Qiyinchiliklarga qaramay, Turkiya Eron bilan aloqalarni yaxshilamoqchi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti

Turkiya Prezidenti

Turkiya Prezidenti Rajap Toyib Erdog’anning Tehronga tashrifi bo’lib o’tmoqda.

Bundan bir necha hafta oldin Erdog’an Saudiya Arabistonining Yamanda xutiy isyonchilariga qarshi havo hujumlarini ma’qullagan edi. Xutiylarni Eron qo’llab-quvvatlayotgani aytiladi. O’tgan juma kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif Anqara siyosati tuzatib bo’lmaydigan zarar yetkazmoqda, deya ta’kidladi.

Turkiyaning sobiq elchisi Murod Bilhon Turkiya-Osiyo strategik tadqiqotlar markazi rahbarilaridan. Tashrif oson bo’lmaydi, deydi u.

“Eron parlamentida Turkiya xususida jiddiy tanqid yangradi. Shuning uchun taraflar fikrlari yaqin orada uyg’unlashishiga ishonmayman. Ular doim raqib bo’lgan va raqibligicha qoladi. Albatta, hamkorlik ham bor va davom etadi. Lekin tashrif chog’ida ikki taraf bir-biriga achchiq gap aytishi mumkin”.

Tahlilchilar mintaqadagi ikki qudratli davlat o’rtasidagi aloqalar raqobat va hamkorlik qorishmasi bo’lib kelganini aytadi.

Prezident Erdog’an Turkiya-Eron yuqori darajali hamkorlik kengashi uchrashuvida ishtirok etadi. U o’zaro savdo-sotiqni hozirgi 14 milliard dollardan oshirish tarafdori.

So’nggi 10 yil davomida Turkiya iqtisodida katta o’sish kuzatilganidan keyin sur’atlar pasaymoqda. Anqara yangi bozorlar va hamkorlarga muhtoj.

G’arbning Tehron bilan yadro muzokaralari davom etar ekan, Eronga nisbatan xalqaro sanksiyalar yumshatilishi yoki bekor qilinishi kutilmoqda. Demak, Anqara uchun yangi imkoniyatlar ochilishi mumkin, deydi tahlilchi Atilla Yesilada.

“Agar sanksiyalar bekor qilinsa, Turkiya Eronga ko’proq guruch, go’sht va boshqa mahsulotlar sota boshlaydi. Boshqa foydali taraflari ham bor. Eron energetika sohasi qayta tiklansa, Turkiya qo’shnisiga turbinalar, ehtiyot qismlari kabi mahsulot sotishi mumkin. Agar Eron O’rtayer dengizi bozorlariga chiqmoqchi bo’lsa, Turkiya tranzit mamlakat bo’lib xizmat qilishi mumkin. Ammo bu hozircha quruq gap. Asosiysi – Eron Turkiyaning boyishini xohlaydimi?” - deydi u.

Anqara diplomatiya sohasidagi ziddiyatlarga qaramay savdo-sotiqni rivojlantirish tajribasiga ega. Masalan, yillar davomida Isroil bilan ikki tomonlama munosabatlar cheklangan edi, endi esa rishtalar rivojlanmoqda. Rossiya bilan ham shunday, vaholanki Moskva Suriya urushida boshqa tarafni qo’llab-quvvatlab keladi.

Tahlilchi Yesilada Tehron savdo-sotiqni rivojlantirish uchun katta talablar qo’yishi mumkin, degan fikrda.

"Erdog’an Tehronga Turkiya-Rossiya munosabatlariga o’xshagan aloqalarni taklif etmoqchi. Bu hamkorlik Suriyadagi kelishmovchilikka qaramay iqtisodiy sohada samara bermoqda. Ammo fikrimcha, Eron bunday hamkorlik modelini qabul qilmaydi, Turkiyadan Eronning to’laqonli hamkori bo’lishini so’raydi”.

Ammo Erdog’an bunga rozi bo’lmasligi mumkin. Turkiya rahbari uchun sunni musulmonlar bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Eron shialari qancha iqtisodiy foyda va’da qilmasin, Erdog’an o'z siyosatiga sodiq qoladi, deydi bir ovozdan mintaqashunoslar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG