Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo'shilish umidi so'nib bormoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya hukumati Yevropa Ittifoqiga qo’shilish harakatlarining yanada sustlashganidan xunobi oshmoqda. Anqara kelajagini Yevropa bilan bog’lamasligi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Turkiyaning bu boradagi rejalari qanday? U Yevropa Ittifoqidan boshqa yana kimlar bilan hamkorlik qilishi mumkin?
Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilish bo’yicha urinishlarida olg’a siljish kuzatilmayapti. Mamlakatning bu ishga mas’ul vaziri Egemen Bag’ishning aytishicha, a’zolikka umidlar ham so’nib bormoqda. Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an maslahatchilaridan biri matbuotdagi chiqishida bu tashabbusdan butunlay voz kechishni taklif etdi.

“Taraf” gazetasi jurnalisti, siyosatshunos Chingiz Aqtarga ko’ra, Anqara hozir Yevropa Ittifoqidan butunlay umidini uzishga tayyor emas. Ammo ittifoqqa qarshi kayfiyatning o’sishi o’zaro munosabatlarga salbiy ta’sir qiladi, deydi u.

“Bular hozircha faqat ritorik savollardan iborat. Bu gaplar bilan ular jamoatchilikning e’tiborini qozonamiz, deb o’ylayotgan bo’lishi mumkin. Aslida bu allaqachon sovuq bo’lib turgan o’zaro munosabatlarga yanada putur yetkazadi”, - deydi Aqtar.

Ayrim Yevropa Ittifoqi a’zolarining e’tiroziga javoban Turkiya ittifoq qo’ygan talablarning hali birortasini bajargani yo’q. Turklar orasida ham Yevropaga kirish tarafdorlarining soni kamayib bormoqda, deydi Strategik masalalar bo’yicha Turkiya-Osiyo markazi rahbari Murat Bilhan.

“Oxirgi 2-3 yil ichida Yevropa Ittifoqi va Turkiya o’rtasidagi masofa tobora kengayib bormoqda. Turkiya aholisi orasida ham Yevropaga intilish kamaygan. Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Yevropaga qo’shilishni xohlovchilar aholining 30-40 foizidan ortiq emas”, - deydi Bilhan.

Mahalliy va prezident saylovlari yaqinlashar ekan, Yevropaga qarshi kayfiyat bu jarayonga ham o’z ta’sirini o’tkazishi mumkin. Avvalroq Erdog’an Shanxay hamkorlik tashkilotini Yevropa Ittifoqi o’rniga munosib nomzod sifatida ko’rsatgan edi. Ushbu guruhga Turkiyaga madaniy jihatdan yaqin Markaziy Osiyoning to’rt davlati – Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston, shuningdek, Xitoy va Rossiya a’zo.

Ammo tahlilchi Bilhanga ko’ra, NATO a’zosi bo’lgan Turkiyaning Shanxay hamkorlik tashkilotiga qo’shilishi haqiqatdan ancha yiroq.

“Bu guruh Turkiyani qabul qilmaydi. Chunki ular Anqarani G’arbning ayg’oqchisi sifatida ko’radi. Turkiya faqat kuzatuvchi bo’lishni istayapti. Lekin unga shu kuzatuvchi maqomi ham berilmadi”, - deydi Bilhan.

Tahlilchining aytishicha, Suriya mavzusida Turkiya va Shanxay guruhi a’zolari qarama-qarshi pozitsiya tutgan.

Anqaraning Suriya muxolifatini qo’llab-quvvatlashi nafaqat Moskva va Pekinning e’tiroziga sabab bo’ldi, balki qo’shnilari Eron va Iroqni ham o’ziga qarshi qo’ydi.

Siyosatshunos Aqtar fikricha, Anqara diplomatik jihatdan borgan sari yakkalanib bormoqda.

“Yevropaga muqobil o’rindosh topishga bo’lgan urinishlarning barchasi behuda ketdi. Nafaqat behuda ketdi, balki mamlakatining azaliy strategik sheriklari – NATO va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarga ham putur yetkazdi”, - deydi Aqtar.

Nima bo’lishidan qat’i nazar, deydi tahlilchilar, Anqara yarim asr avval boshlangan Yevropaga yaqinlashish siyosatini bundan keyin ham davom ettiradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG