Breaking News

Avliyo Sofiya taqdiri yuzasidan siyosiy bahslar kuchaymoqda


Istanbuldagi Avliyo Sofiya ibodatxonasi
Istanbuldagi Avliyo Sofiya ibodatxonasi
Turkiya vazirlaridan birining Avliyo Sofiya muzeyini qayta masjidga aylantirish haqida aytgan gapi diniy va siyosiy bahslarga sabab bo’lmoqda. Bu ko’hna obida boshida cherkov sifatida qurilgan, so’ng Usmoniylar xalifaligi davrida undan masjid sifatida foydalanilgan edi.
Avliyo Sofiya ibodatxonasi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:38 0:00
Yuklab oling
Istanbuldagi Avliyo Sofiya ibodatxonasining maqomi har doim bahsli bo’lib kelgan. Ming yil davomida u nasoro olamining Vizantiya imperiyasi markazidagi eng muhim cherkovi bo’lgan. Konstantinopol Usmonli turklar qo’liga o’tgach, cherkov masjidga aylantirilgan. 1931-yil Turkiya dunyoviy davlatga aylangach, unga muzey maqomi berildi. Yaqinda bu yerga tashrif buyurgan Turkiya bosh vaziri o’rinbosari Bulent Arinch obidani yana qayta masjidga aylantirish haqida gapirdi.

“Masjidlar muzey vazifasini o’tagan paytlar bo’lardi. Ammo hozir Turkiya o’zgargan. Avliyo Sofiyaning ko’rinishi bugun xomush, ammo tez orada uning chehrasida yana tabassum ko’ramiz”, - dedi turk rasmiysi.

Istanbuldagi Dogush universiteti professori Istar Gozaydinning aytishicha, bu harakatning ortida saylovlar va siyosat turibdi.

“Islomparast hukumat uchun yodgorlikning masjidga aylanishi muhim. Nega ular buni hozir amalga oshirishmoqchi? Chunki mamlakatdagi siyosiy muhit shuni taqozo qilyapti. Mahalliy saylovlar yaqinlashar ekan, bu ular uchun katta ovoz yig’ish manbaiga aylanadi”, - deydi professor.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an allaqachon mamlakat bo’ylab saylov kampaniyasini boshlagan. U asosan dindorlar e’tiborini qozonishga urinib, diniy va milliy masalalarga e’tibor qaratmoqda. Tahlilchilar fikricha, Avliyo Sofiyaning masjidga aylantirilishi millatchi guruhlarga ham xush kelishi mumkin. Chunki ular bir paytlar qudratli bo’lgan Usmoniylar saltanatining ramzini qayta ko’rishni istashadi.

Har yili millionlab sayyohlar bilan birga, mahalliy turklar ham Avliyo Sofiyani ziyorat qilish uchun Istanbulga keladi.

Ulardan biri tarixiy obidaning masjidga aylantirilishi tarafdori ekanini yashirmaydi.

“Biz o’z madaniyatimizni boy berishni istamaymiz. Biz bu yerda juma namozlarini o’qishni istaymiz. Bosh vazir va uning muovini yordami bilan u yana masjid bo’ladi”, - deydi yosh turk yigiti.

Istanbulda grek pravoslav cherkovi idorasi ham joylashgan. Yaqinda Avliyo Sofiya kabi ikki tarixiy cherkovning masjidga aylantirilishi noroziliklarni keltirib chiqargan edi.
Ruhoniy Gennadiyning aytishicha, agar hukumat Avliyo Sofiyani masjidga aylantirsa, bu haddan oshish bo’ladi.

“Xalqaro hamjamiyat hamda butun dunyo bunga qanday munosabatda bo’ladi? Rahbarlar shu haqda jiddiy o’ylab ko’rishlari kerak. Bu tarixiy obidani ko’rish uchun har yili millionlab odam tashrif buyuradi. Ular bu binoni nasorolik dinining timsoli sifatida ko’radi”, - deydi u.

Gretsiya hukumati Avliyo Sofiyaning masjidga aylantirilishi mumkinligi haqidagi gap-so’zlarni tanqid qilib chiqdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Levant Gumrukchining aytishicha, Anqaraga diniy erkinlik bo’yicha va’z o’qishning hojati yo’q.

“Turkiya diniy joylarning muqaddasligini asrab-avaylash bo’yicha katta shon-shuhratga ega. Buni isbotlashimizning hojati yo’q”, - deydi u.

Kuzatuvchilar fikricha, ko’hna obida bilan bog’liq bahs-munozara hali-veri tinmaydi. Chunki pravoslav cherkovning Vashington va Bryusselda kuchli himoyachilari bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG