Turkiyada saylov: nomzodlar matbuotda teng yoritilmayapti

  • Amerika Ovozi

10-avgust kuni Turkiya tarixida ilk bor fuqarolar prezident uchun to’g’ridan-to’g’ri ovoz beradi. Oliy lavozimga asosiy da’vogar – amaldagi bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an. Saylov kampaniyasi davom etar ekan, davlatga qarashli ommaviy axborot vositalari poygani xolis yoritmayotgani haqida shikoyatlar paydo bo’ldi.

Turkiya tarixidagi birinchi umumiy saylovlar adolatli o’tishiga jiddiy shubha bildirayotganlar bor. Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’anning ikki raqibi unga tanqid toshlari otmoqda. Kurdlar vakili, Tinchlik va demokratiya partiyasidan nomzod Salohiddin Demirtosh “TRT” davlat teleradio kompaniyasini asosan Erdog’an haqida xabar-lavhalar tayyorlayotganlikda aybladi.

“O’tgan kunlar ichida bir kanalda bosh vazir haqida 305 daqiqa material efirga uzatildi. Boshqa bir kanalda Erdog’anga 3,5 soat, boshqa nomzodlarga uch minut vaqt ajratildi”, - deya shikoyat qiladi Demirtosh.

U bosh vazirni telekanal rahbarini ishdan bo’shatishga chaqiryapti. Yuqorida keltirilgan raqamlarni davlat televideniyesini nazorat qiluvchi idora ham tasdiqlagan.

Millatchilar harakati va Respublika xalq partiyasidan nomzod Akmaliddin Ehsono’g’li ham televideniyeni Erdog’anga yon bosayotganlikda ayblab chiqdi. Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi so’zlovchisi Husayn Chelikka ko’ra, bu da’volar mutlaqo assosiz.

“Bosh vazir elchilar bilan uchrashadi, mehmonlarni qabul qiladi, bularni keng yoritish kerak”, - deydi rasmiy. E’tiborga loyiq yangilik yuz bersa, ommaviy axborot vositalari albatta bu haqda xabar beradi, deydi u.

Hukumat bayonotlarida Rajab Erdog’an prezidentlikka nomzod bo’lishi qatorida bosh vazirlikni ham davom ettirayotgani qayd etiladi.

Bryusseldagi Karnegi tadqiqotlar markazidan Sinan Ulgen nazarida bunday janjallar saylovga bo’lgan ishonchni yemiradi.

“Bellashuvda ishtirokchilar teng emasligi va ustunlik bosh vazir tarafida ekani aniq. Qonunga binoan “TRT” telekanali betaraf bo’lishi va barcha nomzodlarni teng yoritishi kerak. Ammo buni ko’rmayapmiz”, - deydi Ulgen.

Kurdlar partiyasidan prezidentlikka da’vogar Salohiddin Demirtosh kanalni sudga bergan, ammo kuzatuvchilar uning shikoyati saylovgacha ko’rib chiqilishiga ishonmaydi.

Kuchlar nomutanosibligi boshqa masalalarda ham ko’zga tashlanadi. Bosh vazir butun mamlakat bo’ylab dabdabali tadbirlar o’tkazmoqda, qolgan nomzodlar esa bunday keng ko’lamli kampaniya uchun mablag’ yo’qligini aytadi.

Mablag’ to’plashda chegaralar belgilangan, ammo ekspertlar qoidalarga rioya qilinmayotganidan xavotirda. Fundamental muammolardan biri shu, deydi Ulgen:

“Poyganing shunday jihatlari borki, ular juda adolatsiz, nomzodlar orasida tafovut katta. Maydonda tenglik yo’q. Qonunlarga rioya qilinmayapti, vaholanki bu Turkiya tarixidagi birinchi umumiy prezidentlik saylovlari”, - deya sharhlaydi u.

So’rovlarga ko’ra, Rajab Erdog’an raqiblaridan oldinda, ammo g’alaba uchun talab qilinadigan 50 foizdan ko’proq ovozni to’play olmasligi mumkin. Bu holda ikkinchi bosqich 24-avgustda o’tadi. Xalq Erdog’an xususida yakdil emas. Televideniye va matbuotda nomzodlarga baravar qaralmayotgani tafovutni yanada chuqurlashtirmoqda, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG