Erdog'an: Terrorizmga oid qonunlar o'zgarmaydi

  • Amerika Ovozi

Turkiyada terrorizmga qarshi qonunlar o'zgartirilmaydi. Prezident Rajab Toyib Erdog'an Yevropa Ittifoqiga shunday javob bermoqda. Yaqin orada Turkiya fuqarolari Yevropaga vizasiz kirib-chiqish imkoniyatini qo'lga kiritishi mumkin, ammo buning uchun Anqara 70 dan ziyod talabni bajarishi lozim.

Istanbulda tarafdorlari oldida so'zlagan Prezident Erdog'an aksil-terror qonunlarga o'zgartirishlar kiritish talabini rad etdi. Davlat terrorizm tahdidi bilan yuzlashib turgan bir paytda buni so'rash noo'rin, deydi u.

Ammo Yevropa bilan vizasiz rejimga o'tmoqchi bo'lsa, Anqara unga qo'yilgan 72 shart qatorida buni ham bajarishi kerak. Erdog'an aloqalar darz ketishi haqida ogohlantirdi.

"Agar shartingiz shu bo'lsa, yo'lingizdan qolmang. Bizning o'z yo'limiz bor", - dedi prezident Yevropaga qarata.

Bryussel va huquq tashkilotlari nazarida Turkiyaning amaldagi qonunlarida terrorizm keng talqin qilinadi; jurnalistlarning, tanqidchilarning ovozini o'chirishda ham qo'llanadi. Misol uchun, kurd isyonchilari bilan janglarni to'xtatib, tinchlik muzokaralarini davom ettiring degan petitsiyaga qo'l qo'ygan yuzlab ziyolilar hozir tergov ostida. To'rt nafari ustidan sud boshlangan.

O'tgan hafta esa ikki taniqli jurnalistga besh yillik qamoq jazosi belgilandi. Jan Dundar va Erdem Gul Turkiya hukumati Suriyadagi isyonchilarga yashirin tarzda qurol-aslaha yetkazgani haqida maqola yozgan edi. Muxbirlar ustidan hukm inson huquqlariga oid vaziyat naqadar og'ir ekanidan darak bermoqda.

Erdog'anning ta'kidlashicha,Turkiya ikki terrorchi tashkilot bilan urushda - kurd isyonchilari va "Islomiy davlat". Hozir qonunlarni o'zgaritadigan payt emas.

O'tgan hafta Bosh vazir Ahmet Dovuto'g'li Erdog'an bilan kelisha olmay iste'fo berdi. Dovuto'g'li Yevropa bilan qochqinlar bo'yicha erishilgan kelishuvning ta'sischisi va uning ijrosini ta'minlab kelayotgan arboblardan edi.

U ishdan ketganiga qaramasdan, deydi siyosatshunos Chingiz Aktar, Yevropa Ittifoqi Erdog'an bilan hamkorlikni davom ettiradi.

"Xususan, Germaniya kansleri Angela Merkel Turkiya rahbari bilan til topisha oladi. Muloqot to'xtab qolmaydi", - deydi Aktar.

Boshqa tahlilchilar ham shu fikrda. Qochqinlar masalasida erishilgan kelishuv birinchi navbatda Bryussel uchun nihoyat ahamiyatli, deydi ular. Ilgari Turkiyadan Gretsiyaga har kuni minglab qochqinlar kirgan bo'lsa, bugun taxminan 100 nafarga tushgan.

Anqaraning ogohlantirishicha, agar Yevropa vizasiz rejim to'g'risidagi va'dasini bajarmasa, kelishuv bekor qilinadi. Erdog'an Yevropaga so'zini o'tkaza olishini biladi va ogohlantirishlari quruq gap emas, deydi sharhlovchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG