Breaking News

Turkiyada internetga oid qonun bahslarga sabab bo'lmoqda


Anqaradagi internet kafelardan biri, 6-fevral, 2014-yil
Anqaradagi internet kafelardan biri, 6-fevral, 2014-yil
Turkiya Parlamenti internetni cheklovchi bahsli qonunni qabul qilgach, muxolif partiyalar prezident Abdulloh Gulni unga veto qo’yishga chaqirdi. Xalqaro hamjamiyat ham yangi qonunning fuqarolar huquq va erkinliklarini cheklashidan xavotirda.
Internetga oid qonun, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00
Yuklab oling
Prezident Gulga qonunni to’xtatish yuzasidan katta bosim ko’rsatilmoqda. Yangi hujjat sud qarorisiz hukumatga saytlarni bloklash va ikki yilgacha internet foydalanuvchilari haqida ma’lumot to’plash huquqini beradi. Respublikachi Xalq partiyasi rahbari Kamol Qilichdoro’g’li prezidentni demokratiya tarafini olib, qonunni kuchdan qoldirishga chaqirdi.

Xalqaro maydonda ham bosim oshmoqda. “Human Rights Watch” tashkilotining Turkiya bo’yicha yetakchi tadqiqotchisi Emma Sinkler Vebb bu haqda shunday deydi:

“Biz prezidentni qonunga veto qo’yishga chaqiryapmiz. Hujjat ko’p o’rganilmasdan, ekspertlar xulosasi olinmasdan Parlamentdan juda tez o’tdi. Prezident endi so’z erkinligini himoya qilib, qonunni bekor qilishi va fuqarolarning internetdan erkin ma’lumot olish imkoniyatini saqlab qolishi kerak”, - deydi faol.

Yevropa ittifoqi hamda Yevropa kengashi ham qonunni bekor qilishga chaqirdi.

O’tgan haftada politsiya yangi qonunga qarshi namoyish o’tkazgan minglab muxolifat vakillarini rezina o’qlari va ko’zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida tarqatdi. Turkiyaning yirik biznes uyushmasi ham qonunga qarshiligini bildirdi.

O’tgan oy prezident Gul internet, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar erkinligining muhimligiga alohida urg’u bergan edi. Ammo u ham qonunni olg’a surgan hukumatdagi partiyaning yetakchilaridan biri hisoblanadi.

Diplomatik aloqalarni yorituvchi jurnalist Qodri Gursalning aytishicha, prezident nozik siyosiy muvozanatni saqlab qolishga urinmoqda.

“Gul islomlashgan siyosiy harakat ichida o’zini bosh vazir Erdog’an o’rniga munosib nomzod sifatida ko’rsatmoqda. Ammo u Erdog’an hukumatiga ochiqchasiga qarshi chiqmaydi. U hukumat taqdim etgan qonunlarni har doim imzolab kelgan. Hukumat kuchini cheklash yoki muvozanatga solish bo’yicha u biror muammo yaratmoqchi emas”, - deydi kuzatuvchi.

Istanbulda o’tkazilgan yig’inda bosh vazir Erdog’an yangi qonunni himoya qilib, uning tanqidchilarini qora niyatli guruhlarga aloqadorlikda aybladi.

Uning aytishicha, yangi qoidalar internet ustidan senzura o’rnatmaydi; aksincha, uni xavfsizroq va erkinroq qiladi. Qonunga qarshi chiqayotganlar “pornografiya lobbisi”ga qarashli odamlardir, dedi u.

Erdog’an, shuningdek, yirik tadbirkorlarning soliq qo’mitasi tomonidan qayta tekshirilishi haqida ogohlantirdi. Siyosiy tahlilchi Chingiz Aqtar bunday sharoitda prezident Gul jiddiy tanlov oldida qolganini aytadi.

“Erdog’anga qarshi chiqa oladimi yoki yo’qmi? Bu uning asl niyatlarini aniqlash imkonini beruvchi sinov bo’ladi”, - deydi u.

Agar prezident qonunga veto qo’ysa va u hukumat tomonidan o’zgartirilmagan holda yana unga qaytarilsa, ikkinchi safar davlat rahbari unga imzo qo’yishga majbur bo’ladi. Ammo vetoning qo’llanilishi bosh vazirning siyosiy obro’siga jiddiy zarar yetkazishi va muxolifat qarshiligini kuchaytirishi mumkin, deydi kuzatuvchilar. U, shuningdek, bu yilgi saylov natijalariga ham salbiy ta’sir ko’rsatishi ehtimoli bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG