Anqaraning G'arb bilan aloqalari qanchalik o'zgaradi?

  • Amerika Ovozi

Odamlar Mustafo Kamol Otaturk portreti bilan. Anqara, 10-noyabr 2015-yil

Odamlar Mustafo Kamol Otaturk portreti bilan. Anqara, 10-noyabr 2015-yil

Prezident Rajab Toyib Erdog’an va u boshchiligidagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi (AKP) a’zolari G’arbning “Islomiy davlat”ga (IShID) qarshi kurashini qiyinlashtiradigan siyosat olib borishi mumkin. Bu, shuningdek, Anqararning Yevropa bilan aloqalariga soya soladi.

G’arbni xavotirga solayotgan masala - Anqaraning Kurdiston ishchilar partiyasiga (PKK) nisbatan yondashuvi. Erdog’an taqiqlangan partiyaga oid masalani harbiy yo’l bilan hal qiladimi yoki siyosiy murosaga boradimi? G’arbning IShIDga qarsi kurashida esa PKKning Suriyadagi shahobchalari katta ahamiyatga ega.

Anqara va kurd isyonchilari o’rtasidagi tinchlik muzokaralarining muvaffaqiyatsiz yakunlanishi oqibatida Turkiya armiyasi PKKning mamlakat janubi-sharqida hamda Iroq shimolida joylashgan bazalarini havodan nishonga oldi. Bunga javoban kurdlar mamlakat bo’ylab xurujlarni amalga oshira boshladi. Harbiylar va tinch aholi nobud bo’ldi.

Bosh vazir Ahmet Dovuto’g’li hukumatning PKKga qarshi kampaniyasi qishda ham davom etishini aytgan.

Prezident Erdog’an esa to PKK yo’q qilinmaguncha kurashni jadallashtirishni buyurgan.

“Hukumat qo’shinlari 2000 kurdni o’ldirdi, degan gaplar tarqaldi. Kechirasiz, bizning mamlakatda hukumat kurdlarga o’t ochmaydi, faqat terrorchilarni o’ldiradi,” – dedi Turkiya rahbari.

Vashington va kurdlar

Ayrimlar fikricha, Erdog’an nafaqat faoliyati taqiqlangan guruhni, balki kurdlar manfaatlarini himoya qiladigan Xalq demokratik partiyasini (HDP) ham nishonga olmoqda. Bunday harakat Anqaraning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini taranglashtirishi mumkin.

Turkiya, shuningdek, PKKning Suriyadagi ittifoqdoshi, Demokratik ittifoq partiyasi (PYD) G’arbdan hech qanday dastak olmasligini kafolatlamoqchi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi payshanba kuni AQShning Suriya kurdlarini qurol-aslaha bilan ta’minlash haqidagi bayonotini tekshirish niyatida ekanini bildirdi. Vashington esa Demokratik ittifoq partiyasini Suriyadagi potensial hamkori sifatida ko’radi.

Pentagon rasmiylari oktabr o’rtasida Suriya shimoli-sharqiga yetkazilgan qurol-aslaha kurdlar bilan yelkama-yelka kurashayotgan arab jangchilariga tekkanini bildirgan edi. Ammo quroldan kurdlar ham foydalanayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Vashington Anqara hamda Suriyadagi kurd guruhini yarashtirishga urinib keladi. Bu AQSh diplomatiyasi oldidagi eng murakkab vazifalardan.

Erdog’an va G’arb

Xo’sh, saylovdan keyin Prezident Erdog’an G’arb bilan qanday siyosat olib boradi? Bu savol hammani qiziqtirmoqda.

Saylov natijalari e’lon qilingach, Erdog’an hamyurtlariga murojaat qilib, tashqi kuchlar Turkiyaga qarshi jiddiy choralar ko’rayotganini ta’kidladi.

U hech qaysi mamlakatni alohida tilga olmasa-da, gap G’arb davlatlari haqida ketayotganini hamma yaxshi tushundi.

“Garbda Erdog’an diktator deb ataladi, uning kuni bitdi, qabilidagi fikrlar bildirildi. Ammo turklar fikri boshqacha bo’lib chiqdi. Turkiya xalqi ozodlikni tanladi. G’arb va uning laychalari esa bu urushda yutqazdi”, - deb yozdi “Daily Sabah” gazetasi sharhlovchisi Ilnur Chevik.

Bundan buyon G’arb va Turkiya aloqalari yanada qiyin bo’ladi, deydi tahlilchi Aykan Erdemir.

“Kelasi to’rt yil ichida Turkiya Yevropa Ittifoqi va NATOdan yanada uzoqlashishi mumkin”, - deydi u.

G’arb esa Erdog’an siyosatiga chidashga majbur bo’ladi, chunki Turkiya IShIDga qarshi kurashda muhim hamkor.

15-16-noyabr kunlari Antaliyada AQSh va Yevropa vakillari “Katta yigirmalik” guruhi sammitiga yig’iladi. Shunda Erdog’an o’zining yangi siyosaini taqdim etishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG