Turkiyada saylovlar: Mutlaq g'alaba yoki koalitsion hukumat tuzishga ikkinchi urinish?

  • Amerika Ovozi

1-noyabr kuni Turkiyada saylovlar. Joriy yilda ikkinchi bor. Iyun oyidagi saylovlarda hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi parlamentda ko'pchilikni o'rinlarni boy berdi, qonunchilik palatasiga kirgan partiyalar esa koalitsion hukumat tuzishga kelisha olmadi. Prezident yangi saylovlar e'lon qilishga majbur bo'ldi. Kuzatuvchilarga ko'ra, bu gal ham hech bir guruh ko'pchilik o'rinlarni qo'lga kirita olmaydi.

Istanbulning Fotih tumani shaharning konservativ qismi hisoblanadi. 15-asrda qurilgan masjidning yonida Arife Guven va Amina Oqsoqol islomiy kiyimlar sotmoqda. Ular Prezident Rajab Toyib Erdog'an tarafdorlaridan.

“Qur'onni o'rganishni istasak, endi bemalol maxsus kurslarga yozilishimiz yoki o'zimiz kurslar tashkil etishimiz mumkin. Universitetda hijobda yursa bo'ladi. Erdog'an bilan faxrlanamiz", - deydi Arife Guven.

Amina Oqsoqol "Adolat va taraqqiyot" partiyasi bu gal ko'pchilik ovozlarni qo'lga kiritishiga umid qilmoqda.

“Boshqa partiyalarning mamlakat bilan ishi yo'q. O'zlarini o'ylashadi", - deydi u.

Partiyalar parlamentga kirishi uchun 10 foizlik dovondan o'tishi lozim. Kurdlarning Xalq demokratik partiyasi iyun saylovlarida 13 foiz ovoz to'plab, hukmron partiya mavqesiga putur yetkazdi.

“Kurdlar bilan tinchlik muzokaralarini to'xtatib qo'yishdi. Erdog'an o'zidan boshqasini o'ylamayapti”, - deydi bu partiya tarafdorlaridan biri.

Turkiyada 1980-yilgi davlat to'ntarishidan oldin koalitsion hukumat ishlagan. Partiyalar kelisholmasa, vaziyat taranglashishi mumkin.

“Adolat va taraqqiyot" partiyasi ko'pchilik o'rinlarni qo'lga kiritolmasa, Respublikachilar xalq partiyasi bilan koalitsion hukumat tuzishga kelishishi mumkin. Bu ko'p odamlarni yarashtirishga xizmat qiladi", - deydi "Sabah" gazetasi muharriri Mehmet Solmaz.

Biroq Suriya masalasi bu ittifoqqa to'sqinlik qilishi mumkin. Erdog'an Suriyada hukumatning yangilanishiga chaqirib keladi, muxolifat bunday yondashuvga qarshi.

“Prezident Assad ketsa, Suriya zaiflashadi. Agar koalitsion hukumatga kirsak, Suriyani o'z holiga qo'yamiz", - deydi Respublikachilar xalq partiyasidan Chetin O'zqaynaq.

Koalitsiya tuzish uchun tomonlar murosa qilishga majbur. Aks holda iyun saylovlaridan keyingi vaziyat takrorlanib, Suriya siyosiy inqirozga cho'mishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG