Erdog'an siyosati va Turkiyada dunyoviylik kelajagi

  • Amerika Ovozi

Istanbulning Taksim maydonida turli siyosiy taraflar yig'ildi. 24-iyul 2016-yil

Istanbulning Taksim maydonida turli siyosiy taraflar yig'ildi. 24-iyul 2016-yil

Turkiyada amalga oshmagan davlat to’ntarishi natijasida Prezident Rajap Toyib Erdog’an kadrlarni tozashga kirishgan. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, jarayon islomiy kuchlar o’rtasida hokimiyat uchun kechayotgan kurash doirasida dinning jamiyatdagi rolini oshirishga qaratilgan. Boshqalar so’nggi voqealarni 20-asr boshida Mustafo Kamol Otaturk barpo etgan dunyoviy tuzum poydevoriga bolta urish bilan qiyoslamoqda.

Yakshanba kuni minglab muxolifat a’zolari va hukmron partiya tarafdorlari Istanbuldagi Taksim maydoniga chiqib, Erdog’anni hokimiyatdan ag’darishga qaratilgan harakatni qoraladi va xalq qudratini namoyish etdi.

Ko’plab davlat to’ntarishlarini boshdan kechirgan jamiyat ikkiga bo’linganiga qaramay, namoyish xalqning bu masalada birdam ekanini ko’rsatdi. Erdog’anga qarshilar va uning tarafdorlari davlat to’ntarishi mamlakat barqarorligiga tahdid ekanida yakdil.

Ammo birdamlik hissiga qaramay, odamlar orasida norozilik ham sezilmoqda, ayniqsa, favqulodda holat davom etar ekan.

“Biz favqulodda holatdan xavotirdamiz, chunki bu ma’lum ma’noda erkinliklarimizni cheklaydi, - deydi namoyishda qatnashgan muxolifat a’zosi Sermin Dalgich. - Biz fikrimizni bemalol bildira oladigan va norozilik namoyishlarini tashkil etish mumkin bo’lgan mamlakatda yashashni istaymiz. Yurtimiz shunday bo’lishi kerak”.

Biroq yaqin kelajakda bu maqsadga erishish oson bo’lmasligi mumkin.

Chuqur ildiz otgan dunyoviylik

Namoyishni qo’llab-quvvatlagan hukumat undan Erdog’anning qonuniy maqomini yanada oshirishda hamda uning tanqidchilari va, xususan, sobiq imom va yaqin o’tmishdagi ittifoqchisi Fathulla Gulenga sodiq odamlarga qarshi qatag’onlarni kuchaytirishda foydalandi.

Erdog’anning ta’kidlashicha, davlat to’ntarishini Gulen tarafdorlari rejalagan. 17 yildan buyon AQShda yashab kelayotgan arbob bu ayblarni inkor etdi.

Hibsga olingan odamlar himoyasi bilan shug’ullanayotgan advokatlarning aytishicha, ayblanuvchilar qiynoqqa solinmoqda, hibsdagi askarlar kaltaklanmoqda, zo’rlanmoqda.

Erdog’an o’ziga qarshilarni yo’q qilish yoki ovozini o’chirish bilan hokimiyatini mustahkamlamoqda, mamlakatni islomiylashtirishga qulay muhit yaralmoqda, bunga qarshi turuvchi kuchlar zaiflashgan.

Muxolifat a’zosi, sobiq qonunchi Melda Onur dunyoviy tuzum tarafdori. Davlat to’ntarishiga, tanklarga qarshi chiqqan xalq Turkiyani islomiy davlatga aylantirish siyosatiga ham qarshilik bildiradi, deydi u.

“Hukumat radikal islomiy elementlarni tozalamoqda, ammo shu bilan birga, dunyoviy va demokratik respublika tarafdorlari uchun o’rin qolmayapti”, - deydi tahlilchi.

Unga ko’ra, dunyoviylik Turkiyada chuqur ildiz otgan. Mamlakat musulmon dunyosi va G’arb o’rtasida ko’prik, bu esa, Onur fikricha, Turkiyaning islomiy davlatga aylanmasligini kafolatlaydi.

“Mintaqaning dunyoviy bo’lmagan davlatlaridagi ahvolni xalq ko’rib turibdi. Iroq, Suriya yoki Eron biz uchun hech qachon namuna bo’lmagan. Boshqa tarafdan, xalq hech qachon Yevropaning liberal turmush tarziga intilmagan”, - deydi mutaxassis.

Ko’prik

Ayrim islomchilar bu fikrga qo’shiladi. Erdog’an tarafdori va taniqli yozuvchi Hilol Qoplon idorasining derazasi orqali Bosfor bo’g’ozidagi ko’prikka nazar solarkan, davlat to’ntarishiga uringanlarga qarshi bosh ko’targan odamlar safida ko’prik ustida u ham tanklar bilan yuzma-yuz kelganini eslaydi.

“O’shandan beri bu ko’prikka boshqacha qaraydigan bo’ldim. U yerda odamlar halok bo’ldi. Har safar ko’prikka nazar solganimda Istanbul qiyofasining men uchun batamom o’zgarganini anglayman”, - deydi Hilol Qoplon ko’ziga yosh olib.

“Turklar davlat to’ntarishlarining mamlakat uchun zararli ekanini, oldi olinmasa yurtimiz boshiga og’ir musibat tushishini yaxshi tushunadi”, - deydi u.

Adiba kadrlarni tozalash zarur, degan fikrda. Islomiy davlat barpo etishga qaratilgan urinishlarni esa jamiyat uchun tahdid deb bilmaydi.

Otaturk davridan beri hijobli ayollarning ish topishi qiyin, davlat idoralarida ishlashi man etilgan edi. Hozir esa o’zimni ancha erkin his qilaman, vaziyat o’zgardi, deydi u.

“Ayollar ishlamoqda, parlament va boshqa idoralarda ayollar bor. Bu esa xotin-qizlar orasidagi birdamlikni kuchaytiradi, huquqlarimizni ilgari suradi. Demak, bu dunyoviylikni kuchaytiradi”, - deydi Hilol Qoplon.

Erdog’an hozirgi siyosatni davom ettirsa, Turkiya Eron yoki Saudiya Arabistoniga aylanadi, degan taxminlarni esa adiba rad etadi.

“Biz Yaqin Sharqning bir qismimiz. Biz, shuningdek, Yevropaning bir bo’lagi hammiz. Turkiyaga bir qarang-a, naqadar rang-barang jamiyat, islom ham boshqacha talqin qilinadi. Biz o’ziga xos davlatmiz”, - deydi u.

Onur kabi Qoplon ham Turkiya kelajagiga umid bilan boqadi. Tarix va geografik joylashuvimiz erkinliklarimizni kafolatlashda davom etadi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG