Breaking News

Turkiya G'arbdan uzoqlashish yo'lini tutyaptimi?


Turkiya G'arb bilan aloqalarini qayta ko'rib chiqib, sobiq g'animi Rossiya bilan munosabatlarni tiklamoqda. Mintaqa beqarorlikka yuz tutgan bir paytda Anqara do'stu dushman bilan til topishib ishlashga harakat qilmoqda. "Amerika Ovozi" muxbiri Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning tashqi siyosat bo'yicha maslahatchisi bilan shu mavzuda gaplashdi.

Erdog'an maslahatchisi Aysha So'zen Usluyerga ko'ra, Anqara uchun hozir eng muhim vazifa Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi kurashish hamda Turkiya janubidagi qo'shni davlatlarning bo'linib ketishiga yo'l qo'ymaslik. Buning uchun mintaqaviy va mazhablararo ziddiyatlar kuchayishining oldini olish kerak, ayniqsa, Eron va Saudiya Arabistoni o'rtasida, deydi u.

"Saudiya Arabistoni bilan yaxshi aloqalarga egamiz. Eron bilan ham shunday. Har safar ular bilan uchrashganimizda birdamlik haqida gapiramiz", - deydi Usluyer.

Iroqning oz sonli turkman elatiga nisbatan mavjud tahdidlar hamda sunniylar yuzlashgan xavf Anqarani Iroq chegarasida harbiy hozirligini oshirishga majbur qildi. Bag'dod Turkiyani Iroq hududiga daxl qilib, Usmoniylar saltanatining bir qismi bo'lgan eski yerlarni tortib olishga urinayotganlikda ayblaydi. Bu da'volar asossiz, deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi.

"Biz Iroqning hududiy yaxlitligi tarafdorimiz. Turkiyaning Iroqqa kirish niyati yo'q. Turkiya muzokara va amaliyotlarda qatnashishi kerak. Chunki mintaqadagi kichik guruhlarni himoya qilish Turkiya manfaatiga javob beradi. Turkiya Iroq bilan kuchli va tarixiy aloqalarga ega", - deydi Usluyer.

Turkiya Iroqning yarim muxtor Kurdiston mintaqasi Prezidenti Mas'ud Barzaniy bilan iliq aloqalarga ega. Usluyerga ko'ra, Turkiyada faoliyati taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi kurashda Barzaniy muhim rol o'ynamoqda.

"Barzaniy Turkiyadagi kurdlar muammosini tushungan birinchi kurd yetakchisi. U Kurdiston ishchilar partiyasini terrorchi tashkilot deb qabul qilgan. U muammoni yaxshi tushunadi", - deydi turkiyalik rasmiy.

Taqiqlangan partiyaning harbiy qanoti shimoliy Iroqda joylashgan, ammo "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda qatnashib, ta'sirini Iroqning boshqa hududlari va Suriyaga ham yoyib bormoqda. U bilan hamkor Suriyadagi kurdlar AQSh va Yevropadan ko'mak oladi.

Bu tahdidga qarshi Anqara Moskva bilan hamkorlik yo'lini tutdi. Rossiya "Islomiy davlat"ga qarshi kurashish maqsadida Turkiyaning Suriya ichiga kirib borishini ma'qulladi. Kelasi oy Bosh vazir Binali Yildirim Suriya masalasi va ikki tomonlama aloqalarni muhokama qilish uchun Moskvaga otlanmoqda. NATOga a'zo G'arb davlatlari bundan xavotirda. Usluyerga ko'ra, Turkiyaning tashqi siyosati o'sib bormoqda.

"Bu G'arb yoki Rossiyadan birini tanlash kerak degani emas. Turkiya tashqi siyosatdagi imkoniyatlarini xilma-xillashtirishi mumkin, chunki biz ortiq Sovuq urush davrida yashamayapmiz", - deydi u.

Anqaraning keng ko'lamli tashqi siyosati G'arbdagi ittifoqchilari bilan aloqalar sovuqlashayotgan bir paytda yuz bermoqda. Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo'shilish haqidagi bir necha o'n yillik orzusi butunlay barbod bo'lish arafasida. Usluyer ittifoqqa a'zo bo'lish hanuz strategik maqsad ekanini aytadi, ammo yagona orzu emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG