Erdog'an Misrdagi voqealar Turkiyada takrorlanishidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an Misrda Muhammad Mursiyning prezidentlikdan chetlatilishini keskin tanqid qilgan arboblardan hisoblanadi. Uning nazarida Mursiyning ag’darilishiga tashqi kuchlar sababchi. Erdog’an Turkiya ham shunday fitna qurboni bo’lishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Bosh vazir Erdog’an so’nggi kunlarda yirik namoyishlarda nutq so’zladi. U Misrda Mursiyning chetlatilganini qoralab, uning hukumati ham shunday fitna qurboni bo’lishi mumkinligini aytdi.

"Bugun Misr, ertaga esa ular Turkiyani beqarorlashtirmoqchi bo’ladi, chunki ular bizni mintaqada kuchli bo’lishimizni istashmaydi", - dedi Erdog’an Bursadagi bir namoyish paytida.

Erdog’anning hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi islomiy ildizlarga ega bo’lib, Misrning “Musulmon birodarlar” harakati bilan yaqin siyosiy aloqada.

Karnegi jamg’armasining Bryusseldagi idorasida tajriba almashayotgan turkiyalik tahlilchi Sinan Ulgenning aytishicha, Misr prezidentining armiya qo’li bilan hokimiyatdan chetlashtirilishi Erdog’anni qattiq bezovta qilgan.

"Turkiyada hukmron partiya va harbiylar o’rtasidagi ziddiyat tarixini va bu kurash natijasida armiya siyosiy ta’sirining susayganini oladigan bo’lsak, Erdog’anni tushunsa bo’ladi. Axir hamma Misrda demokratik yo’l bilan saylangan prezidentning armiya tomonidan ag’darilganini ko’rdiku", - deydi Ulgen.

Erdog’an Mursiyning chetlatilishini islomiy kuchlarga qarshi xalqaro fitna deb bir necha bor so’zlagan. Turkiya bosh vaziriga ko’ra, Istanbuldagi namoyishlar ortida ham shu kuchlar turibdi.

Turkiyaning “Taraf” gazetasi jurnalisti Semix Idizning aytishicha, Erdog’an kelasi yilga belgilangan saylovlarga tayyorgarlik ko’rar ekan, uning bu strategiyasi ish berishi mumkin.

"U “bizni garovga olishmoqchi, birdamligimizni yo’qotmaylik” deb o’z saylovchilarini birlikda ushlab turishi, partiyasi tarkibida bo’linishning oldini olishi mumkin", - deydi Idiz.

Misrda Mursiy ketishidan oldin demokratiya shiori ostida ommaviy namoyishlar o’tdi. Istanbuldagi Qodir Hash universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha professor Soli Ozelning aytishicha, agar Turkiyada hukumatga qarshi namoyishlar takrorlansa, Erdog’an ularni qattiq bostirishga buyruq berishi hech gapmas.

"G’ozi parkidagi kabi chiqishlar qaytarilsa, hukumat qattiq chora ko’rishi aniq. Misrdagi so’nggi voqealar bunga yaxshi va qonuniy sabab bo’lib xizmat qilishi mumkin", - deydi Ozel.

Yaqinda Turkiya hukumati konsertlar va sport tadbirlarida siyosiy shiorlar aytishni taqiqlab qo’ydi. Namoyishchilarga nisbatan aksil-terror qonunlarni qo’llash haqida ham do’q-po’pisa qilindi. Shunga qaramay, deydi tahlilchilar, universitetlarda o’qish boshlanishi bilan tartibsizliklar avj olishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG