Turkiyada Gulen tarafdorlari siquvi avjida

  • Amerika Ovozi

Turkiyada iyul oyida muvaffaqiyatsiz kechgan davlat to'ntarishiga harakat ortida AQShda yashayotgan sobiq imom Fathulla Gulen ko'rilar ekan, uning tarafdorlari siquvga olinishda davom etmoqda. Yuzlab odam hibsga olingan, muxolif partiyalar bundan tashvish bildirmoqda.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, iyuldan buyon 100 ming odam davlat ishlaridan haydalgan, yana 60 mingi hibsda.

Turkiya Prezidenti Rajap Toyib Erdog'an "Gulen harakati uchun hech bir mamlakat yoki mintaqa xavfsiz bo'lmaydi, biz ularning hammasini qo'lga tushiramiz", deb aytdi.

Erdog'an

Erdog'an

Eskpertlarga ko'ra, Turkiyada minglab Gulen tarafdorlari bor. Ular shaxsiy bizneslar qurgan, xususiy maktablar ochgan, Gulen tarmog'i a'zolari barcha sohalarda topiladi. Hukumat parallel davlat tizimini barpo etgan tarmoqni yo'q qilish niyatida qat'iy.

AQShda yashayotgan Gulen bu iddaolarni inkor etadi.

Erdog'anga ko'ra, do'stlari yoki qarindoshlarining Gulen tarafdori ekanini gumon qilgan har bir fuqaro bu haqda xabar berishi kerak. Bu maqsadda maxsus telefon xizmati tashkil etildi.

O'tgan oyda o'tkazilgan so'rov natijalariga ko'ra, turkiyaliklarning 90 foizi Gulen va uning tarafdorlariga qarshi choralarni ma'qullaydi. Muxolif Respublikachilar xalq partiyasi hatto Gulen tarafdorlarini bundan ham ertaroq yo'q qilish kerak edi, deb chiqdi.

Erdog'an tarafdorlari Gulen qo'g'irchog'i bilan. Istanbul, 18-iyul 2016-yil

Erdog'an tarafdorlari Gulen qo'g'irchog'i bilan. Istanbul, 18-iyul 2016-yil

Xalq fikri

Shunga qaramay, ayrim odamlar choralar ko'lami va jazoning qattiqligidan xavotirda.

"Bu ayblovlardan keyin qamashlar boshlansa, minglab odamlar g'azablanadi, qasos olmoqchi bo'ladi", - dedi RXP yetakchisi Kamol Qilichdoro'g'li.

Partiya 30 mingdan ziyod odam tazyiqlardan shikoyat qilganini aytadi. Natijada partiya maxsus telefon xizmati va elektron manzil ochib, shikoyatlarni tekshirishga kirishdi.

"Bu - ommaviy repressiya. Hukumat haddidan oshdi", - deydi Turkiyaning "Jumhuriyat" gazetasi siyosiy sharhlovchisi Qadri Gursel.

"Erdog'anning ko'nglini olish uchun odamlar gulenchilarga qarshi kurashni poygaga aylantirdi. Bu choralar qonunga xilof, qatag'ondir. Odamlarning aybi isbotlanmasidan qamoqda saqlanmoqda. Davlat idoralari qolmadi Turkiyada. Faqat qo'rquv hukmron", - deydi u.

Qo'rquv esa zo'ravonlikka aylanmoqda. Bir necha kun burun "Adolat va taraqqiyot" partiyasining vakili bir politsiyachi bilan fitna yuzasidan tortishuv paytida uni Gulen tarafdori bo'lganlikda ayblaganidan so'ng posbon uni otib qo'ydi.

Vazirlarning xavotir olishicha, ayrim odamlar bu vaziyatdan shaxsiy g'animlaridan o'ch olishda foydalanmoqda.

Prezident maslahatchisi Oysha So'zen Usluyer bunday xavotirlarni "bor gap" deb, yaqinda vaziyat tinchlanadi, dedi.

Bosh vazir Binali Yildirim apellyatsiya jarayoniga oid qoidalarni ma'lum qildi. Biroq bu jarayonning qanchalik odil bo'lishi hozircha noma'lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG