Turkiya: Erdog'an partiyasi parlamentdagi ko'pchilikni boy berdi

  • Amerika Ovozi

Istanbul, 7-iyun, 2015

Istanbul, 7-iyun, 2015

Turkiyada hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasining parlament saylovlarida ko'pchilik o'rinlarni olishga qaratilgan umidlari oqlanmadi. Partiya so'nggi 13 yilda ilk bor koalitsion hukumat tuzishga majbur bo'ladi.

Agar partiya parlamentda 330 o'rinni egallaganida, konstitutsiyani o'zgartirish uchun referendum e'lon qilishga haqli bo'lar edi. 367 o'rin olganida, tuzatishlar referendumsiz qabul qilinishi mumkin edi.

Ovozlarning 99,9 foizi sanalganida "Adolat va taraqqiyot" partiyasi 41 foizni olgani, ya'ni 258 o'rinni saqlab qolgani aniqlangan.

Kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasi ilk bor 10 foizlik to'siqdan o'tib, parlamentga kirishga muvaffaq bo'ldi. Tahlilchilarga ko'ra, partiyaga 75 o'rin tegishi mumkin.

Erdog'an tarafdorlari Turkiyani parlament tizimidan prezident tizimiga o'tkazmoqchi edi.

"Adolat va taraqqiyot" partiyasi 14 yildan beri hokimiyatda.

Asosiy muxolif guruh Respublkachilar xalq partiyasi 25 foiz, Millatchilar harakati partiyasi esa 16 foiz ovoz to'plagan.

Kuzatuvchilarga ko'ra, millatchilar parlamentda 85 ta o'rinni egallab, Erdog'an partiyasi bilan koalitsiyaga kirishi mumkin. Bunga erishilmasa, prezident 45 kun ichida qayta saylov o'tkazishni buyurish vakolatiga ega.

Ovozlar soxtalashtirilmasligi uchun muxolif partiyalar saylov uchastkalariga o'z vakillarini safarbar etgan.

"Adolat va taraqqiyot" partiyasiga ko'ra, Turkiya 1950-yildan beri haqqoniy saylovlar o'tkazib keladi. 400 mingdan ziyod politsiyachi saylov kuni xavfsizlikni ta'minlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG