Breaking News

Turkiyada prezidentlikka kurd arbobi nomzod


Salohiddin Demirtosh kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasi raisi
Salohiddin Demirtosh kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasi raisi

Turkiyada prezident saylovlariga tayyorgarlik avjida ekan, kurdlar o’z nomzodini ko’rsatmoqda. Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Salohiddin Demirtosh nomzodlar orasida uchinchi o’rinda. Demirtosh g’alaba qozona olmasa-da, deydi kuzatuvchilar, saylov natijalariga ta’sir qilishi aniq.

Yaqinda Istanbulda Salohiddin Demirtosh saylov kampaniyasi doirasida o’tgan namoyishda minglab odam qatnashdi. Demirtosh kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasi raisi.

Namoyishda prezidentlikka nomzod tinchlik va demokratiyaga chaqirdi.

Demirtosh shu kungacha deyarli butun mamlakatni saylovoldi tashviqot bilan aylanib chiqdi. Siyosiy tahlilchilar nazarida 41 yashar arbob mohir siyosatchi bo’lib, kurd harakatidagi raqib guruhlarni murosada ushlab kelmoqda.

Siyosatshunos Sinan Ulgenning aytishicha, Demirtosh so’rovda ikki nomzoddan ancha keyin turgan bo’lsa-da, u prezidentlikka astoydil harakat qilayotgan bosh vazir Rajab Toyib Erdog’andan ovozlarning ba’zilarini olib qo’yishi mumkin.

"Erdog’an uchun kurdlar ovozlarini olish juda muhim. Salohiddin Demirtosh yaxshi nomzod, shu sababdan kurdlar saylovlarning birinchi bosqichida ovozlarini o’z nomzodiga beradi deb o’ylayman. Shuning uchun Erdog’an o’ylaganchalik bo’lmasligi mumkin", - deydi Bryusseldagi Karnegi tahlil markazi turk olimi.

Turkiyada shu yakshanba ilk bor to’g’ridan-to’g’ri prezident saylovlari o’tkaziladi. Erdog’an 50 foizdan ko’p ovoz to’plab, birinchi bosqichdayoq yutishga umid qilmoqda. 10-avgust kuni g’olib aniqlanmasa, ikki haftadan keyin saylovlarning ikkinchi bosqichi o’tkaziladi. Bosh vazirning asosiy raqibi Respublikachilar xalq partiyasi va Milliy harakat partiyasidan yagona nomzod Akmaliddin Ehsono’g’li.

Kampaniya davomida Demirtosh siyosiy xilma-xillik haqida gapirib, odamlarni birlikka chaqirib, kurd saylovchilaridan tashqari boshqalarning ham ovozlarini olmoqchi ekanini namoyish etdi.

"Mazhablarga bo’linish muammosi Iroq va Suriyada bo’lgani kabi Turkiyada ham bor. Bosh vazir odamlarni yanada qattiq ajratmoqda", - deydi u.

Demirtosh inson huquqlari, ayollar, ishchilar huquqi muhimligini aytadi.

So’rov natijalariga ko’ra, kurd nomzodi saylovda 10 foiz ovoz to’plashi mumkin. Bu parlament saylovlarida uning partiyasi odatda oladigan olti foizdan ko’proq. Demirtoshning moliyaviy resurslari cheklangan bo’lgani uchun, matbuotda ko’p chiqa olmayotgani uchun tarafdorlarini hozirgidan oshirish qiyin bo’ladi. Masalan, davlat telekompaniyasi unga bir necha daqiqa efir vaqti bergan xolos, Erdog’an esa soatlab gapirmoqda.

Yakshanba kuni o’tgan namoyishda Demirtosh kinoya qilib, telekompaniyani “xolis” ishi uchun maqtadi. Biroq internet orqali arbobning so’zlari ko’plarga yetib boryapti.

Ayniqsa yoshlar uni qo’llab-quvvatlamoqda. Bir talabaning aytishicha, Demirtosh demokratiya va inson huquqlari uchun kurashmoqda. Hamma uchun.

Kuzatuvchilar taxminicha, o’tgan yili G’ozi parkida hukumatga qarshi namoyishda ishtirok etganlarning ba’zilari bu siyosatchiga ovoz berishi mumkin.

Demirtoshning partiyasi siyosiy sahnada nufuz qozonishga harakat qilar ekan, nomzod saylovda yaxshi natija ko’rsatsa, kurdlardan boshqalarning ham ovozini ololsa, kelajakda uning partiyasini jiddiy qabul qilishlari mumkin bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG