Turkiyada matbuot erkinligi xavf ostida, deydi himoyachilar

  • Amerika Ovozi

Istanbulda matbuot erkinligi uchun namoyish, Turkiya, 9-oktabr, 2015-yil

Istanbulda matbuot erkinligi uchun namoyish, Turkiya, 9-oktabr, 2015-yil

Matbuot erkinligini himoya qiluvchi bir necha tashkilotdan iborat koalitsiyaga ko'ra, Turkiyada bu boradagi vaziyat ayanchli. Guruh yaqinda mamlakatda bo'lib, 1-noyabrda bo'ladigan parlament saylovlaridan oldin ahvol bilan tanishdi.

Hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasining o'nlab tarafdorlari o'tgan oy "Hurriyat" gazetasining idorasi qarshisida norozilik namoyishi o'tkazdi. Ular nazarida nashr o'z maqolasida Prezident Rajab Toyib Erdog'an haqida yolg'on ma'lumot tarqatgan. Shundan bir necha kun o'tgach, gazeta jurnalistlaridan biri o'z uyi yonida kaltaklandi.

Turkiyaga safarni uyushtirgan Xalqaro matbuot instituti tashkilotidan Stiven Ellisning aytishicha, Turkiyada matbuot tahdid ostida.

“So'nggi paytda matbuotni bo'htonda ayblovchi sud ishlari ko'payib ketdi. Ayrim matbuot xodimlari ishdan olindi, ba'zilarining idoralarini politsiya bosdi", - deydi Ellis.

Yaqinda bir guruh turk jurnalistlari ba'zi hamkasblarining terrorga qarshi qabul qilingan yangi qonunga ko'ra hibsga olinishiga qarshi namoyish qildi. Ular nazarida qonun yordamida hukumatning kurdlarga qarshi amaliyotini tanqid qiluvchi matbuot idoralari siquvga olinmoqda.

Kurdlarning politsiya bilan to'qnashuvini yoritgan mahalliy muxbir Muhammad Rasul yaqinda "Vays Nyus" (Vice News) axborot agentligining britaniyalik ikki jurnalisti bilan birga hibsga olindi. Inglizlar bir necha kun o'tib mamlakatdan chiqarib yuborildi, Rasul esa shu kungacha hibsxonada.

Turkiyaga safar qilgan matbuot himoyachilaridan biri Melodi Petrining (Index On Censorship) aytishicha, hozir bu mamlakatda ko'plab jurnalistlar va matbuot xodimlari o'z ishini bajargani uchun panjara ortiga tashlangan.

"Axborot tarqatish jinoyat emas", - deydi u.

"Kundalik tong" (Daily Sabah) gazetasi muharriri Mehmet Solmazning aytishicha, Turkiyani tanqid qilayotganlar respublikada matbuot bilan bog'liq murakkab vaziyatni tushunmaydi.

“Bosim bor, albatta, ammo bunga bir-biriga raqib yirik matbuot egalarining turlicha maqsadlari sabab", - deydi Solmaz.

Unga ko'ra, jurnalistlar jurnalistika va siyosat o'rtasidagi chegarani tez-tez kesib o'tadi.

“Turkiyadagi jurnalistlarning aksariyati o'z ishi bilan shug'ullanmay, ko'p aktivistlik qiladi", - deydi muharrir Mehmet Solmaz.

Turkiya hukumati Xalqaro matbuot instituti delegatsiyasi bilan uchrashishdan bosh tortdi. "Amerika Ovozi"ning mavzu bo'yicha hukumatga yo'llagan savollari ham javobsiz qoldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG