotqizish bilan, yoki AQSh singari davlat kotibi darajasida mintaqadagi siyosiy vaziyatga qattiq aralasha olmaydi”, - deydi Normo'min.

Turkiya va O'zbekiston o'rtasidagi so'nggi muzokaralar Dovuto'g'li tashqi ishlar vaziri bo'lgan davrda kuzatilgan edi. Bu muzokaralar ortidan aloqalarni tiklashga qaratilgan oliy toifadagi tashrif boshlanishi haqidagi taxminlar esa oqlanmadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG