Abdulla Gulning siyosiy kelajagi qanday bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Turkiya prezidenti Abdulla Gul. Yaqinda uning o'rnini Rajab Toyib Erdog'an egallaydi

Turkiya prezidenti Abdulla Gul. Yaqinda uning o'rnini Rajab Toyib Erdog'an egallaydi

Turkiyada o’tgan prezident saylovlari natijasiga ko’ra, Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an o’zini yangi lavozimda sinab ko’radi. Uning o’rnini Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li egallaydi.

Prezident Abdulla Gul esa biror siyosiy partiyaga mansub bo’lmagani uchun bosh vazirlik unga nasib etmadi. Biroq sobiq prezident siyosiy sahnani tark etmoqchi emas.

Ko’p yillardan beri Erdog’anning eng yaqin safdoshlaridan bo’lgan bu siyosatchi endi unga raqib va hatto tahdid sifatida ko’rilmoqda. Gulning tarafdorlari esa mamlakat Erdog’an boshchiligida avtoritarizmga yuz tutayotgan bir paytda uni mo’tadil kuch deb biladi.

Yaqingacha Prezident Abdulla Gulni qo’llab-quvvatlab kelgan davlat matbuoti birdaniga unga qarshi kampaniya boshlab, uni bo’lajak prezident Erdog’anga xiyonat qilganlikda aybladi.

Gulning bundan g’azablangan rafiqasi Hayriniso jurnalistlarni tanqid qilib, hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasida unga tosh otganlarga qarshi kurash boshladi.

Gul va Erdog’an 1990-yillardan beri siyosiy jihatdan ancha yaqin edi. Biroq Istanbuldagi Marmara universiteti professori Yuksel Taskinning aytishicha, Turkiya siyosatida yetakchi rol o’ynab kelgan bu hamkorlikka yakun yasaldi.

"Gul va Erdog’an o’rtasida ziddiyat vujudga keldi, chunki Gul bosh vazirlikka qaytaman deya umid qilgan edi. Biroq Erdog’an partiya asoschilaridan qutulishga ahd qilib, 30-40 yoshli siyosatchilardan tuzilgan yangi guruhga tayanishni afzal ko’rdi. Gulga esa bu yoqmagani aniq", - deydi Taskin.

Kuzatuvchilarga ko’ra, so’nggi paytda Erdog’anning Gulga ishonchi pasaygan.

Shu payshanba prezidentlik vakolatini topshirayotgan Gul Turkiya tutgan yo’lni hamda Suriyada hukumatga qarshi kurashayotgan isyonchilarni qo’llab-quvvatlash qarorini tanqid qilgan.

Ikki arbob o’rtasidagi ziddiyatlarga qaramay, Gul tarafdorlari kam emas, deydi “Milliyet” gazetasi sharhlovchisi Asli Oydintoshbosh.

"Gulni nafaqat faollar va “Adolat va taraqqiyot” partiyasi tarafdorlari, balki boshqalar ham, masalan, kurdlar, sotsial-demokratlar hurmat qiladi", - deydi jurnalist.

Parlament saylovlari kelasi yilga belgilangan. Hukmron partiya unda g’olib chiqishi uchun Erdog’an Abdulla Gul yordamiga ehtiyoj sezishi mumkin. Aks holda “Adolat va taraqqiyot” partiyasi parlamentdagi ko’pchilikni boy beradi. Bu esa Konstitutsiyaga tuzatish kiritib, parlament tizimidan prezidentlikka o’tish vazifasini ancha qiyinlashtirishi mumkin.

Istanbuldagi Qodir Hash universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha ekspert Soli O’zelning aytishicha, kelasi iyunga belgilangan saylovlargacha yangi Bosh vazir Ahmet Dovuto’g’li ishini uddalay olmasa va saylovlarda g’alaba qozonish, parlamentda ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kiritish uchun Gulning yordamiga ehtiyoj tug’ilsa, uni qaytarishlari mumkin.

Turkiya siyosiy sahnasidagi konservativ kuchlardan tuzilgan hukmron partiya raqiblari nazarida esa Gul ungacha yangi partiyaga asos solishi mumkin.

Professor Taskinning aytishicha, Abdulla Gul nima qilishini hozircha aytmagan.

"U vaziyatni o’rganmoqda, yangi partiya tuzish ustida fikr yuritmoqda. Unga bu ishda qo’shilmoqchi bo’lgan ba’zi guruhlar bor, biroq Gul bu tashabbusni ochiq qo’llab-quvvatlash to’g’risida bir to’xtamga kelgani yo’q", - deydi Taskin.

Kuzatuvchilar fikricha, Abdulla Gul avval yangi hukumat va yangi bosh vazir qanday ishlashini ko’rmoqchi. Hozircha esa u kelajak rejalari xususida fikr bildirishdan bosh tortib, siyosatdan ketmoqchi emasligini aytish bilan cheklanmoqda, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG