Turkiyada yakkahokimlikning kuchayishi iqtisodiyotga zarba

  • Amerika Ovozi

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an

Moliyaviy kredit reytingi bilan shug’ullanuvchi Mudi sarmoyadorlar xizmati kompaniyasi Turkiyaning qarz olish imkoniyatlarini ijobiydan salbiyga tushirgach, bu davlat iqtisodiyoti bo’yicha xavotirlar yanada kuchaydi.

Mudi uning qaroriga sabab sifatida Turkiyadagi siyosiy mavhumlikni ko’rsatmoqda. Bu avgustda prezident saylovlarida qatnashishni rejalayotgan bosh vazir uchun shumxabardir.

Mudi kredit agentligining qarori kutilgan edi, deydi Istanbuldagi moliyaviy tahlilchi Atilla Yesilada. Unga ko’ra, o’tgan yili hukumatga qarshi boshlangan namoyishlardan beri iqtisodiy ahvol tashvish uyg’otmoqda.

"G’ozi parkidagi namoyishlardan beri mamlakatning siyosiy beqarorlikdan boshi chiqqani yo’q. Iqtisodiy o’sish sekinlashdi. Turkiya uchun kredit olishda endi talablar kuchaytiriladi", - deydi ekspert.

O’tgan oy o’tkazilgan mahalliy saylovlarda hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasining g’alaba qozonganini sarmoyadorlar avvaliga siyosiy barqarorlik nishonasi sifatida ko’rdi. Biroq Finansbank bosh iqtisodchisi Inan Demirning aytishicha, bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an hokimiyatining kuchayishi ayrimlarni bezovta qilmoqda.

"Siyosiy barqarorlik yo’lida hokimiyatning bu qadar bir kishi qo’lida to’planganidan, markaziy bankka ta’sir kuchayishidan Mudi xavotirga tushib shunday qarorga kelgan bo’lishi mumkin", - deydi Demir.

Partiyasining saylovlardagi g’alabasidan so’ng Erdog’an Markaziy bankni foiz stavkalarini tushirishga chaqirdi. Turk lirasining qiymati keskin tushib ketmasligi uchun bank yanvar oyida foiz stavkalarini ikki karra ko’targan edi.

Iqtisodchi Demirning ogohlantirishicha, Markaziy bankning hukumatdan mustaqil siyosatiga aralashish moliyaviy bozorlarni qattiq xavotirga soladi.

"Markaziy bank Turkiyaning 2001-yildagi inqirozdan keyingi ko’tarilishida muhim rol o’ynagan. Hozirgi siyosat natijasida esa bank 2001-yildan oldingi, bozor uchun sog’lom bo’lmagan ahvolga qaytishi mumkin", - deydi Demir.

Biroq siyosiy tahlilchilarga ko’ra, avgustga belgilangan prezident saylovlarida ishtirok etishi kutilayotgan Edrog’an iqtisodiyotni ko’tarish uchun foiz stavkalarini kamaytirmoqchi. So’nggi 10 yilda aynan iqtisodiy o’sish Erdog’anga saylovlarda yordam berib keldi.

Moliyaviy tahlilchi Atilla Yesiladaga ko’ra, Turkiya iqtisodining kelajagi saylov qanday o’tishiga bog’liq.

"Kredit reytingi bilan shug’ullanuvchi barcha agentliklar saylov natijalarini kutadi. Agar siyosiy to’polon, mashmasha tinmasa, yil oxiriga borib Turkiyaning reytingi yanada tushib, uning obligatsiyalari, moliyaviy bozori zarar ko’radi", - deydi ekspert.

O’tgan hafta Mudi agentligi Turkiyaning davlat qarzini to’lash imkoniyatini barqarordan salbiyga tushirdi. Bunday tashkilotlar obligatsiya chiqaruvchi davlatning iqtisodiy yoki biznes quvvatini baholaydi. Reyting tushgan bo’lsa, Mudi Turkiyaning kelajakda qarzini to’lash salohiyatidan shubhalanmoqda va yangi obligatsiyalar chiqarish mamlakatga qimmatroqqa tushadi degani.

Tahlilchilarga ko’ra, sarmoyadorlar rivojlanayotgan davlatlar bilan ishlashdan ikkilana boshlar ekan, Erdog’an prezidentlikka doir harakatlarini moliyaviy bozor ta’sirchanligiga qarab olib borishga majbur.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG