Turkiya "Islomiy davlat" bilan muzokara qilishi mumkin, ammo harbiy amaliyotdan voz kechmaydi

  • Amerika Ovozi

Injirlik bazasi, Turkiya

Injirlik bazasi, Turkiya

Chorshanba kuni Iroq poytaxti Bag'dodda turkiyalik 18 quruvchi o'g'irlab ketildi. Bu ish ortida kim turgani hozircha ma'lum emas. Bir tahlilchining aytishicha, "Islomiy davlat" jangari guruhi Turkiyaning unga qarshi hujumlari uchun shu tariqa o'ch olayotgan bo'lishi mumkin.

Karnegi jamg'armasining Yevropadagi bo'limi eksperti Mark Pyerinining aytishicha, Turkiya "Islomiy davlat" bilan muzokara orqali garovdagilarni ozod etishga muvaffaq bo'lgan yagona davlatdir. Biroq bu Turkiyaga qimmatga tushgan edi, deydi u.

O'tgan yili Iroqning Mosul shahrida 46 turk fuqarosi o'g'irlangan edi. Ularning ozodligi evaziga Anqara "Islomiy davlat"ning asirdagi 180 a'zosini qo'yib yuborishga majbur bo'lgan.

“Ya'ni garovdagi bir turk fuqarosi uchun bir necha jangari mahbus ayirboshlandi", - deydi Pyerini.

O'shanda AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya "Islomiy davlat"ni havodan nishonga olishni endi boshlagan edi. Turkiya kampaniyada hali ishtirok etmagan edi. Biroq o'tgan shanba Anqara koalitsiyaga rasman qo'shilganini va Suriyada jangarilarga havodan zarba berishni boshlaganini e'lon qildi.

“Islomiy davlat" sababsiz Turkiya uchun muammo tug'dirayotgani yo'q. Sabab bor - AQSh bilan kelishuv", - deydi tahlilchi.

Dag'dag'alarga qaramay, deydi Pyerini, noyabrga rejalangan muddatidan erta parlament saylovlaridan oldin Turkiya hukumati jangarilar bilan muzokara qilishga majbur.

Xavfsizlik bilan shug'ullanuvchi "MOSECON" kompaniyasidan tahlilchi Yan Sent-Pyerning aytishicha, fuqarolarining o'g'irlanishi Turkiyani "Islomiy davlat" va kurd jangarilariga qarshi amaliyotdan qaytarmaydi.

“Bu, albatta, Turkiyaga zarba, biroq buning oqibatida Turkiya armiyasi va xavfsizlik kuchlari taktika va strategiyasidan voz kechmaydi”, - deydi ekspert.

Tanqidchilar nazarida, Turkiya "Islomiy davlat"ga qarshi samimiy kurashayotgani yo'q va kurd jangarilarini kattaroq tahdid deb biladi. Bundan tashqari, kurdlarni o'ziga dushman deb biluvchi "Islomiy davlat" bir jihatdan Turkiyaga foyda keltirishi mumkin, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG