Breaking News

Namoz Normo'min: Turkiya xalqi dunyoviylikni tanladi


Turkiya matbuotida Erdog'anning partiyasi "cho'kdi" kabia sarlavhalarni ko'rish mumkin
Turkiya matbuotida Erdog'anning partiyasi "cho'kdi" kabia sarlavhalarni ko'rish mumkin

Turkiyada kechagi parlament saylovlari yakuniga ko'ra, uzoq yillar hukumronlik qilgan "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi mutlaq ustunlikni qo'ldan bor berdi. Bu esa xalq dunyoviy tuzumni qo'llab, himoya qilayotganidan dalolat, deya ko'riladi.

Namoz Normo'min: Turkiya xalqi dunyoviylikni tanladi - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:32 0:00

Islomiy qadriyatlar himoyachisi sifatida shuhrat qozongan hukmron partiya hozir boshqa partiyalar bilan koalitsiya tuzishi va ichki hamda tashqi siyosatini o'zgartirishi mumkin.

Prezident Rajap Toyib Erdog'an asos solgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasi qariyb 41 foiz ovoz bilan g'alaba qozongan. Ammo bu g'alaba so'nggi 10 yilda Erdog'an yetakchilik qilgan siyosat mag'lubiyatga uchrashidan darak deya qabul qilinmoqda.

Turkiyada yashayotgan o'zbek ziyolisi Namoz Normo'minning aytishicha, saylov islomiy partiyaga ishonch so'nib borayotganini ko'rsatgan.

“Natijani shunday baholash mumkin: so'nggi 13 yilda Erdog'an partiyasi hukumatni yakka boshqarib kelayotgan edi. 2002-yildan buyon 50 foizdan ko'p ovoz olgan partiya birinchi bor 40 foizga tushib qoldi. Bunga qarshi muxolifat, dunyoviylik tarafdori bo'lgan uch partiya g'alabani qo'lga kiritdi. Ammo bu partiyalarning o'zlarida ham qarama-qarshilik yetarli. Masalan, ularning hammasini ham dunyoviylik tarafdori deyish qiyin, turk millatchilari va kurd millatchilari o'rtasida ziddiyat kuchli. Ammo bu partiylar ichida ham taqvodor musulmonlar ko'pligini e'tibordan qochirmaslik kerak. Umumiy natijaga ko'ra, Erdog'anning partiyasiga qarshi dunyoviy partiyalarning qo'li baland kelib turibdi”, - deydi u.

Saylovdagi 99 foiz ovozlar hisoblab bo'lingan so'nggi natijalarga ko'ra, “Adolat va taraqqiyot” 41 foizga yaqin, Kamol Otaturk asos solgan Jumhuriyat Xalq partiyasi 25 foizdan ko'p, Milliyatchilar harakati partiyasi 16 yarim foiz, Kurd xalqining demokratik partiyasi salkam 13 foiz ovoz olgan.

Bu ko'rsatkichlar biror partiyaga Buyuk Milliy Kengashda mutlaq ko'pchilik o'rin bermaydi. Yangi hukumat shakllanishi uchun partiyalar o'zaro ittifoq tuzishi kerak, ammo hozircha bunday ittifoq shakllanishi haqida gapirish qiyin.

“Hozir siyosiy mot bo'ldi, hech kim g'alaba qozonmadi. Albatta, hukumatni tezlik bilan tuzish imkonsizligi Turkiyaning Yaqin Sharq siyosatiga jiddiy ta'sir ko'rsatadi. Turkiya parlament respublikasi sifatida qolmoqda, Erdog'anning prezidentlik boshqaruviga o'tish istagi amalga oshmadi. Hozir hukumat shakllanishi muhokamadagi asosiy masala. Ammo muxolif kuchlarning hammasi Erdog'an partiyasi bilan ittifoqqa bormoqchi emas. Ular ittifoqqa birlashib hukumat tuzish imkoni qiyin, Turk millayatchilari biz baribir muxolifatda qolamiz deb bayonot berdi”, - deydi Namoz Normo'min.

Saylov natijalari iqtisodiy vaziyatda ham aks eta boshlagan, turk lirasi AQSh dollariga nisbatan qadrsizlangan.

Hozir Turkiya tashqi siyosatining qanday rivojlanishi, qanday o'zgarishlar kutilayotgani haqida gapirish qiyin ko'riladi, mamlakatda ichki ziddiyatlar kuchayishi ehtimoli yo'q emas.

Dunyoviylik tarafdori bo'lgan uch partiya g'alabani qo'lga kiritdi. Ammo bu partiyalarda ham qarama-qarshilik yetarli. Masalan, ularning hammasini ham dunyoviylik tarafdori deyish qiyin, turk millatchilari va kurd millatchilari o'rtasida ziddiyat kuchli.

“Vaziyat tarang, bugun dollar yuksalib ketdi, Istanbul birjasida jiddiy tushishlar. Bu, albatta, xalqning kayfiyatiga ta'sir qiladi. Agar hukumat tuzish imkoniyati bo'lmay qayta saylov o'tadigan bo'lsa, unda Erdog'an partiyasi hukumatni yana yakka o'zi qo'lga olishi yoki, aksincha, mutlaqo zaiflashib ketishi mumkin. Bunday taqdirda Turkiyaning siyosiy kelajagi, xavfsizligi haqida gapirish juda qiyin bo'ladi, chunki sahnaga bir-biriga keskin qarshi kuchlar chiqdi. Bir tomonda turk va kurd millatchilari, bir tomonda islomchilar, boshqa tomonda dunyoviylar. Jamiyat jiddiy bir zilzilani boshdan o'tkazdi, uning oqibatlari qanday bartaraf etiladi, noma'lum”, - deydi Namoz Normo'min.

Saylovda ovoz berishi kutilgan 52 milliondan oshiq aholining 84 foizi qatnashgan. Bu ko'rsatkich aholi saylovlarga o'ta jiddiy yondashganidan darak sifatida ko'rilmoqda.

Jarayonda 20 dan ortiq partiyalar parlamentdagi 550 o'rin uchun kurashgan bo'lsa, faqat to'rttasi 10 foizlik shartli to'siqdan o'tgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG